Umrimga qasamki, sen takabburlikda davomli bo‘lishingning asosiy sababi ko‘pchilikni chulg‘ab olgan bu ishning yuqori nuqtasini mulohaza qilishda qosirlik qilish va ish qat’iy, xatar jiddiy, oxirat yuzlanuvchi, dunyo orqada qoluvchi, ajal yaqin, safar uzoq, zod-rohila oz, xatar buyuk, yo‘l to‘siqli, amallarni kuzatib-ko‘rib turuvchi Zot huzurida xolis uning roziligi uchun qilinmagan ilm va amal rad qilinishi, oxirat yo‘lini tutish adashtiruvchi-halok qiluvchi narsalarga to‘la bo‘lishiga qaramasdan yo‘l ko‘rsatuvchi dalil yo‘qligini bilmaslikdan iborat kasallik asosiy sababdir. Yo‘l ko‘rsatuvchi dalillar - bular payg‘ambarlar vorisi bo‘lgan ulamolardir. Zamona ulardan (olimlardan) bo‘shab qoldi, faqat rasmiyatlilarigina qoldiki, ularning ham aksari ustidan shayton g‘olib bo‘lib, tug‘yon adashtirib qo‘ygan, ularning har biri (dunyo) nasibasini tez olishga harakat qiladigan bo‘lib qolgan. Buning natijasida ma’ruf narsa munkarga, munkar esa ma’rufga aylanib, din ilmi o‘chib, yer yuzida hidoyat yog‘dusi so‘ndi. Ular ommaga ilmni bebosh odamlar o‘rtasida sodir bo‘ladigan tortishuvni hal qilishda qozilar foydalanadigan hukumatning fatvosi deb, odamlarga tasavvur qildirishga intildilar. Yoinki ilmni faxru nasab tolibi g‘alaba uchun himoya vositasi qilib olgan mujodala ilmi deb, yoki avom xalq orasida darajaga erishish uchun voiz foydalanadigan chiroyli so‘zlar birikmasi deb odamlarda tasavvur paydo qildilar. Zero ular haromni ovlab, o‘zlashtirish va dunyo matosini qo‘lga kiritish uchun bu uch narsadan boshqa narsani bilmasdilar.
Ammo salafi solihinlar yurgan, Alloh taolo O‘zining kitobida, fiqh, hikmat, ilm, ziyo, nur, hidoyat va to‘g‘ri yo‘l deb nomlagan oxirat ilmi esa, xalq orasida yopiq-maxfiy qolib, umuman unutilib ketdi.