Tohir Malik. Jinoyatning uzun yo'li (qissa)  ( 90582 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 ... 19 B


Ansora  02 Mart 2010, 20:59:15

Biron bola ularning eshigini taqillatib: «Ali, yur, o‘ynaysanmi?» deb kelmabdi. Sayrgami, kinogami, futbolgami... taklif qilib, chaqirishmabdi. Oqibat bolaning yolg‘izlanib qolishidan cho‘chigan ota-ona maktabga borishib, muallimlar bilan maslahatlashishdi. Turli yo‘llarni mulohaza qilishdi. Nihoyat, maktabda radiohavaskorlar to‘garagini ochib, unga Alini rahbar etib tayinlaydigan bo‘lishdi. Bu taklif Aliga ham, boshqa bolalarga ham ma’qul keldi. Ali avval o‘rtoqlari bilan yaqin emasligidan qayg‘urmasdi. Ta’bir joiz bo‘lsa, uning o‘z osmoni mavjud edi va bu osmonida yolg‘iz suzib yurish unga rohat baxsh etardi. Radioto‘garak bahonasida u o‘zi yaratgan osmonidan «pastga tushdi», tengqurlari bilan yaqinlashdi. O‘zini qayta kashf etdi. Avvalgi yolg‘izlik asosiga qurilgan hayoti endi zerikarli tuyula boshladi. O‘smirda jonlanish sezildi.
Valining hayoti avvaliga Aliga o‘xshardi. U ham yaxshi o‘qirdi, vaqtini ko‘proq uyda o‘tkazardi. Otasi ishdan bo‘sh vaqtida rasm chizishni yaxshi ko‘rardi. U choyxonada yoki boshqa maishatlarda vaqt o‘tkazadiganlar toifasidan emasdi. Valining ko‘proq uyda bo‘lishidan quvonib, «o‘g‘lim o‘zimga o‘xshadi», derdi. U o‘g‘lining uyda bo‘lishidan quvonardi-yu, biroq, farzandining qiziqishlariga befarq qarardi. O‘g‘lining o‘rtoqlari yo‘qligini bu ota fahmlamadi. Maktabga bormadi. Maktab muallimlari odatda bevosh bolalarning ota-onalarini yo‘qlab turishadi. Yaxshi o‘qiydigan, to‘palon qilmaydiganlarning ota-onalarini chaqirishmaydi. Ular ham o‘zlaricha «bolamning maktabdagi ahvoli qanday ekan?» deb qiziqib kelishmaydi. Vali uyda ota-onasi bilan birga bo‘lsa-da, o‘zini yolg‘iz sezadi. Maktabda ham, ko‘chada ham bolalar bilan til topisha olmaydi. Oqibat u siqila boshlaydi. Bolalarning e’tiborini o‘ziga tortishni istaydi. Afsuski, boshqalarning e’tiborini tortishga arzigulik alohida qobiliyat unda yo‘q edi.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 20:59:27

Unga yo‘l ko‘rsatuvchi ham bo‘lmadi. U o‘zi yo‘l topishga urindi. O‘rtoqlari qatnaydigan to‘garaklarga uncha qiziqmasa ham boraverdi. Asta-sekin undagi befarqlik qiziqishga aylana bordi. Shunday bo‘ldi-ki, to‘garaklardagi mashg‘ulotlar uning uchun asosiy bo‘lib qoldi. Hatto o‘qishda pastlashish sezildi. Uyda kam o‘tiradigan bo‘ldi. Ana shunda uning ota-onasi maktabga chorlandi. Validagi o‘zgarishdan ota-ona ham, muallimlar ham hayron. Vali uyda qaysar, gap qaytaradi. Maktabda esa odobli. O‘qituvchining gaplarini diqqat bilan tinglagani holda, uyda dars tayyorlamay qo‘ygan. Bu qanday hol?
Valining ota-onasi Xudoga shukur qilsa ham bo‘ladi. Farzandlari uyda o‘ziga nisbatan e’tibor topa olmagach, ko‘chada «zo‘r»lar to‘dasini tanlashi ham mumkin edi. Endi uning maktabda boshqa, uyda boshqa odobga rioya qilishiga kelsak, har qanday bola kabi Vali uchun ham ko‘pchilik orasida, ayniqsa qizlar huzurida kattalardan tanbeh eshitish og‘ir. Kattalarning gapi jamoa fikriga aylanib qolish xavfi mavjud. Shu sababli bolalar, ayniqsa o‘smir yoshida jamoadagi kattalar bilan ziddiyatga bormaslikka harakat qiladilar. Uyda zimmalarida bunday mas’uliyat yo‘qligi uchun o‘zlarini erkin tutadilar.

