Ilmi va amali ozroq bo‘lgan va malakut asroridan xabari bo‘lmagan mo‘minlarning darajasi bundan past bo‘ladi. Uning yoniga Ro‘mondan keyin g‘oyat chiroyli, xushbo‘y hidlar taratib, go‘zal kiyingan amali keladi. "Meni taniysanmi?" deb so‘raydi.
U esa: "Sen kimsanki, Alloh taolo seni mening oldimga shu g‘arib holimda yubordi?" deydi. Shunda amali: "Men sening solih amallaringman. Qo‘rqma, mahzun bo‘lma! Birozdan keyin Munkar va Nakir farishtalari kelishadi va seni savolga tutadilar. Ulardan aslo qo‘rqma!" deydi.
Keyin amali unga farishtalarga nima deb javob berish kerakligini o‘rgatadi. Munkar va Nakir keladi. Uni o‘tirg‘izib savolga tutishadi: "Man Rabbuka – Rabbing kim?" U oldin aytganimizdek: "Rabbim Alloh, payg‘ambarim Hazrati Muhammad (s.a.v.), imomim Qur’oni karim, qiblam Ka’bai sharif, bobom Ibrohim (a.s.). Uning millati mening millatimdir", deb javob beradi. Uning tili hech ham tutilmaydi.
Farishtalar: "Juda to‘g‘ri aytding", deb oldingi farishtalar kabi muomala qilishadi. Ammo uning chap tomonidan jahannamdan bir eshik ochishadi. Jahannamning ilonu chayonlari, kishanlari, zahar-zaqqumlari, qaynoq (issiq) suvlari va shunga o‘xshash azoblari unga ko‘rsatiladi. U bundan qattiq ta’sirlanib, dodu faryod qiladi.