Shayx Sa’diyning:
"œYesam arpa nonini mehnat bilan,
Shirindir birovlarning oq nonidan" —
baytlarini bu toifa bolalarga singdirish oson kechmaydi. Xayolan bir tajriba qilib ko‘raylik: o‘smirlarning ro‘parasiga ikkita non qo‘yaylik-da, bittasiga og‘irroq mehnat bilan yetishasiz, ikkinchisi uchun mehnat shart emas, deng-chi, qanchasi mehnat evaziga olinuvchi nonni tanlar ekan?
Mehnat tarbiyasini bolaning suyagi qotgach boshlash kerak, deguvchilar yanglishadilar. Bola emaklaganda yoki xontaxtani ushlab yura boshlaganida bilibmi-bilmaymi bu tarbiyani boshlab yuboramiz. "œPiyolani olib ber", "œQoshiqni uzatib yubor", deyishimiz mehnat tarbiyasining debochasidir. Shu o‘rinda go‘dakning harakatini kuzataylik: u hali "œmehnat — ichki ehtiyoj samarasi", degan tushunchadan yiroq. Lekin, siz aytgan piyolani uzatib yuborgach, uni maqtab, erkalab qo‘ysangiz, u shodlanadi va ikkinchi, uchinchi piyolani ham uzata boshlaydi. Demak, mehnat uchun rag‘batlantirish lozim ekan. O‘sha go‘dak siz aytishingiz bilan piyolani uzatmadi, shunda siz uni mehnatga o‘rgatish uchun zo‘rlay boshlaysiz. Piyolani majburlab ushlatasiz, uzatishga ham zo‘rlaysiz. Yo‘q, azizlar, buni mehnat tarbiyasi doirasiga kiritishimiz qiyin. Mehnatga zo‘rlash bolada mehnatga nisbatan nafrat uyg‘otishi mumkin.
Mehnat tarbiyasi shaharga nisbatan qishloqda osonroq hal etiladi, deb o‘ylaymiz. Aynan qishloqda mehnatga majburlash usuli kuchliroq. Bola istasa-istamasa otasi yoki onasi qanotida mehnat qilishga majbur bo‘ladi. Ayrim bolalarda mehnat majburiyati mavjud, mehnatga sevgi esa, zaif bo‘ladi. Shundaylar shahar sharoiti bilan tanishgach, qishloqqa qaytishni istamay qoladi. Rossiyadagi qishloqlarning bo‘shab qolishini aynan shu bilan izohlash mumkin. To‘g‘ri, bizda u darajada emas, ammo, shunday hollar mavjudligini inkor etmasligimiz ham kerak.