Dilobarning hayoti Alinikiga ham, Valinikiga ham o‘xshamaydi. Qizcha bog‘cha yoshidanoq atrofidagilar bilan tezgina til topishish fazilatiga ega bo‘lgan. Maktabda esa sinfdagilarning jonu dili edi. Qizlar ham, o‘g‘il bolalar ham unga intilishgan. Dilobar «sen qora, sen puchuq», deb bolalarni xillarga ajratmagan, barcha bilan teng do‘stlashgan.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 21:01:30

Sinfdoshlari o‘zlariga xos bo‘lgan sirlarini unga aytib, maslahatlar so‘rashgan. Dilobarning uyi hamisha o‘rtoqlari bilan gavjum bo‘lgan. Chunki uning onasi bolalarga mehrini ayamagan. Shunga qaramay, o‘smirlik olamiga o‘tayotgan qizning muomalasida, do‘stlarga nisbatan munosabatida o‘zgarish sezilgan. Endi atrofidagi bolalarni u faqat sinfdosh sifatida qabul qilmaydi, qiz uchun ularning fazilatu illatlari muhim bo‘lib qoladi. Dilobar dugonalarini zimdan kuzatadi. Ularning avval sezilmagan illatlarini endi biladi. «Gulchehra yaxshi qiz, lekin jahli burnining uchida turadi, arzimagan narsaga darrov ranjiydi. Arazchi bilan hech kimning do‘stlashgisi kelmaydi. Mohira yaxshi qiz. Lekin... men undan hech qanday sirimni yashirmayman. U negadir men bilan ochiq gaplashgisi kelmaydi...» Qizning sezgir nigohi adolatsizlikni, g‘ururning poymol bo‘lishini chetlab o‘tolmaydi. «Murod o‘zidan zo‘rroq bolalarning malayiga aylanib qolibdi. Nahotki o‘g‘il bola bo‘la turib shunaqa past ketsa?!» Dilobarning o‘g‘il bolalar bilan bo‘lgan munosabati bir oz og‘irlashdi. Yo‘q, u o‘zini chetga tortmadi. Faqat uning muomalasida bo‘yi yetgan qizga xos ibo va g‘urur mavjud edi. Sinfdosh o‘g‘il bolalar qizlardagi bunday o‘zgarishni darrov fahmlamaydilar. Chunki ular bu olamga qizlardan sal kechroq kirib keladilar. Mana shu tafovut ular orasidagi o‘zaro munosabatga salbiy ta’sirini o‘tkazadi.
Dilobar atrofidagilarga o‘zgacha talab bilan qaray boshladi. Ayniqsa tengqurlarining fe’l-atvorlarini, aql-farosat darajalarini nazardan qochirmaydigan bo‘ldi. Tengqurlarining yaxshi-yomon odatlarini o‘zicha tahlil qildi. Atrofidagilar orasidan fikrdosh, sirdosh izlay boshladi.
Dilobarning bu o‘zgarishi oilada ham sezildi va u o‘zini kattalar safida ko‘rdi. Onasi qizining kattalar sari intilishini fahmlab, unga peshvoz chiqdi, «sen hali yoshsan», demadi, farzandining ishonchini qozondi, uning sirdoshiga aylandi. Dilobarning mustaqil fikrlashga intilishi, biron masalani mustaqil hal etishga urinishiga monelik qilmadi.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 21:01:57

