Huvaydo g'azaliga muxammas:
Ye kelar uxro g'amin, g'amnok bo'lmasdan burun,
Qabr qurtiyg'a chirik xo'rok bo'lmasdan burun,
O'zgaga va'z etma, nafsing pok bo'lmasdan burun,
Xoki poyi yaxshilar bo'l, xok bo'lmasdan burun,
Bu qaro yer qo'yni senga chok bo'lmasdan burun.
Qo'p, turib yig'la saharlar, yoqani xo'b chok qil,
Kibrdin o'zni yirog' et, nafsni chun xok qil,
Hech yema luqma haromekim, halol xo'rok qil,
Mo'mineni g'iybatidin munda og'zing pok qil,
Anda do'zaxni o'ti misvok bo'lmasdin burun.
Kaydni qilmay turub Iblis, sen oni kayd qil,
Zanjiri taqvo ila bog'lab, ayog'in qayd qil,
Payravi din bo'l mudom, aytqil degonin ayt, qil,
Ko'rsatib ganji qanoat, och ko'zingni sayd qil,
Ko'zlaringni kosasiga xok to'lmasdan burun.
Sendin ozor ko'rmasin hech jonzot yo bir kase,
Yaxshilik qilg'il barobar, yaxshidur yo nokase,
Chun masal bor: "Yaxshilik qil, suvg'a sol", buldur base,
Xoru xasni yostanib, qilma ta'madin bir xase,
Qabring uzra to'dayi xoshok unmasdin burun.
Yotma g'aflat uyqusida, oxirat yod aylag'il,
Ul zamon bodi ko'rinmay, yosh to'kib dod aylag'il,
Yaxshiliq birla ketar xonaningni obod aylag'il,
Qilma g'amgin mo'mineni, ko'nglini shod aylagil,
Tongla mahshar dashtida g'amnok bo'lmasdin burun.
Shokiro, yirtib yaqongni ko'zlaring namnok qil,
Qo'ndi boshingg'a qirov, shoshg'il, ishing cholok qil,
Oq bo'lsin bul yuzim oxir desang, dil oq qil,
Ey Huvaydo, kechalar yig'lab yaqongni chok qil,
Domani subhi qiyomat chok bo'lmasdin burun.