Salim o‘ylab turib:
— Ko‘tarildi, — deyishga majbur bo‘ldi.
— Chindan ham, so‘nggi yigirma yillik ko‘tarilish Hindiston tarixida ming yilda bir uchraydigan ulkan hodisa bo‘di, — dedi Salima begim. U tarix kitobla¬rini ko‘p o‘qigan, elchilik ham qilgan. Qalami o‘tkir shoira bo‘lganligi uchun Abulfazl vafot etganidan beri yozuv-chizuv ishlarida, chet ellardan olinadigan ba’zi nozik maktublarga javob yozishda Akbarga ko‘maklashadi. U Akbardan ijozat so‘rab, Salimga Angliya, Ispaniya, Fransiya va Xitoy elchilari olib kelgan maktublardan ba’zi joylarini aytib berdi: — Qarang, amirzodam, sharq-u g‘arbning shunday obro‘li davlatlari hazrat otangizni islom olamining bugungi eng ulug‘ podshosi deb tan olmoqdalar. «Sulhi kull» siyosatini katta ma’naviy jasorat deb atamoqdalar. Otangiz amalga oshirgan islohotlar islom olamining jahon miqyosidagi obro‘sini oshirmoqda, musulmon davlatlari yangi yuksalishlarga, yangilanishlarga qodir ekanini ko‘rsatmoqda. Bunday buyuk yuksalish-u yangila¬nishlar Sohibqiron Amir Temur davridan buyon endi sodir bo‘lmoqda. Eng iste’dodli musavvirlar hazrat otangizni bobokaloningiz Amir Temur suratiga yonma-yon qo‘yib tasvir etganlarini siz ham ko‘rgansiz. Dunyoda hozir uchta eng qudratli davlat bo‘lsa, biri Hindistondir. Buni sharqda Xitoydan tortib, g‘arbdagi Farangistongacha barchasi tan olmoqda. Shunday bo‘lgach, nechun biz g‘ayridinlar ummonida o‘zligimizni saqlay olmas ekanmiz? Aksincha, ota¬¬ngiz barpo etgan ulug‘ davlat bu ummonda o‘zli¬gi¬mizni yanada mahkam saqlashga imkon bermaydimi?
Salima begim shoirona bir ehtiros bilan so‘zlagan sari, Rani Jodxa Bay unga mahliyo bo‘lib tikilar, uning nazarida Salim hoziroq otasining oyog‘iga tiz cho‘kib, Dini ilohiyni qabul qiladigandek bo‘lar, shundan keyin Akbar uni valiahd deb e’lon qilsa, hammalari murod maqsadlariga yetardi. Chunki Salimning ham eng katta maqsadi — valiahd bo‘lish edi. Biroq Salim o‘z diliga hali astoydil o‘rnashmagan yangi e’tiqodni xushomad tarzida nosamimiy qabul qilishni o‘ziga ham, otasiga ham munosib ko‘rmasdi. U ikki o‘t orasida qolgandek mushkul ahvolga tushdi, yuzi bo‘g‘riqib, yonoqlarida, hatto bo‘ynida ter tomchilari yiltiradi... O‘g‘lining lablari qaqrab, yorilay deb turganini Akbar endi ko‘rdi. Qarsak chalib savdarni chaqirdi-da, obihayot keltirishni buyurdi.
Akbar uchun maxsus tayyorlanadigan bu yaxna ichimlikka darmon beradigan, asabni tinchitadigan dorivor giyohlar qo‘shilgan edi. Salim oltin piyolaga quyilgan muzdek obihayotni ichib, ancha tetiklandi. Otasiga minnatdor ko‘zlar bilan qarab dedi:
— Hazrat otajon, sizdan ham, munis onajonlarimdan ham yashiradigan sirim yo‘q. Sizning dushmanlaringiz — mening ham dushmanimdirlar. Sizni g‘ayridinlar Xitoy-u Farangistonda maqtaganlari sari Turon-u Eronda, Arabiston-u Rumda bizni ming maqomga solib, «kofiru ma’jusiy» deb yomonlamoqdalar. Hatto sizga oq sut bergan enagalar orasida Rupa Rani nomli hind ayoli borligini dalil keltirurlar...
— Rost, men ham bu gapni eshitdim. Go‘yo kofirlig-u ma’jusiylik menga ona suti bilan kirgan emish, endi faqat jon bilan chiqar emish!