Aqlning haqiqati va qismlari bayonida
Bilgilki, odamlar aqlning haddi va haqiqatida farqlanadilar. Ko‘pchilik umuman bu nomning (ya’ni, aqlning) turli ma’nolarda ishlatilishidan bexabar. Shu narsa, ularning ixtiloflariga sabab bo‘lgandir.
Bu xususda haqiqat shuki, ko‘z bir necha ma’noga ishlatilgani kabi, aql ham to‘rt ma’noga mushtarak ishlatiladigan lafzdir. Bir ma’noni boshqasining doirasiga kiritish mumkin emas. Balki har biri alohida qism.
Demak, birinchisi, u insonni hayvonlardan ajratib turadigan sifatdir. U bilan inson nazariy ilmlarni qabul qilishga, yashirin, fikriy sanoatlarni tadbir etishga tayyor bo‘ladi. Horis ibn Asad Muhosibiy iroda etgan ma’no shudir. U zot aqlning chegarasi haqida deydilar: «U nazariy ilmlarni idrok etishga tayyorlaydigan g‘arizadir. Va u qalbga kirgan nurdirki, u bilan ashyolarni idrok etishga hozirlik ko‘riladi». Bu narsani inkor etgan va aqlni zaruriy ilmlarni bilish bilangina cheklagan kishi insof qilmabdi. Chunki ilmsizlarni yoki uxlab yotgan odamni, garchi ilmlari bo‘lmasa ham, ana shu g‘ariza e’tibori bilan oqil deyiladi».
Hayot jismni ixtiyoriy harakatlar va hissiy idroklar uchun tayyorlaydigan g‘ariza bo‘lgani kabi, aql ham ayrim maxluqotlarni nazariy ilmlarga tayyorlaydigan g‘arizadir. Agar inson bilan eshakni g‘ariza va hissiy idroklarida tenglash joiz bo‘lganida va, ularning o‘rtasida hech qanday farq yo‘q, illo Alloh taolo odat ijrosi hukmiga binoan insonda ilmlarni xalq qildi, eshak va boshqa hayvonlarda ularni yaratmadi, deyiladigan bo‘lsa, hayotiylik borasida eshak bilan jamodot-jonsiz narsalarni ham tenglasa bo‘lardi va, bularning o‘rtasida hech qanday farq yo‘q, illo Alloh azza va jalla odat ijrosi hukmiga binoan eshakda maxsus harakatlar yaratgan, deyilaveradi. Chunki eshak jonsiz narsa hisoblansa, undagi hamma harakatni Alloh subhonahu va taolo ma’lum tartibda yaratishga qodirdir, deb aytish vojib bo‘lar edi. Aytish kerakki, eshakning jamodotdan farqi hayot deb nomlanmish xos g‘ariza bilandir, shuning kabi inson ham nazariy ilmlarni idrok etishda hayvondan aql deya atalmish maxsus g‘ariza bilan farqlanadi.