Toshtemir birinchi sinfdanoq yaxshi o‘qidi. Odobli bo‘ldi. Kattalar chizgan chiziqdan chiqmadi. Har bir majlisda maqtaladi, boshqalarga o‘rnak qilib ko‘rsatiladi. Bolalar bilan birga bo‘lgan Toshtemirning chin o‘rtog‘i yo‘q edi. Hadeb boshqalarga o‘rnak sifatida ko‘rsatilishi bolalar bilan uning o‘rtasiga g‘ov bo‘lib tushgandi. Bu g‘ovni bilibmi bilmaymi kattalar tiklashgan edi. Boshlang‘ich sinflarda Toshtemir bunga unchalik e’tibor bermasdi. Bolalik olamidan xayrlashgan kezlari bu g‘ovning azoblarini his qila boshladi. U tengqurlari orasida yolg‘iz yashay olmasligini angladi. Ana shunda «Nega men boshqachaman, nega boshqalar kabi emasman, nega men boshqalarga o‘rnak bo‘lishim shart, nega men boshqalardan o‘rnak olmasligim kerak?» degan muammoga o‘zicha javob izladi. Topdi ham: «Boshqalar qanday bo‘lishsa men ham shundayman!» U endi shunday yashashga intildi: darsda gaplashib o‘tiradi, ba’zi darslarga umuman kirmaydi. A’lochi bolaning davomati sezilarli ravishda pasaydi. Hatto so‘kishni odat qildi. Sinfdosh qizlarning tanbehiga esa «Nima, mening boshqalardan kam yerim bormi?»- deb javob qaytardi. U oyoq-qo‘llarini bog‘lab turgan «boshqalarga o‘rnak bo‘lish» zanjiridan shu tahlitda qutilib, o‘zini erkin sezdi. Yanada to‘g‘riroq ifoda etsak, bevoshlik shamolida boshi aylandi. Dastlabki kunlarda intizomning buzishlaridan, kattalarning noroziliklaridan o‘zi ham lazzatlandi. Buni u ulg‘ayish, kattalar safidan o‘rin olish deb bildi: «Nima, men yosh bolamanmi, kim nima desa «xo‘p», deyaveramanmi?». Ammo bevoshlik shamoli uning boshini ko‘p aylantirmadi. Vaqt o‘tib, endi u o‘zining hatti-harakatiga razm solish barobarinda o‘rtoqlariga nima yoqishi-yu, nima yoqmasligini, kattalar olami bilan tengdoshlari olami orasidagi farqni fahm eta bordi. Garchi kattalar olami o‘ziga maxliyo etsa-da, unda hukm suruvchi qoida: «Sen kichkina - men katta», bezdirib, o‘rtoqlari davrasiga oshiqardi. Bu olamdagi «Teng - tengi bilan» qoidasi uni ko‘proq qoniqtirardi. Har bir o‘smir o‘zi uchun suv bilan havodek zarur bo‘lgan tenglik, bir-birlariga sadoqat, birdamlik, hamjihatlik ruhini kattalar orasidan emas, o‘z olamidan topadi. To‘g‘ri, biz - kattalar ham bu fazilatlarni qadrlaymiz. Faqat bunday lutfimizni o‘zimizning do‘stlarga yoki kattalarimizga ko‘rsatamiz. Kichiklardan - farzandlarimizdan esa darig‘ tutamiz.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 21:02:16

