1-bob
Ilm talab qilish haqida
Faqih Abu Lays Samarqandiy (rahimahulloh) aytadilar: Bilgilki, har bir muslim va muslimaga din ishlarida muhtoj bo'ladigan tahorat, namoz va shariatning boshqa hukmlari hamda hayotiy ishlarida zarur bo'lgan narsalarni biladigan miqdorda ilm o'rganish farzdir. Bundan oshiqchasi farzi ayn (har bir kishi o'rganishi shart) emas, balki fazilatdir, uni tark qilsa ham, ziyoni yo'q. Xullas, kishi o'zi muhtoj bo'ladigan narsalarning ilmini tahsil qilishi farz. Chunki Alloh taolo:
"Agar bilmaydigan bo'lsanglar, ahli ilmlardan so'ranglar" (Nahl, 43), deydi. Yana boshqa oyatda:
"Ular yana: "Agar tinglab, aql yurgizuvchi bo'lganimizda, do'zax egalari qatorida bo'lmas edik", derlar" (Mulk, 10), deb aytgan. Alloh taolo ularning bilmaganliklari sababli do'zax ahlidan bo'lganini xabar qildi.
Makhul Ali ibn Abu Tolibdan (roziyallohu anhu) rivoyat qilishicha, Nabiy (alayhissolatu vassalom): "Ilm talab qilish har bir muslim va muslimaga farz", deganlar. Boshqa bir hadisda: "Ilmni, garchi Chinda bo'lsa ham, talab qilinglar", deyiladi.