256-bob Kishini Abu Fulon va Abu Fulona, ayolni Ummu Fulon va Ummu Fulona deb kunyalash joizligi haqida
Bilingki, bularning har birida ta’qiq yo‘q. Ummatning salaflaridan tashkil topgan sahoba, tobe’in va ulardan keyingilar Abu Fulona, deb qiz bolaning ismi bilan ham kunyalanishgan. Ulardan Usmon ibn Affonda uchta kunya: Abu Amr, Abu Abdulloh va Abu Laylolar bor edi. Va yana shunday kunyalardan Abu Dardodir. Bu sahobaning Xayra ismli katta xotinlari ham Ummu Dardo, Hujayma ismli kichik xotinlari ham Ummu Dardo edilar. Bu kichik xonim yetuk aqlli, fozila, faqih, qadri ulug‘ tobe’inlardan edi. Va yana Abdurahmon ibn Abu Laylo, otalari Abu Laylo, bularning xotinlari Ummu Laylo bo‘lib, bu ikkovi sahobalardan edi. Va yana Abu Umoma, Abu Rayhona, Abu Ramsa, Abu Riyma, Abu Amra Bushayr ibn Amr, Abu Fotima al-Laysiy, Abu Maryam Azdiy, Abu Ruqayya Tamim Doriy, Abu Karima Miqdom ibn Ma’diy Karibalarning hammalari sahoba bo‘lishgan.
Tobe’inlardan Abu Oisha Masruq ibn Ajda’ va shunga o‘xshash son-sanog‘i yo‘q kishilar bo‘lgan.
Sam’oniy «Al-Ansob» kitobida Masruqning bunday (Masruq, ya’ni o‘g‘irlangan) deb ismlanishiga sabab u zotni yoshlik paytlarida bir odam o‘g‘irlab ketgan. So‘ngra topilganlar, deb aytganlar.
Sahih hadislarda kelishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Abdurahmon ibn Saxrni Abu Hurayra, deb kunyalaganlar.