Yana Toshtemirga qaytsak, u o‘zida yo‘q, sinfdoshlarida mavjud chaqqonlikni, kuchni, sabotni ham qadrlaydigan bo‘ldi. Bu o‘smir uchun o‘ziga hos kashfiyot edi va u mazkur kashfiyotidan rohatlandi.
Toshtemirning a’lochi va o‘rnak bo‘luvchi boladan hamma qatori turli qusurlarga ega o‘smirga aylanishi ota-onani befarq qoldirmaydi. Uni yana avvalgi maqomga qaytarishga urinishlar bo‘ladi. Bunday urinishlar ko‘p hollarda besamar yakunlanadi. Chunki farzandini yana ibratli bola maqomida ko‘rishni istagan ota-ona (yoki muallim) bolalik olami bilan o‘smirlik olamidagi talab-qoidalar o‘zga-o‘zga ekanini hisobga olishmaydi. Bolaning maqomi intizomi, hulqi, yaxshi o‘qishi muallim tomonidan baholash bilan belgilanadi. Muallim: «Bolalar, sinfdoshingiz Toshtemirdan o‘rnak oling», dedimi, demak u yaxshi ekan. Bolalar muallimning bahosini haqiqat o‘rnida qabul qiladilar. O‘smirlik olamida esa muallimning bahosi avavalgi qudratini yo‘qotadi. Toshtemirdan o‘rnak olish mumkinmi yo yo‘qmi, buni bolalarning o‘zlari hal qiladilar. Tengdoshlari orasida obro‘ni saqlash uchun faqat a’lochi va intizomli bo‘lishning o‘zi kifoya qilmaydi. O‘qituvchiga chaqimchilik qiladigan, o‘rtoqlari darsdan qochganda, ularga qo‘shilmay sinfda qoladigan boladan tengqurlar nafratlanishadi. Agar muallim yoki maktab direktori darsdan qochganlarni urishib, qochmaganni maqtab, boshqalarga o‘rnak qilib ko‘rsatsa ularning nafratlari yanada oshadi. Chunki ular buni ibrat o‘rnida qabul qilishmaydi, balki do‘stga xoinlik deb hisoblashadi. Boshlang‘ich sinflarda a’lochiligi uchun sinfning erkasiga aylangan bola endi o‘rtoqlarining uy vazifalarini beminnat bajarib beradigan dastyorga aylanishi ham mumkin. Agar dastyorlik qilmasa, maqtanchoq, do‘stga bevafo sanalib, tengqurlari davrasiga qo‘shila olmaydi. Uning gapi mutlaqo e’tiborga olinmaydi.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 21:02:28

O‘smirlik olami o‘z hukmini o‘tkaza boshlagach, sinfda o‘ziga xos guruhlar paydo bo‘ladi. Bir necha bola «zo‘r»likka da’vo qila boshlaydi. Bu «zo‘r»lar turli avlodda turli nomlar bilan ataladi. Hozir sinfdagi bolalarning mavqei «birinchi paxan, ikkinchi paxan» degan nomlar bilan belgilanarkan. «Birinchi paxan» bo‘lish uchun yaxshi o‘qish, intizomli bo‘lish mutlaq shart emas. Eng muhimi - kuchli va kattalarga bo‘ysunmaslikda ibrat bo‘lish kerak. Mazkur mavqe belgilanishida otaning boyligi ham inobatga olinadi. Agar otasi boy bo‘lsa-yu, o‘zi kuchda, irodada, mardlikda oqsasa u «birinchi paxan»likka da’vo qilolmaydi. O‘zining atrofida kichikroq guruh tashkil qilib, «birinchi» bilan murosada yashaydi. Agar birinchi kambag‘alroq oilaning farzandi bo‘lsa, moddiy rag‘bat hisobiga unga xizmat qiladi. Har bir sinfning o‘z «paxan»i bo‘lgani kabi maktab bo‘yicha ham «paxan»lar mavjud. Birinchi, ikkinchi, uchinchi...lar mutlaq hokim bo‘lish uchun turli yo‘llar bilan kurash olib boradilar. Ba’zan bu kurashga maktab uchun begona bo‘lgan ko‘cha bolalari ham jalb qilinadilar. «Birinchi paxan»ning mavqeini ko‘cha tomondan bo‘lajak quvvatlash ham belgilab turadi.
O‘smir yoshiga yetgan bolalar kattalar orasidagi o‘zlariga yoqqan odamlarday bo‘lishga intilishlarini bilamiz. Qizlar go‘zal artistlarga taqlid qilishadi, ularday kiyinishni, o‘zlariga oro berishni istashadi. O‘g‘il bolalar kuchli shaxslarga ixlos qo‘yadilar. Ularning taqlidlari bu bilan kifoyalanmaydi. Ular o‘zlarining tengdoshlari orasidagi ayrim bolalarga ham ixlos bilan qaraydilar. Ularning odat va odoblarini o‘zlariga singdirishga urinadilar. Ayniqsa «paxan»lar atrofida birlashadigan bolalarda bu kuchli seziladi. «Paxan» ularga «harif» deb murojaat etsa, demak, ularning tilidan ham bu so‘z tushmaydi. Bu bilan «paxan»ga yaqinliklarini namoyish etmoqchi bo‘lishadi.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 21:03:00

