Tohir Malik. Murdalar gapirmaydilar (qissa)  ( 190691 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 19 20 21 22 23 24 25 26 27 28 29 ... 34 B


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:14:01

Nazoratchi kalitni oldi-yu, savol nazari bilan Omonulloga qaradi. Omonullo yana ko‘z qisib qo‘yib, sigaretini tutataverdi. Safar esa «qo‘ying aka, hazillashdim», degan lutfni bir oz kutib, labiga qistirig‘lik tutatilmagan sigaretni chetga uloqtirdi-da, qo‘l siltaganicha nari keta boshladi. Shundan so‘ng Omonnullo o‘zining guvohnomasini ko‘rsatib, uzr so‘ragach, mashina hujjatlari bilan kalitni olib, haydovchi o‘rindig‘iga o‘tirdi. Safar o‘n besh-yigirma qadamcha yurib to‘xtab, o‘tayotgan mashinalarga qo‘l ko‘tara boshladi. Omonullo undan uch-to‘rt qadam o‘tib mashinani to‘xtatdi-da, pastga tushib so‘radi:
— Akaxon, qaysi tomonga borasiz? Yo‘l-yo‘lakay bo‘lsa olib ketay, harna benzin puli chiqsin.
— Ukaxon, katta xolangiznikiga ketyatuvdim, naq yo‘limning o‘zi, — Safar shunday deb to‘ng‘illadi-da, haydovchi yonidagi o‘rindiqqa o‘tirdi.
— Sariqmassan-ku, buncha tutab ketding? — dedi Omonullo mashinani yurg‘izgach.
— Hazil deb gapiraverasanmi? GAI hazilni tushunadimi?
— Unaqada o‘zing ham katta ketma.
— Katta ketib nima debman?
— «Senga yalingan — ahmoq», degan kim edi? Endi ahmoqligingni tan oldingmi?
— Seni oshnam deb yurgan odam ahmoq bo‘lmay nima bo‘lardi?
— Bo‘pti, ming‘illama. Bir joyda zo‘r pivo bor, olib boraymi?
— Pivoning dodaxo‘jasini hozir borib ichasan. Bavariyanikidan topib qo‘ygan.
Pivo bahonasida chalg‘igan Safar arazni unutdi. Omonulloning tutingan otasinikiga borishgach, u «o‘zing kirib chiqaver», deb mashinadan tushmadi.
Ikki tabaqali eshik qiya ochiq edi. Omonullo qo‘ng‘iroq chalib o‘tirmay ichkari kirdi. Uch oyoqli kalta narvon ustiga chiqib olib, gilos terayotgan Bobomurod Omonullo ovoz bermaguniga qadar uning kirib kelganini sezmadi. Omonullo ana shundan ajablandi. Tabiatan sezgir bo‘lgan Bobomurod ichkari uyda o‘tirsa ham ko‘cha eshigi ochilganini bilardi.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:14:11

Tutingan o‘g‘lining ovozini eshitishi bilan gilosga uzatgan qo‘lini tushirib, pastga qaradi. Omonullo uning qarashida ham sustlik sezib «qariyaptilar», deb ko‘nglidan o‘tkazdi. Otasining holatidagi o‘zgarish sababini keyinroq bildi, Omonullo so‘ramasa ham Bobomurodning o‘zi aytdi:
— Opangning mazasi qochib qoldi, ertalab kasalxonaga tashlab kelganman. Hozir yana ketaman. Kechasi yonida bo‘lishim kerak. Harna dalda-da.
— Safar og‘aynimning mashinasidamiz. Kuzatib qo‘yamiz, — dedi Omonullo.
—E, yo‘q, hali ovqat qilishim kerak. Vaqting bo‘lsa, ertalab xabar ol.
Bobomurod «opang» deb atagan ayol Omonulloga yetti yot begona edi. Oxirgi marta qamoqdan chiqib qaytayotgan Bobomurod Penza bekatida g‘aribgina kiyingan, sochlari to‘zib, ko‘zlari kirtaygan ayolni ko‘rib, e’tiborsiz o‘tib keta olmadi. «Ruslarga o‘xshamaydi-ku bu ayol», degan o‘y bilan qaraganida vagonlarga tikilib, kiprik qoqmay turgan ayol behosdan gapirib qoldi:
— Biz uch kishi edik: Valya Namanganskaya, Gulya va men. To‘g‘ri, o‘g‘irlik qilmaslik kerak edi...
Ayolning o‘zbekchalab gapirib qolishi Bobomurodni to‘xtatdi.
— Singlim, sizga nima bo‘ldi? — deb so‘radi.
Ayol uning gaplarini eshitmadi, holatini o‘zgartirmay, kiprik qoqmagan holda yana o‘sha gapini takrorladi:
— Biz uch kishi edik...
Bobomurod yana qayta so‘radi. Ayol o‘zgarishsiz o‘tiraverdi.
«O’tirib chiqqanga o‘xshaydi, — deb o‘yladi Bobomurod. — Boshiga urishgan bo‘lsa, esi og‘ib qolganmi...»

