DO’STLIKLAR, DO’STLIKLAR...
Odam topmoqqa juda e’tibor qiling!.. Do‘stliklar!.. Do‘stliklar, do‘stliklar... Ko‘ngilni olmoq, qalbni topmoq, birodar tutinmoq, har kuni birodarlarini orttirib bormoq... Fihrist daftariga yangi ismlarni qo‘shmoq... Alloh rizosi uchun bo‘lishi sharti bilan ziyoratlar va yana ziyoratlar qilmoq... Endi menga og‘alarim aytishadiki: «Istanbuldan chiqma, boshqa tashqi, chekka viloyatlarga ketma!.. Qara, Istanbul falon million, ustozim, qancha Onado‘li shahridan afzal! Ellik minglik bir shaharga borasan, uch kuning yo‘lda ketadi. Bu yerda seni izlaganlar topa olmaydi...» Yaxshi, ammo men borgan joyimda birodaralarim anjumani bo‘ladi, dars bo‘ladi!.. Bir kishi bo‘lsa ham, borgayman!.. Hatto bir kishi bo‘lsa ham, Fizonga qadar borgayman!.. Bir zal to‘lgulik odam to‘planadi.
Antaliyalik birodarlarim eslaydilar: «Meni faqat markazlarda gapirtirasiz, bir oz uzoq viloyatlarga ham eltsalaringiz-chi!» dedim. «Ketdik!» deyishdi. «Lekin, afsuski, shundoq, undoq, bundoq... Qaerga boramiz?..» «Olmaliga boramiz!» dedik. «Olmalida hech tanishlarimiz yo‘q-da», deyishdi. Men aytdimki, «Mening bir tanishim bor». «Kim?» deyishdi. «Olmalik Sinoni Ummiy hazratlari!» dedim. «Tasavvuf adabiyotidan bilaman, shundoq bir muborak zoti muhtaram bor, uni taniyman men. O’shanga boramiz», dedim.
Turdik, Antaliyadan u yoqqa ketdik. Peshin namozida u yerda bir kishi bilan qo‘rishdik: «Ooo, marhabo!» Birodarlar salomlashdilar... Undan bir imom-xatib birodarimiz bilan qo‘rishdik... Bittasi yonimizga yondoshib: «Bir qahvamizni, choyimizni ichmaysizmi?» dedi. «Ichamiz!» dedik. Jon deymiz!.. Bordik, choyini ichdik. «Xojam, bu kecha biznikida qolmaysizmi?» dedi. Valloh, xuddi shundoq gaplashdik. Biror tanish kishi topa olsak, qolamiz, topa olmasak, mashinamiz tagimizda — qaytib kelaveramiz, Antaliya bu yerdan ko‘p uzoq emas, deb o‘yladik. «Mamnuniyat bilan qolamiz!» dedik. Va qoldik. Uylarining zali katta ekan, yonida yana bir zal bor edi. Ikkovini ochishdi, odamga liq to‘ldi.
Men shunday bir so‘radim: «Sening kasbing nima?.. Sen nima ish qilasan?..» «Qur’on kursi domlasiman, muhandisman, davlat ishlarida ishlagan falonchi, nafaqador falonchi...» bir jamoa birodarlarimizning hammasi zikr darsini oldi, oltmish-sakson kishi hammasi zikr vazifasini olishdi. Endi Olmaliga borib bo‘lmaydi?.. Ya’ni, o‘n ming aholisi bor, deb sakkiz ming, besh ming aholisi bor deb, u yoqlarga borilmaydimi?.. Birodar topgan bo‘ladi inson... Birodar topgan bo‘ladi, qarindosh topgan bo‘ladi, do‘st topgan bo‘ladi...
Mahmud As'ad Jo'shon