Birinchisi - uning qalbi avvalo zarur narsalarning ilmlarini qamrab olishi, ya’ni amrimahol narsalar bo‘lmaydi, amalga oshishi joiz narsalar bo‘ladi, deb bilishligi. Bas, bu holatda go‘dakda nazariy ilmlar hosil bo‘lmaydi. Lekin hosil bo‘lish ehtimoliy ishga aylanadi. Bu go‘dakning ilmlarga nisbatan holati xuddi yozish deganda faqatgina siyohdon, qalam va so‘zga aylanmagan harflarnigina biladigan insonga o‘xshaydi. Chunki u hali yozishga yetib bormagan bo‘lsa-da, albatta unga yaqinlashib qolgan.
Ikkinchisi - go‘dakda fikr va tajribalar bilan qo‘lga kiritiladigan ilmlarning hosil bo‘lmoqligi. Go‘yo bu ilmlar go‘dakning oldida zaxiraga saqlab qo‘yilganga o‘xshaydi, qachon xohlasa, unga qaytishi mumkin bo‘ladi. Endigi uning holati yozishga mohir kotibning holatiga o‘xshaydi. Zero, u yozishga qodir bo‘la turib, unga kirishib keta olmagan bo‘lsa ham, yozuvchi deb ataladi. Mana shu insoniyat darajasining nihoyasidir. Lekin shu daraja ichida ham sanoqsiz darajalar bor, insonlar bularda ma’lumotlarining ko‘p-ozligi, yuksak va pastligi, uni qo‘lga kiritish yo‘llari bo‘yicha bir-birlaridan tafovut qilishadi. Zero, ba’zi qalblarda ma’lumotlar zohir bo‘lib qolish va kashf bo‘lib qolish yo‘liga binoan ilohiy ilhom bilan paydo bo‘ladi. Ba’zilari esa ularni ta’lim olish va kasb qilish, ya’ni o‘zi o‘rganishi bilan egallaydi. Goho tez, gohida esa sekinroq hosil bo‘ladi.