Avvallari bunday «paxan»larga qarshi «kollektivizm» - ya’ni, jamoa ta’siri mavjud edi. Pioner va komsomol tashkiloti, Kommunistik mafkura bilan «qurollangan» pioner va komsomol tashkiloti bularga qarshi turardi. Ular o‘zlarini erkin his qila olmas edilar. Hozir ularga qarshi faqat sinf rahbarigina bor. Hali shakllanishga ulgurmagan bolalar tashkilotining mavqei esa sezilarli darajada emas.
Hikoya qilayotganimiz Toshtemirga qaytsak, sinfdoshi Zafarning mardligi, rostgo‘yligi, eng muhimi maqtanchoq emasligi uni o‘ziga tortdi. Zafar o‘qishga befarq edi. Toshtemir buni bilardi. «Zafar agar istasa yaxshi o‘qishi mumkin», deb hisoblardi. Bu fikrini ota-onasiga tushuntira olgani uchun ham Zafar bilan do‘stlashishiga monelik bo‘lmadi.
O‘ziga do‘st tanlash, kimgadir yaqinlashish, kimdandir uzoqlashishni o‘smir uchun «qil ko‘prik» deb atasak ham bo‘lar. Bu qil ko‘prikda sal toydimi, tamom «jinoyat olami» deb ataluvchi jarga qulashi hech gap emas.
Keling, yaxshilik bilan tugagan hikoyalarimizni boshqacharoq tasavvur etaylik:
Alining ota-onasi uning yolg‘iz ekani, do‘sti yo‘q ekanini sezishmadi. Maktabga ham borishmadi. Radioto‘garak ham ochilmadi. Alining texnika sohasida iqtidori borligini sezgan ko‘cha «zo‘r»laridan biri avval undan televizorini tuzatib berishni iltimos qiladi. Keyin yana shunga o‘xshash iltimoslar bilan murojaat etib, uni o‘ziga yaqin ola boshlaydi.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 21:03:16