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:14:19

Bobomurod nima qilishini bilmay turganida militsiya mayori unga yaqinlashib hujjatlarini ko‘rsatishni so‘radi. Hujjatlarni sinchiklab tekshirgach, qaytarishga shoshilmay, Bobomurodga sinovchan boqdi-da:
— Hamyurting shekilli? — deb so‘radi.
— Shunaqaga o‘xshaydi, — dedi Bobomurod.
—Hamkasbing bo‘lishi ham mumkin, — dedi mayor.
— Ha, shunaqaga o‘xshaydi.
— Bu ham qamoqdan chiqqan. Ikki-uch kundan beri shu yerda. Jinnixonaga berib yuborsammikin, deb turuvdim. Agar odamgarchilik qilish qo‘lingdan kelsa, o‘zing bilan olib ket. Yurtida qarindoshlari bordir. Jinnining millati bo‘lmaydiku-ya, ammo xor bo‘lib o‘lishi yaxshi emas.
Bobomurod militsiya xodimlarini yoqtirmas edi, deyilsa juda yumshoq qilib aytilgan bo‘ladi. O’n to‘rt yoshidan beri to‘rt marta qamoq lagerlarining tuzini totgan odamning nafratini hech nima bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Shunday bo‘lsa-da, mayorning hozirgi gaplari ko‘ngliga yoqdi. «Nahot senda tuyg‘u bo‘lsa?» degan ma’noda unga qarab oldi-da:
— Bir amallab olib ketaman, — dedi.
— Sen bu o‘tirishiga qarama, saldan keyin o‘ziga keladi, — mayor shunday deb hujjatlarni qaytarib berdi-da, nari ketdi.
Ayol kipriklarini pirpirata boshlagach, Bobomurod:
— Singlim, Toshkentga ketyapman, birga ketaylik, — dedi.
Ayol unga yalt etib qaradi-da, yaqin mehribonini ko‘rgan odamday suyunib, jilmaydi:
— Men uyimga ketaman! — deb kafti bilan burnini artdi.
   

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:14:27

Bobomurod yoshi o‘ttizga yetmagan, ko‘rinishidan esa elliklarni qoralagan ayolning fe’li, tabiati qanday ekanini yo‘l-yo‘lakay bilib oldi. Ayol militsionerni ko‘rsa qalqib ketardi, jinoyatdan yoki qamoqdan so‘z ochilsa, lablari oshkora titrardi. Bobomurod shu sababli manzilga kelgunicha ham bu mavzuda so‘z ochmadi. Ayol turar joyini unutgan edi. Bobomurod hujjatiga qarab uni qishlog‘iga boshlab bordi. Ayol tug‘ilib o‘sgan uy ostonasiga yetishganda hali shom namoziga azon chaqirilmagan edi. Bobomurod eshikni taqillatgach, qirq yoshlardagi odam chiqib Ayolni ko‘rdi-yu, ostona hatlagan yerida turib qoldi. Ayol ham unga qarab kipriklarini pirpiratganicha tek qotdi.
— Sen kimsan, erimisan yo sherigimisan? — dedi uy egasi dabdurustdan.
— Eri ham emasman, sherigi ham emasman. Yo‘lda uchratib qolib, qog‘ozlariga qarab boshlab kelyapman. O’zing kimsan?
— Hech kimi.
— Hech kimi? Tanimaysanmi bu ayolni?
— Taniyman... — dedi uy egasi mujmal ohangda,— men... akasi edim.
— Akasi edim? Endi-chi, akasi emasmisan?
— Ota-onam oq qilishgan, men ham oq qilganman.
— Nega oq qilasan?
— Ishing bo‘lmasin, bu isqirtni olu jo‘na bu yerdan. Isnodga qoldirma bizlarni. — U shunday deb o‘girilmoqchi bo‘lganida Bobomurod giribonidan oldi-da, qorniga musht urdi:
— Menga qara, hey harom! Singlingni Penzada ko‘rib qolib, yetaklab keldim. O’sha yerda bir o‘ris, o‘ris bo‘lganda ham bir ment singlingga rahm qildi. Bu yerlarda xor bo‘lib o‘lib ketmasin, dedi. Sen nima deyapsan? Men to‘rt marta o‘tirib chiqqan odamman. Beshinchisida nima uchun o‘tirarkinman, deb yuruvdim. Sening qoningni ichib o‘tiraman shekilli? Qani, joningni sug‘urib olmasimdan ayt-chi, nima uchun oq qilgansan?

