Ba’zi olimlar esa, Alloh taoloning:
«Zunnun-Yunusning g‘azablangan holda o‘z qishlog‘idan chiqib ketib, Bizni uning ziyoniga hukm qilmaydi, deb o‘ylagan paytini, so‘ng Biz uni baliq qorniga tashlaganimizdan so‘ng qorong‘u zulmatlarda turib: «Hech iloh yo‘q, magar o‘zing bordirsan, ey pok Parvardigor, darhaqiqat, men o‘z jonimga jabr qiluvchilardan bo‘lib qoldim», - deb nido qilgan paytini eslang» - degan oyati karimasini dalil qilishib: «Yunus (a.s.) qavmiga emas, Allohga g‘azab qilib, uning buyrug‘iga itoat qilmagani va uning amrini bajarishdan qochganligi uchun Alloh uni nahangga yutdirish bilan jazoladi. Jazodan keyin esa, qavmiga borib, ularni da’vat qilib va imonga kelishmasa ularni azob kutishini aytganida, ularning hammasi imonga kelishgan», - deydilar.
Tarixi Tabariyda keltirilishicha, Shahr ibn Havshab shunday rivoyat qiladi: «Jabroil (a.s.) Yunus (a.s.)ning yonlariga kelib: «Naynavo ahliga borib, ularga tushishi yaqinlashib qolgan jazodan qo‘rqiting!» - deb buyurdilar. Yunus (a.s.): «Men biror minadigan hayvon topayin, keyin boraman» - dedilar. Jabroil (a.s.): «Ish shoshilinchroqdir» - dedilar. Yunus (a.s.): «Unday bo‘lsa tez yurar tuya topayin» - dedilar. Jabroil (a.s.): «Ish bundan ham shoshilinchroq» - dedilar. Yunus (a.s.)ning jahllari kelib, g‘azablandilar va kemaga borib o‘tirdilar. Kema oldinga ham, orqaga ham jilmay turib qoldi. Kemadagilar bir-birlari bilan kelishmovchilikka borishib, qur’a tashlashga kelishishdi va qur’a bo‘yicha Yunus (a.s.) suvga tashlandilar. Nahang Yunus (a.s.)ni yutib yubordi. Alloh tarafidan: «Ey nahang, biz senga Yunusni rizq qilib bermadik, balki seni unga qo‘rg‘on va masjid qilib qo‘ydik» - deb ovoz qilindi. Nahang Yunus (a.s.)ni qornida saqlaganicha dengizdan Dajla daryosiga chiqdi va u orqali Naynavoga olib borib tashladi».(Tarixi Tabariy, 1-j. 458-6et.)