Ali o‘zicha yaxshi do‘st topganday quvonadi. «Zo‘r» uchun Ali do‘st sifatida emas, jinoyatga oid ishlarini amalga oshirishda mutaxassis sifatida kerak edi. Katta o‘g‘irlikni mo‘ljallagan odam ilgari zamonlardagiday tom oshib, devor teshib yurmaydi. Kinolarni ko‘raverib, ko‘zlari pishib ketgan. Endi unga elektronikani puxta biladigan zo‘r mutaxassislar lozim. Ali asta-asta uning to‘riga o‘rala boradi-yu, keyin chiqib keta olmaydi. Chiqay desa, kaltaklanishdan cho‘chiydi, o‘ldirib ketishlaridan qo‘rqadi. U ilojsiz, suyanadigan do‘stlari yo‘q, ota-onasining himoya qila olishiga esa ishonmaydi. Tasavvurimizdagi holatda uning qilko‘prikdan o‘tayotganini tarbiyachi sezmay qoldi. Ali jarga quladi.
Valining taqdiri ham shunday bo‘ldi. U ko‘cha «zo‘r»lariga aralashib yuruvchi o‘rtog‘i bilan karatega bordi. Mushtlashish san’atini o‘rgandi. O‘zini himoya qilish uchun emas, hujum qilish uchun, o‘zgalarga zulm qilish uchun o‘rgandi. Tarbiyachi «o‘g‘lim chiniqyapti», deb hotirjam yurdi. Chiniqish boshqa tomondan bo‘ldi va yakuni... o‘zingiz tasavvur eta olarsiz.
Dilobar dugonalarining hulq-atvorini tahlil qilganida Xonzodaga mahliyo bo‘ldi. Doim chiroyli kiyinib yuradi, yuqori sinfdagi o‘g‘il bolalar ham uning atrofida parvona. U esa bu bolalarni mensimaydi. Xonzoda esa Dilobarning o‘ziga mahliyo ekanini sezib, yaqinlashadi. Dilobar - chiroyli qiz. Otasining topish-tutishi ham yaxshi. Xonzoda dugonasini ko‘cha tomon boshlaydi Avval diskoteka... undagi xursandchiliklar. Kelishgan, puldor yigitlarning xushomadlari... Eng muhimi - unga yosh qizcha, deb emas yetilgan qiz ekanini tan olib muomala qilishlari... Bu qiz ham qil ko‘prikdan o‘ta olmadi...
Toshtemirning ham qismati shunday bo‘lishi mumkin edi. Agar Zafar ko‘cha tomon og‘sa, Toshtemir ham ikkilanmay unga ergashardi. Avvalgi «a’lochi, odobli» degan martabalari uni bu yo‘ldan qaytara olmasdi. Demoqchimizki, o‘smirlikkacha bo‘lgan odob-axloq keyingi to‘g‘ri hayotni kafolatlay olmaydi. O‘smir uchun hammasi yangidan boshlanishi kerak.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 21:03:32

Do‘stlik haqida har birimiz o‘nlab maqol yoki hikmatlarni bilamiz va bularning barchasi kattalar uchun mavjud, deb bilamiz. «Zo‘r gap ekan!» deb tan beramiz, lekin hayotga tadbiq etishni o‘ylamaymiz. Bu hikmat va maqollar farzandlarimiz hayoti, taqdiriga ham oid degan tushunchadan uzoqroqmiz. Bizning bu da’voimiz siz, muhtaram tarbiyachiga (ota-ona, muallimga) ehtimol malol kelayotgandir. U holda o‘ylab ko‘ring, farzandu arjumandingiz bilan do‘stlik mavzuida qachon suhbatlashgan edingiz? Suhbatingiz chog‘ida qaysi maqol yoki hikmatni misol sifatida aytib, sharhlab, tushuntirib berdingiz?
Qadim faylasuflaridan Sitseron shunday degan ekan: «Biz bilan birgalashib hech kim quvonmasa, baxtimiz ham jozibasini yo‘qotadi.Biz uchun bizdan ortiqroq qayg‘uruvchi do‘stimiz bo‘lmaganida, kulfatlarga chidashimiz ham qanchalar og‘ir bo‘lardi!» Balki bu hikmatning bolalarga aloqasi yo‘q, ularda kulfat nima qiladi, dersiz? U holda olamga bola ko‘zi bilan qaraylik-chi? Bizga oddiy quvonch bo‘lib ko‘ringan narsa ularga eng oliy baxt bo‘lib tuyulmaydimi? Biz biron narsadan shunchaki ranjib, bir-ikki kundan so‘ng bu noxushlikni unutib yuborarmiz. Bola uchun esa o‘sha narsa shunchaki xafagarchilik emas, ulug‘ bir kulfat bo‘lib tuyuladi. Olam ko‘ziga qorong‘u bo‘lib ko‘rinadi. (Buning oqibati nima bilan tugaganini avvalroq bayon qilib edik.) Shunday ekan, bolaning o‘rtog‘i tufayli baxtli bo‘lishi yoki kulfatga duch kelishini arzimas narsa sifatida qabul qilsak, xatoga yo‘l qo‘ygan bo‘lamiz.
Azizlar, bizdan ranjimang va to‘g‘ri tushuning: niyat siz tomonga hadeb ta’na toshlarini otaverish emas. Maqsad: farzandlar taqdiri xususida siz bilan birga baqamti bo‘lib fikr yuritmoqlik xalos. Siz deysizki, «bolam hamma narsadan azizroq, men uni hamma narsadan ham yaxshi ko‘raman». Durust, biz bu fazilatingizni inkor etmaymiz. Ammo xalqda derlarkim: «Bola - aziz, odobi undan aziz.» Yana haqiqat shuki, har bir ota-ona bolasini sevadi. Bola ham o‘z ota-onasini sevadi. Lekin bu «olam - guliston» degan gap emas. Qo‘polroq o‘xshatish uchun aybsitmang: barcha jonivorlar ham bolalarini sevadilar, ularni jonlaridan kechsalar-da, himoya qiladilar. Ularning bolalariga chang soladigan xavf nogahoniy, ongsiz bo‘ladi.

