Yusuf (a.s.)ning akalari otalari va oilalarini olib, Misrga ko‘chib bordilar. Yusuf (a.s.) ularni kutib olib, ehtirom bilan saroyga keltirdilar.
«(Keyin, Misrga kirib Yusufning saroyiga kelganlaridan so‘ng) u ota-onasini o‘z taxtiga chiqardi va ular (ya’ni ota-ona va akalari Yusufga) sajda qilgan hollarida yiqildilar. U dedi: «Ey, otajon, mana shu (qirq yil) ilgari ko‘rgan tushimning ta’biridir. Rabbim uni rost qildi».
Barchalari sevinchlarini ichlariga sig‘dirolmay, Yusufni ulug‘lab unga ta’zim bajo keltirganlarini ko‘rib, Yusuf (a.s.) qo‘llarini duoga ko‘tardilar, Allohga shukr qildilar va fazlini zikr qildilar:
«Ey Robbim, menga mulk berding va menga tushlar ta’vilini o‘rgatding, o‘zing osmonlar va yerni yaratgan zotsan. Dunyoda ham, oxiratda ham sen mening do‘stimsan, meni musulmon holda o‘ldirgin va solih bandalaringga qo‘shgin».
Oyati karimaning «u ota-onasini o‘z taxtiga chiqardi» - degan mazmuniga qaraganda, Yusuf (a.s.)ning onalari Rohiyl ham hayot bo‘lgan. Ba’zi mufassirlarning fikricha, Alloh Rohiylni tiriltirgan, chunki tushning ta’biri amalga oshishi shart edi.
Ba’zi olimlar: «Taxtga chiqqan onalari emas, balki xolalari «Layyo» edi. Chunki xola ona maqomidadir» - degan fikr bildiradilar.