LIBOS KITOBI
117-BOB
Oq kiyim kiyishning mahbubligi va qizil, ko‘k, sariq va qora rangli hamda paxta, kanop va jundan to‘qilgan kiyimlarni kiyish joizligi haqida
Alloh taolo:
«Ey Odam bolalari, Biz sizlarga avratlaringizni berkitadigan libosni ham, yasan-tusan (libosini) ham tushirdik. (Hammasidan) yaxshiroq taqvo libosidir» (A’rof surasi, 26-oyat).
«Sizlar uchun issiq (sovuq)dan asraydigan kiyimlar va sizlarni (dushmanning) ziyon yetkazishidan saqlaydigan sovutlar (yaratdi)» (Nahl surasi, 81-oyat), deb aytgan.
777/1. Ibn Abbosdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Oq liboslarni kiyinglar. Chunki u liboslarning yaxshisidir. Va u bilan o‘liklaringizni kafanlanglar», deb aytdilar. Abu Dovud va Termiziy rivoyatlari.
778/2. Samuradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Oq libos kiyinglar. Chunki u pok va yoqimlidir. Va u bilan o‘liklaringizni kafanlanglar», deb aytdilar. Imom Nasaiy va Hokim rivoyatlari.