Qayd etilgan


Ansora  02 Mart 2010, 21:03:49

O‘zlaridan kuchliroq hayvon yoki tabiiy ofat oldida ular ojizlar. Qo‘zichoq ongsiz bo‘lsa-da, yo‘ldan adashib, bo‘ri bilan do‘stlashmaydi. Quyon bilan sherning do‘stligini birov ko‘rmagan. Do‘stlashgan taqdirda ham bu o‘rtoqchilikning mukofoti o‘lim ekani sir emas. Siz bilan bizning farzandimizga bo‘lgan muhabbatimiz qondoshlik bilangina emas, balki qalb va ong orqali ham bog‘lanmoqligi shart. Biz farzandimizni qo‘zichoq kabi himoyasiz bilib, bo‘rilar to‘dasining hamlasidan asrashga urinamiz. Turli choralarni ko‘ramiz, ammo barcha sa’y-harakatimiz zoe ketaveradi. Jonivor qo‘zichoqdan farqli o‘laroq, ongli, odam-qo‘zichog‘imiz ro‘parasidagi bo‘ri ekanini ko‘rib, bila turib unga muhabbat qo‘yadi. Bo‘riga duch kelgan jonivor-qo‘zichoqning taqdiri bir - o‘lim bo‘lsa, odam-qo‘zichoqning ikki yo‘li bor: biri - qamoq jazosi, ikkinchisi - o‘lim. Birinchi yo‘l ham oxir-oqibat ko‘p hollarda ikkinchi yo‘lga tutashadi.
Qadim-qadimdan donishmandlar farzandlardagi chin do‘stlik ruhini tarbiya etishga jiddiy e’tibor berganlar.
Iskandar Zulqarnaynning tarixchilari yurtimizga doir bir rivoyatni bayon etib ketgan ekanlar. Unda zikr qilinishicha, ikki yigit bir-birlariga sodiq do‘st bo‘lish xususinda qasamyod qilishgan ekan. Ittifoqo, yurtni yov bosibdi-yu, kuchlar teng kelmay, aholi daryo kechib, chekinibdi. Do‘stlarning biri odamlar bilan suv kechibdi, ikkinchisi ulgurolmay, yov changaliga tushibdi. Dushman unga azob beribdi. Yigit qiynoqlarga chidolmay faryod uribdi. Uning zorli nolalari daryoning u betiga ham yetib, do‘stining ruhi azoblanibdi. Do‘st yov changalidagi birodarini tashlab ketolmay orqaga qaytishga ahd qilibdi. «Borma, nobud bo‘lasan», deguvchilarning so‘zlarini e’tiborga olmabdi.

Qayd etilgan