USTOZINING KANIZAGIGA OSHIQ BO’LGAN SHOGIRD HIKOYATI
Bagoyat iste’dodli, zehni o‘tkir, dono bir yigit bor edi. Kecha-kunduz uzluksiz o‘qish, ilm olish bilan band edi. Yilida ikki kecha ta’til qilardi, xolos. Odamlar bilan ishi yo‘q edi, ishi nuqul ta’lim olish, ilm takrorlash edi. Ustozi undan xursand edi, shogirdining pok axloqi, berilib ilm olishini maqtab, ibrat qilib gapirardi. Uni boshqa shogirdlaridan afzal bilar, alohida o‘tqazib suhbat qilardi.
Ammo ustozning parda ortida oy desa oy, kun desa kunday go‘zal bir kanizagi bor edi. U shunday go‘zal ediki, ko‘zlari sho‘x-sho‘x boqar, qomati dilni oshufta qilar, so‘zlari jonga jon bag‘ishlardi. Boshdan-oyoq ruhdan iboratday, latofat ustiga latofat, malohat ustiga malohat yog‘ilganday ofati jon edi. Shirinlikda shakarga pand berar, itobu karashmasi har qanday qattiq ko‘ngilni yumshata olardi. Ikki o‘ram sochi yerga tegar, ataylab qilingan emas, balki aslida shunday uzun edi sochlari. Ikki la’li labidan so‘z emas, asal tomardi. To‘tilar uning nutqini eshitsalar hasaddan parlarini to‘kardilar. Ikki ko‘zi qalbga o‘q otganday jozibali edi, otilgan o‘qlar esa yuraklarni qon qilib chiqyb ketardi.
To‘satdan shogird yigitning qo‘zlari o‘shal sohibjamol kanizak yuziga tushdi. Bir damda uning husnu jamoliga maftun bo‘lib qoldi. Ko‘ngli ixtiyorini qo‘ldan berdi.
Shogird o‘ziga o‘zi dedi:
- Shu oy yuzli shogirdi bo‘lsam bas edi, unndan boshqa ustoz menga kerak emas. Uning yo‘lidan ko‘z uzmasman, mening ishqim — shogird, uning husni esa — ustozim.
Yigit o‘z ustozining darslarini tark etdi, sabru qarori-ni yo‘qotib, kanizakka bo‘lgan mehri qundan-kun orta berdi. Za’faron shoxasiday yuzi darddan sarg‘aydi, hoddan toyib yotib qoldi. Ishq kelib aqlni bosib oldi, oshiqni jonidan bezor qildi. Ko‘plar ilmu donishni to‘pladilar, ammo bir zarra ishq ularning barini barbod etdi. Zohir ilmi kibru g‘avgo keltirar, ishqibozlik o‘rtanish va devonalik keltiradi. Kimki ilmni ishqsiz topgan bo‘lsa, uning ilmi mol-dunyo va mansab muhabbatiga sarf bo‘ladi.