Jumaning xutbasida bir qancha sunnatlar bo‘lib, ularning ba’zisi xatibga va ba’zisi xutbaga tegishlidir. Xatib katta-yu kichik betahoratlikdan pok bo‘lishi kerak, mabodo, tahorati bo‘lmasa ham, xutbasi makruhlik bilan durust bo‘ladi. Imom xutbani boshlashdan oldin bir oz minbarda o‘tirishi ham sunnatdir. Lekin qavmga salom berishi makruh hisoblanadi. Xutbani tik turgan holda qilishlik ham sunnatdir. Agar o‘tirib xutba aytsa ham, biroz karohiyat bilan joiz bo‘laveradi. Imom xutbani qavmga yuzlangan holda qilishi ham sunnatdir. O’ng yoki chap tomonga burilib olmaydi. Xutbani ikkita qilishlik ular orasida uch oyat miqdoricha o‘tirishlik sunnatdir. Agar o‘rtadagi o‘tirishni tark qilsa, gunohkor bo‘ladi. Avvalgi xutbani boshlashda «A’uzu billahi minash shaytonir rojiym»ni o‘zi ichida aytadi, keyin jahriy qilib Allohga hamd va Uning o‘ziga loyiq bo‘lgan sanolarni aytadi, keyin ikki shahodat kalimalarini o‘qib, Payg‘ambarimizga (s.a.v.) salovotu salom yo‘llaydi. So‘ngra ma’siyatlardan saqlanish, Alloh taoloning g‘azabi va azobini vojib qilib qo‘yadigan amallar qilishdan ogohlantirib va’z va nasihat bilan odamlarga da’vat qiladi. Yana ularga dunyo va oxiratda najotga sabab bo‘ladigan amallarni eslatadi, avvalo o‘zini, qolaversa, barcha jamoatni taqvoga vasiyat qiladi. Keyin mavzuga tegishli bo‘lgan oyatdan bir oyat tilovat qiladi. Ikkinchi xutbani Alloh taologa hamdu sano aytish bilan boshlaydi, Payg‘ambarimizga (s.a.v.) salovotu salom yo‘llaydi, so‘ngra barcha mo‘min-mo‘minalar, muslim-muslimalarning haqlariga duo qiladi. Xutbani qisqaroq qilib, namozni uzaytirish ham sunnat amallardandir.