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:14:35

— Shaharda o‘qiyapman, deb o‘g‘rilarga qo‘shilib ketibdi. Bizlarni nomusga qo‘ydi.
— Senda hali nomus ham bormi, harom! Kasal singlingni oq qildim deb, ko‘chaga haydab qo‘yib, yana nomusdan gapirasanmi! Ota-onang qani?
— O’lib ketishdi.
— Qovurg‘angning orasiga panjamni tiqib yuragingni sug‘urib olgim kelyapti. Lekin shu singlingning hurmati uchun hozircha tirik qolasan. Seni yo‘qlab alohida kelaman. Nomus nima, insof nima, vijdon nima — gaplashib olamiz. Hozir esa, hamma qo‘shnilaringni chaqir.
Aka avvaliga ko‘nmadi, biroq yumshoq yeriga uch-to‘rt tepki tushgach, buyruqni bajardi. Ayrim qo‘shni ayollar toshdek qotib turgan Ayol bilan ko‘rishmoqchi bo‘lishdi. Ba’zilari esa, ostonalaridan uzoqlashmay cho‘chigan holda qarab turaverishdi.
— Qo‘shnilar, bilib olinglar: mana bu harom odam aka ekan. Bu iflos odam singlisini oq qilganmish. Qamalgan qizlar oq qilinsa, ko‘chalarda xor bo‘lib o‘lsin, degan qonun bormi o‘zi? Qaranglar, singlisi kasal. Shu ayolga bir o‘risning rahmi keldi, akasining esa rahmi kelmaydi. Endi men shu ayolning nomidan gapiraman: u akasini oq qildi, bilib qo‘yinglar! Endi men unga aka, u menga singil! Omin! Fotiha beringlar!
Birov fotiha qilgan bo‘ldi, birov qimir etmadi.
— Biz uch kishi edik: Valya Namanganskaya, Gulya va men. To‘g‘ri, o‘g‘rilik qilmaslik kerak edi...
Ayol bu gapni avval sekinroq aytdi, so‘ng baland ovozda qaytardi-da, qah-qah otib kuldi, kulaverdi...
Bobomurod hayron bo‘ldi: shu paytgacha Ayol kulmagan edi.
Qo‘shnilar birin-sirin uylariga daf bo‘ldilar. Akaning ham qorasi o‘chdi. Bir piyola choyga taklif etuvchi insof egasi topilmadi.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:14:43

Qishloqdan chiqishganda qosh qoraygan edi. Bobomurod biron xonadon eshigini taqillatib boshpana so‘rashni istamadi. O’z mayliga qo‘yib berilgan keksa tulpor kabi yo‘lning o‘rtasidan asta yurib boraverdi. Ayol ikki qadam orqada, unga mutelik bilan ergashgan edi. Bobomurod ko‘p zulm ko‘rgan — zulm ham qilgan, oqibatsizlik tuzini totgan — o‘zi ham oqibatsizlik zahrini boshqalarga yalatgan, oz bo‘lsa-da, mehr sharobidan lazzat olgan — oz bo‘lsa-da, boshqalarga ham ilingan, insonning hayvondan ham tubanroq tarzda xorlanishi mumkinligini ko‘rgan, vaqti kelsa, bosh-qalarga ham ko‘rsatib qo‘ygan odam edi. Ammo bugungiday holatni uchratish nima ekan, eshitmagan, hatto xayoliga ham keltirmagan edi.
U ham, izidan kelayotgan ma’suma ham, Bobomurodga fotiha berganlar ham, bermaganlar ham Ollohni tanishmas edi. Buning uchun ularga ayb jandasini kiydirmoq noinsoflik bo‘lar. Tug‘ilganlaridan to ayni damga qadar biron bir imon egasi Yaratgan tangrini tanishga da’vat etmadi. Yaxshilik bilan yashaganlarga jannat eshiklari ochilajagiyu, yomonlik qilganlarga bu dunyodagi qamoqdan tashqari do‘zax azoblari borligini hech kim aytmadi, tushuntirmadi. Ularning har birlari insof, vijdon, iymon, mehr-oqibat tushunchalarini o‘zlaricha anglashardi. Bu dunyo sinovli dunyo ekanini, har bir harakat, har bir so‘z imtihon tarozusida tortilajagini o‘ylab ko‘rishmagan edi. Ayni damda zo‘r bir imtihon sodir bo‘layotganidan ham bu g‘ofil bandalar bexabar edilar.
Qo‘shnilar uy-uylariga kirgach, sodir bo‘lgan voqeani o‘zlaricha muhokama etib, o‘zlaricha baholar edilar:
— Xudo yomon uribdi, bechorani. Ota-onaning qarg‘ishi yomon-da.
— Xudo jazolabdi...
— Jazosini beribdi...
Alhol, Tangrining jazosiga uchragan kim? Ayolmi, akasimi yo shu qo‘shnilarmi? Vallohi a’lam, bissavob...

