Ikkinchi vazifa: Shariat sohibi bo‘lgan zotga (sollallohu alayhi vasallam) ergashishdir. Muallim ilm o‘rgatish uchun haq talab etmaydi, biror mukofot olishni yoki tashakkur eshitishni ham maqsad qilmaydi. Balki Alloh taoloning roziligini istab va Unga yaqin bo‘lishni xohlab ta’lim beradi. Garchi shogirdlar minnatdorlik bildirishlari lozim bo‘lsa-da, uni o‘ziga ep ko‘rmaydi. Balki ularni fazilatli biladi. Zero, ular ilm olish bilan Alloh taologa yaqin bo‘lish uchun qalblarini poklaganlar. Bu hol o‘zing uchun ekin ek, deb bir kishi yerini senga topshirganida, ziroat bilan topadigan manfaating yer egasining manfaatidan ko‘proq bo‘lgandagiga o‘xshaydi. Alloh taoloning huzurida sening savobing mutaallim ¬ o‘quvchining savobidan ko‘proq bo‘lgani holda, qanday qilib ularga minnat qilasan? Agar ta’lim oluvchi bo‘lmasa, sen savobga erisha olmas eding. Shuning uchun ajrni faqat Alloh taolodan ista. Chunonchi, Alloh azza va jalla marhamat qiladiki:
«Ey qavmim! Sizlardan u (xizmat) uchun mol-dunyo so‘ramayman. Mening mukofotim faqat Allohning zimmasidadir» (Hud surasi, 29-oyat).
Darhaqiqat, mol-mulk va dunyodagi narsalar vujud xizmatkoridir. Vujud esa, nafsning ulovi-markabi. Maxdum (xizmat qilinuvchi) ilmdir. Zero, nafsning sharafi ilm bilan. Ilm bilan mol-dunyoni talab qilgan odam esa, kovushning tagini yuzi bilan artgan kishiga o‘xshaydi, u xodimni maxdum, maxdumni esa, xodim qilib qo‘ygandir. Bu holat oyog‘i qolib, boshi bilan yurishga teng. U qiyomat kunida Allohning huzurida boshlarini egib turuvchi gunohkorlar bilan birga bo‘ladi.
Aslida, fazl va minnat muallim uchundir.
E’tibor qilgilki, din ishi o‘zlari egallagan fiqh, kalom va boshqa ilmlarni o‘qitish bilan Allohga yaqinlashishni da’vo qiluvchi qavmlar qo‘lida qolib ketdi. Bu kimsalar mol va maqomning orqasidan yuguradilar va buni qo‘lga kiritish uchun podshohlarning huzurida har turli zillatga (pastkashlik) rozi bo‘ladilar. Chunki ular xushomadlarini tark qilsalar, (boshqa fazilatlari yo‘qligi sababli) o‘zlari ham tark etiladilar. (Bunday) muallimlar shogirdning mashaqqat paytlarida (xizmatida) qoyim bo‘lishini, do‘stlariga yordam berib, dushmaniga adovat qilishini, hojatlarida undan oshkora foydalanib qolishini va ishlariga tobe’ bo‘lishini istaydi. Mabodo, talaba bu xizmatda biror xatoga yo‘l qo‘ysa, unga g‘azab qiladi va eng yomon dushmaniga aylanib qoladi. Zillatga rozi va bu holidan xursand bo‘lgan, so‘ngra, «dars berishdan maqsadim Allohga yaqin bo‘lish va dinga yordam berish», deyishdan ham uyalmaydigan olim eng yomon olimdir. Uning alomatlariga qara, aldanishning ko‘p turlarini ko‘rasan.