GENLARDAGI PROGRAMMALASHTIRISH
(Alloh) uni qaysi narsadan yaratdi o‘zi?! (Bir haqir) nutfadan yaratib, keyin uni belgilab qo‘ydi. So‘ngra unga yo‘lni oson qildi. («Abasa» surasi, 18-20-oyatlar)
Yuqoridagi oyatda «belgilab qo‘ydi» deb tarjima qilingan «qoddaro» so‘zi arabchadagi «qodaro» fe’lidan kelib chiqadi. U «reja tuzish, ko‘zda tutish, rejalashtirish, dasturlash, kelajakni ko‘rish, hamma narsani taqdirga yozish (Alloh tomonidan)» deb tarjima qilinadi.
Otaning spermasi onaning tuxumini urug‘lantirgach, ota-onaning genlari birlashib, bolaning barcha jismoniy xususiyatlarini belgilaydi. Bu minglab genlarning har birida o‘ziga xos funktsiya mavjud. Shu genlar ko‘zlar va sochning rangini, bo‘y-bast, yuz qismlari, skelet shakli, ichki a’zolardagi sanoqsiz jihatlarni, miya, asab va mushaklarni belgilab beradi. Barcha jismoniy xususiyatlarga qo‘shimcha ravishda, hujayralar va tanada sodir bo‘ladigan minglab turli jarayonlar, shuningdek, butun tizimning nazorati ham bu genlarda belgilab qo‘yiladi. Misol uchun, biror shaxsning qon bosimi umuman olganda baland, past yoki normal bo‘lishi yoki bo‘lmasligi uning genlaridagi axborotga bog‘liq.
Sperma va tuxum qo‘shilganda yuzaga keladigan birinchi hujayra DNK molekulasining birinchi nusxasini yuzaga keltiradi. Bu molekula inson tanasining har bir hujayrasida, toki inson hayoti nihoyaga yetguncha, kod olib yuradi. DNK ahamiyatli o‘lchamdagi molekuladir. U hujayra yadrosining ichida ehtiyotkorlik bilan himoya qilingan va bu molekula yuqorida aytib o‘tganimizdek, genlarni o‘z ichiga olganligi tufayli, inson tanasining axborot banki hisoblanadi. Birinchi urug‘langan tuxum hujayrasi bo‘linib, DNKda yozib qo‘yilgan dasturga muvofiq ko‘payadi va natijada to‘qimalar va a’zolar shakllana boshlaydi. Bu insonning boshlanishidir. Ushbu murakkab jarayonning o‘zaro muvofiqligi DNK molekulasi tomonidan ta’minlanadi. Mazkur molekula uglerod, fosfor, azot, vodorod va kislorod kabi atomlardan tashkil topadi.