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:14:50

Yo‘lda borayotgan Bobomurod bularni o‘ylamaydi. Ruhoniy masalalar, ruhoniy hukmlardan uzoq bo‘lgan bu odamning o‘z dunyosi, o‘z o‘lchamlari, o‘z hukmi, nihoyat... hukmning ijrosi bor. U «Xudoga soldim», «Bir kunmas bir kun ularni Xudo uradi» yoki «Xudoyim, o‘zing jazolarini ber», deb o‘tirmaydi. Masalani o‘zicha osongina hal etadi: o‘zi hukm chiqarib, o‘zi ijro etib qo‘ya qoladi. Hozir ham shart iziga qaytgisi, akaning yuragini sug‘urib olgisi, bu bemehr yurakni itlarga tashlagisi keldi. Juda-juda istadi shunday qilishni. Biroq, og‘ir-og‘ir qadam tashlab kelayotgan chorasiz Ayolning qismatini o‘ylab, o‘zini bosdi. Hozir qaytib Akani chertsa ham qamalib qolishi oqibatida Ayol ko‘chada xorlanishi yoki jinnixonada azob chekib yotishi mumkinligini u bilardi.
Tuni bilan yurish foydasizligini anglab, tashlandiq shiypon yaqinida to‘xtadi. Bir oz o‘ylanib turgach, shiyponga qarab yurdi. Xas-xashaklarni oyog‘i bilan sidirib tozalagan bo‘ldi-da, o‘tirdi. Ayol Bobomurodga yaqin kelishdan qo‘rqqandek shiypon yonida turaverdi. Bobomurod avvaliga indamadi. So‘ng:
— O’tir, — deb qo‘ydi.
Ayol taklifni eshitmagandek tek turaverdi.
— O’tir, singlim, — dedi Bobomurod yumshoqroq ohangda. — Ertalabgacha dam olamiz shu yerda.
Ayol go‘yo shiyponni qimirlatib yubormay debmi, ehtiyotlik bilan qadam bosib chiqdi-da, nariroqqa borib cho‘nqaydi.
— Endi men akangman. Endi sen xor bo‘lmaysan. Sen ulardan ranjima. Ular o‘g‘rini odam o‘rnida ko‘rishmaydi. Men esa, ularning o‘zlarini odam qatoriga qo‘shmayman.
— Men o‘g‘ri emasman!
Sekingina aytilgan bu so‘z aslida qalbning portlashidan hosil bo‘lgan nido edi. Bu uchtagina so‘z ko‘p yillik g‘am-anduhlar zanjirini uzib tilga chiqqan edi. Bu gapni uyi oldida akasiga aytmoqchi edi. «Baribir ishonmaydi», deb aytmadi. Yangi akasiga aytdi. Qonsiz lablardan uchgan bu so‘zlarni Bobomurod eshitdi.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:14:58

