OTLIQ ASKARLAR — qo‘shin turi. G‘arbiy Yevropada XI-XII asrlarda armiyaning asosiy zarbdor qismini risarlardan tuzilgan otliq askarlar tashkil qilgan. Suvoriy risar qilich, og‘ir nayza, qalqon, dubulg‘a va zirh bilan qurollangan. XII asrning ikkinchi yarmidan jangovar otlar ham maxsus zirh bilan ta’minlangan. Qadimiy Rus davlati (IX-X asrlar) qo‘shinida knyaz drujinalaridan tashkil qilingan otliq askarlarning soni piyoda askarlarga nisbatan ancha kam bo‘lgan. Turk-mo‘g‘ul davlatlari armiyasining asosini tashkil etuvchi otliq askarlar o‘zining tashkiliy hamda jangovar qobiliyati bilan alohida ajralib turgan. hunlar davrida otliq askarlarning soni 240 mingtaga yetgan. Turkiylar tomonidan jahon harbiy san’ati tarixida birinchi bo‘lib suvoriylar safining joriy qilinishi (har bir otliq askar orasidagimasofa 20 m, jangovar qatorlar soni 10 ta) otliq qo‘shinning dushman ustidan to‘la ustunligini ta’minlagan. Turk xoqonligining (VI-VIII asrlar) sovutli muntazam otliq askarlari nafaqat tekislikda, shuningdek, tog‘lik hududlarda ham muvaffaqiyatli harakat qilish qobiliyatiga ega bo‘lib, ko‘p vaqtlar davomida unga teng keladigan raqib topilmagan. Nayza bilan jang qilish san’atini mohirona egallagan turk otliqlari xitoylik piyoda nayzabozlar va eronlik otliq o‘qchilar (kamonkashlar) bilan bo‘lgan muhorabalarda, aksar hollarda, zafar qozongan. Turk suvoriysi ko‘krak qismida dumaloq qalqoni bo‘lgan zirh bilan ta’minlangan, boshiga temir dubulg‘a kiygan, qilich, shoxsimon yoy, to‘qmoq va nayza bilan qurollangan. Og‘ir qurolli otliq askarlar zodagon hamda tajribali jangchilardan tashkil etilgan jangda hal qiluvchi rol o‘ynagan. Tobe yurtlarning askarlaridan tuzilgan yengil otliq askarlar, asosan, razvedka hamda ayg‘oqchilik vazifalarini bajargan. Zarur paytlardagina jangga kirgan. Chingiziylar armiyasida yengil qurolli otliq askarlarning mavqe baland bo‘lgan. Mo‘g‘ul jangchilari otda yurish, kamon, qilich va arqon bilan muomala qilish san’atini mukammal egallagan. Ular janggohda ustalik bilan manyovr-harakat qilgan, soxta chekinish, pistirma qo‘yish san’ati kabi taktik amaliyotlarni muntazam qo‘llagan. Amir Temur armiyasining zarbdor qismini yengil va og‘ir qurollar bilan qurollangan otliq askarlar tashkil etgan. Dubulg‘a, sovut, qilich, yoy, sadoq, qalqon va nayza bilan ta’minlangan og‘ir qurolli suvoriylar sara jangchilardan tuzilgan, g‘animning asosiy zarbasiga qarshi turgan, jang natijasi shularga bog‘liq bo‘lgan. yoy, sadoq va qilich bilan qurollangan yengil otliq askarlar, asosan, soqchilik va razvedkaga mo‘ljallangan. o‘ta zarur chog‘dagina yov bilan jang qilish huquqiga ega bo‘lgan. Yevropa mamlakatlari armiyasida o‘t sochish qurolining rivojlanishi (XIV asr) hamda piyodalar rolining oshib borishi bois (XV asr) otliq askarlarning mavqe sekin kamaya boradi. XX asrning 50-yillari o‘rtalarida ommaviy qirg‘in qurollarining rivojlanishi va armiyalarning to‘liq motorlashtirilishi tufayli otliq askarlar qo‘shin turi sifatida barham topdi.