Bekmirzo she'rlaridan. 4-qism
Bir qiz deya jontalosh edikBiz yosh edik, uning ustiga,
Ham qiziqqon va bebosh edik.
To'p tepishgan ikki qadrdon,
Bir qiz deya jontalosh edik.
Mahallaning ko'zga ko'ringan,
Malikasi o'shal qiz edi.
O'shal qiz deb ko'zlar ko'kargan,
Tunlar bedor o'tgan biz edik.
Yo'ldan o'tsa qo'shiq aytardik,
Ovozim bir eshitsin, deya.
Yuragimni olib, mehribon
Qalb qo'riga berkitsin, deya.
She'r bitardik husnin ta'riflab,
Maktabda ko'p doston bo'lardi.
O'shal qiz deb yonganlarimiz,
Hatto Oysha maston bilardi.
Ikkimizdan qay birimizni,
Tanlashini bilmasdi u qiz.
Uchrashuvga chorlardik uni,
Va'da berib, kelmasdi u qiz.
Vaqt ham keldi - yigitlik burchi -
Nonni tishlab, xizmatga ketdik.
El ichida er yigit degan,
Nomlar olib izzatga yetdik.
Xatlar bitdik garnizondan biz,
Javoblari yetib kelmadi...
Garnizonga xat yozdimi u,
Ikki yilda bizlar bilmadik.
Ikki yillik hijronni quchib,
Qaytdik uyga, mushtoq dillarga.
Yigitlar ham qaytishdi, deya,
Qizlar chiqib turdi yo'llarga.
Gul nigohlar, o'tkir nigohlar,
Ammo, befarq boqdik ularga.
Izladik biz malikamizni,
Ko'maylik deb atirgullarga.
Bir kun o'tgach, eshitdik xabar,
Do'stim, taqdir bizdan kulibdi.
Ikki yilning ichida malak,
Erga tegib, ona bo'libdi...
Tog'lar ketdi bizdek zirqirab,
Qalb ko'z yoshin to'kdi qaltirab.
Uni so'ng bor ko'rgan makonga,
Mahtal ko'zlar boqdi mo'ltirab.
Do'stim, uni deya ikkimiz,
Raqiblikni bo'yinga oldik.
Qara, o'sha bebosh yillarda,
O'zimizni ne ko'yga soldik.
Dil og'ridi xotiralardan,
Malikani unutmoq bo'ldik.
Biz o'qishni bahona qilib,
Toshkent sari ravona bo'ldik.
Talabalik yillarim - oltin,
Hatto o'qib keldik chet elda.
Ammo har on va har qadamda,
Malikani saqladik dilda.
Biz uni hech unutolmadik,
Xotiradan kechib bo'lmadi.
Malika ham banogoh yo'ldan
O'tib, bizga jilva qilmadi.
Do'stim, endi Malikani qo'y,
Ikki yonda ikki farzandi.
O'zimizga kelin topmoqlik,
Vaqti allaqachon kelgandi.
Biz ham elga osh tortib, boshni
Endi ikki qilib yuraylik.
Kelajakda doim oilaviy,
Bordi-keldi qilib turaylik.
Aziz do'stim, kelin tanlashda,
Senga katta omad tilayman.
Men ham borib, bir nafis qizga,
Sovchilarni to'plab yo'llayman.