Sabohiddin so‘zlarini jon qulog‘i bilan tinglayotgan odamlardan ko‘z uzmasdi. Gapira turib: «Kecha yigitga gajak qo‘yib, o‘ynatib, bazm qilganlar shularmi? Ular haqida noto‘g‘ri to‘xtamga kelmadimmi?» degan fikr xayolidan o‘tdi. U: «Gaplarim ta’sir etyaptimikin?» degan o‘yda sal narida turgan qo‘rboshi tomonga ham qaradi. Norxo‘ja uning va’zini boshini quyi eggan holda tinglardi. Xayolidan nimalar kechyapti — qilgan gunohlariga tavbami yo navbatdagi zulm rejasimi — bilib bo‘lmasdi. Sabohiddin nazarini undan olmagan holda so‘zini davom etdi: — Har bir tirik jon toki nafas olar ekan, Vatani ozodligi uchun, din pokligi uchun kurashmog‘i lozim. Yo‘qsa, bora-bora odamlar islomdan yuz o‘giradilar, masjidlar molxonalarga aylantiriladi, bolalar otalariga qo‘l ko‘taradilar, xotinlarimiz, qizlarimiz, opa-singillarimiz kofirlar bilan ayshu ishratga beriladilar. Oqibatda, Olloh qiyomatni yuboradi. Qur’oni karimda shunday zikr etiladikim: «Odamlar bilan qilinadigan hisob-kitob yaqinlashdi, ular bo‘lsa beparvo yuz o‘girib yuribdilar. Ha, ular muhlatni yolg‘on deb o‘ylaydilar. Bular uchun biz olovni tayyorlab qo‘ydik». Farg‘ona viloyatida bosh ko‘targan imonsizlar qo‘li baland kelguday bo‘lsa, Tangri bu olovlarni yerga yuboradi. Qiyomat kelgan taqdirda ham, Olloh-taolo ahli muslimni shafqat nurlari bilan panohiga oladi. Chunki musulmonlar Olloh-taoloning tanlangan bandalaridir. Qur’oni karimda deyiladikim, «kimki kelajak hayot ekinlarini eksa, biz uning hosilini ko‘paytiramiz. Kimda-kim yaqin hayot ekinini afzal ko‘rsa, biz unga xohlaganini beramiz, ammo unga kelajakdan hech qanday hissa yo‘q». Kufr yo‘lidagilarning oqibatini ham Yaratgan Robbimiz o‘z kalomida aniq bayon etgandir. Qachonki sur chalinib, qiyomat boshlanganida umri iymonsizlik bilan o‘tganlarga qarata Olloh aytadiki: «Sizlardan oldin o‘tgan jin va insdan iborat kofir ummatlar ichida sizlar ham do‘zaxga kiringlar!» Har bir ummat do‘zaxga kirgach, sherigini la’natlaydi. U yerda bir-birlari bilan jam bo‘lib topishishgach, oxirgi ummat o‘zidan oldingisi haqida «Ey Robbimiz, ana o‘shalar bizlarni adashtirganlar. Ularga do‘zax azobini ikki barobar qilib bergin», deydilar. Shunda Olloh «Har birlaringiz uchun ikki barobardir, lekin sizlar buning hikmatini bilmaysizlar», degay. Yana Tangri-taolo zolimlarning jazosini aniq bayon etadikim, «Ularga jahannam o‘tidan ostilariga gilam va ustilariga yopinchiq bo‘lur...» Siz, muhtaram birodarlar, o‘z xatti-harakatlaringiz bilan bugun kelajak urug‘larini sepmoqdasizkim, insha Olloh, uning shirin mevalaridan bahramand bo‘lursiz. Oraga shayton qo‘shilib, bir millat, bir din farzandlari bir-birlarining qonlarini to‘kmoqdalar. Nailoj, bu ham Ollohning irodasi, ulug‘ sinovi. Ollohning ijozatisiz daraxtlar kurtak ham chiqarmaydi, urg‘ochilar homilador ham bo‘lishmaydi. Olloh iymonsizlarga «Joningni o‘z birodaring olsin», deb jazo yuborgan ekan, insha Olloh, shunday bo‘laveradi. Agarchi, millatimizning ozodligi, dinimizning pokligi yo‘lida joningiz qurbon bo‘lsa, to‘g‘ri jannatga ravona bo‘lasiz. Shahid ketganlarning u dunyodagi hayoti boqiydir va rohat bilan o‘tadir. Agar o‘lim taqdirga yozilmagan bo‘lsa, qirq yil qirg‘indan ham omon chiqasiz. Taqdirdagi o‘lim muddati kelgan bo‘lsa, uyingizda ham o‘laberasiz. Shuning uchun barchangiz Olloh-taoloning nomini dilga jo qilib, umrlaringizga baraka so‘rangiz. Chunki «Hech bir jon Ollohning iznisiz va yozug‘da belgilangan muhlatga yetmasdan o‘lmaydi». Insha Olloh, o‘lim yomg‘irining barchasi g‘animlar ustiga yog‘ilgay. Vai’zamiz so‘nggida yana Olloh taborak va taolo marhamat qilgan oyatlardan birini zikr etaylik. Robbimiz deydiki, asta’izubillahi: «Ya ayyuhallaziyna omanu sabiru va sobiru va robitu vattaqulloha la’lakum tuflixuun». Sadoqollohulaziym. Ya’nikim, ey iymon keltirganlar, sabr qilingiz va sabr toqat qilishda kofirlardan ustun bo‘lingiz hamda doimo kurash, ya’ni jihod uchun belingiz bog‘liq holda hozir bo‘lib turingiz. Va Ollohdan qo‘rqingizkim, shunda shoyad najot topgaysiz». Ollohning amriga itoat etmoqlik va najot topmoqlik barchamizga nasib aylasin. Qani, omin, g‘alabayor islom lashkarini Tangrining o‘zi qo‘llasin! Dushmanga xorlik, do‘stga farog‘at ato etsin! Ollohu akbar!
Sabohiddinning va’izasi odamlarni go‘yo sehrlab qo‘ygan edi. Norxo‘ja buni sezdi. Sezdi-yu, «Bu mulla balo ekan, hali ko‘p karomat ko‘rsatadi», deb qo‘ydi.