AYYUB ALAYHISSALOMNING DUOLARI
«Biz Ibrohim, Ismoil, Ishoq, Ya’qub, Asbot, Iyso, Ayyub, Yunus, Horun va Sulaymonlarga vahiy yubordik» («Niso»,163)
Qur’onning to‘rt surasida nomlari tilgan olingan Ayyub alayhissalomning sabri barchaga ibrat qilib ko‘rsatilgan. Allohning tanlangan bandasi sifatida vahiy yuborilgan Ayyub alayhissalom og‘ir sinovga uchraydilar. Lekin Allohga bo‘lgan mustahkam e’tiqod, ibodatlarda sobitlik va eng muhimi go‘zal sabr bilan bu sinovdan juda go‘zal o‘tganlar. Ayyub alayhissalomning duosi, U zotning go‘zal sabri odamlarga eslatma sifatida Qur’onda maqtab vasf etilgan.
«Va Ayyubning O’z Robbisiga nido qilib: «Albatta, meni zarar tutdi. Sening O’zing rahmlilarning rahmligisan!» deganini esla. Bas, Biz uning (duosini) istijobat qildik. Unga yetgan zararni ketkazdik. Unga ahlini, ular bilan birga yana shunchani ham berdik. Buni O’z rahmatimiz ila va obidlarga eslatma bo‘lsin, deb qildik» («Anbiyo»,83-84).
«Sod» surasida Ayyub alayhissalom qissasi shunday bayon qilingan:
«Bizning bandamiz Ayyubni esla. O’shanda u Robbiga nido qilib: «Albatta, meni shayton mashaqqat va azob ila tutdi», dedi. «Oyog‘ing ila tepgin! Bu cho‘miladigan va ichiladigan sovuq (suv). Va Biz unga ahlini va yana ular bilan birga misllarichani ham hadya etdik. Bu Bizdan rahmat o‘laroq va aql egalariga eslatma uchun bo‘ldi. Qo‘lingga bir dastani ol-da, u bilan ur. Qasamingni buzma» (dedi). Biz uni sabrli topdik. U qanday ham yaxshi banda. Albatta, u o‘ta qaytguvchidir» («Sod», 41-44).
Albatta, olamlarning Robbisi Alloh bandalarini turli yo‘llar bilan imtihon qiladi. Ayyub alayhissalomni ham O’ziga ma’lum sinov bilan imtihon qilgan. Shunga o‘xshash sinovlar hammaning boshidan o‘tishi mumkin. Shunday holatda qolgan mo‘min Ayyub alayhissalomdan ibrat olib, boshiga tushgan mashaqqatlar bir sinov ekanligi va Alloh hech kimga toqatidan ortiq narsani yuklamasligini eslab sabr qilishi lozim.