— O’g‘ri emasligini bir qarashimdayoq bilganman, — dedi u. — O’g‘ri bo‘lganingda seni yetaklab yurmas edim, o‘zingni o‘zing eplarding. Sendan yashirmayman: men o‘g‘riman. To‘g‘rirog‘i, o‘g‘ri edim. Qamoqda ont ichdim: bu hunarni tashlayman. Mening bir o‘g‘lim bor, shu yurishim bo‘lsa, uni baxtsiz qilib qo‘yaman. U yaxshi bola... endi u sening jiyaning. Sen hali yoshsan, singlim, hadeb siqilaverma. Siqilgan bilan birov senga rahm qilmaydi. Undan ko‘ra mazza qilib yashayverginu odamlarning gaplariga ham, qiliqlariga ham e’tibor berma. O’ylab ko‘r-chi, seni o‘g‘ri deganlarning o‘zlari tozamikin? Agar tozasi shunaqa bo‘lsa, nahs bosgani qanaqa bo‘larkin? Biz endi bir-birovimizga suyanib yashaymiz. Bu ham katta bir baxt. Dunyoda suyanchig‘i yo‘q yakka maxov odamlar tiqilib yotibdi.
Bobomurod shu gaplarni aytib ancha yengil tortdi. Ayol esa unga javob qaytarmadi.
Qorong‘i osmonga yulduzlar toshib, samo husnini bezadi. Bobomurod jag‘ini tizzasiga tirab bu mo‘‘jizaga boqdi. Yulduzlar — sayyoralarmi yo katta-kichik samoviy jismlarmi — u bilmaydi. Unga ma’lumi — yulduz uchgani kimningdir jon uzilganidan nishona. O’ali o‘zini tutolmay Akani o‘ldirib qo‘ysa hozir bitta yulduz uchgan bo‘larmidi... «Nahotki hammaning joni shu yulduzlarda bo‘lsa, — deb o‘yladi u. — Nahotki iflos odamlarning ham joni shunday beg‘ubor, shunday pokiza osmonda bo‘lsa. Bunaqa odamlarning joni hojatxonaga tashlansa, hojatxona ham bulg‘anadi... Yo‘-o‘q, yulduzlar odamlarning joni emasdir. Balki... shu ayolga o‘xshab xo‘rlanganlarning ko‘zlaridagi yosh osmonga uchib, yulduzlarga aylangandir... Qiziq... bu nima uchun yig‘lamaydi? Shuncha gapdan keyin ham yiQlamadi. Yig‘lasa bo‘lardi, yengil tortardi...»
— Singlim, sen mendan tortinma, yiQlaging kelayotgan bo‘lsa yig‘layver. Erkak bo‘lsam ham ba’zan yig‘lagim keladi...
Ayol javob bermadi.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:15:06

Tun yarimlaganda Bobomurodning uyqusi keldi. Tizzasiga bosh qo‘yganicha mizg‘idi. Besh-o‘n daqiqadan so‘ng cho‘chib uyg‘ondi-da, «ketib qolmadimikin?» degan xavotirda Ayol tomon qaradi. Ayol toshdek qotib o‘tirardi. Bobomurod bir necha marta mizg‘idi. Har safar cho‘chib uyg‘onib, xavotirlangan tarzda Ayol tomon qarardi.
Tongni shu zaylda qarshi oldilar...
O’shandan beri Ayol shu uyda yashaydi. Omonullo uni dastlab ko‘rganida «Otam u yoqlarda uylanibdi-da», deb o‘yladi. So‘ng boshqa-boshqa xonalarda yotishlarini bilib, muomalalarida er-xotinlik mehri yo‘qligini sezib, ajablandi. Otasidan «Kim bu?» deb so‘ramadi. Bobomurod esa «Singlim», deb gapni qisqa qilib qo‘ya qoldi. Ayolning «Biz uch kishi edik...» degan gaplarini eshitgach, qanaqa singil ekanini o‘zicha taxmin etdi. Taxmin noto‘g‘ri ekanini keyinroq bildi. Bir kuni Bobomurod uning tiliga chiqarolmay yurgan barcha savollariga bira to‘la javob berdi:
— Men hammasini aniqladim: bu qiz bir nomardning qo‘liga tushib qolgan. Bir o‘g‘irlikni shu bechoraning bo‘yniga qo‘yib yuborishgan. Tuhmat bilan ketgan. Hammasini aniqladim, hammasi hal bo‘ldi.
Omonullo:
— Nima hal bo‘ldi? — deb so‘raganida Bobomurod:
— Tuhmat qilganlar jazolarini oldilar. Bu pok ayol, istasang «amma» degin, istasang «opa» — degan edi.
Omonullo otasining ko‘ngliga qarab «opa» dedi. Ayolni har ko‘rganida unga achinardi. Keyinchalik Ayolning rang-ro‘yi yaxshi tomonga o‘zgardi. Chehrasida yoqimli nur ham paydo bo‘ldi. Lekin «Biz uch kishi edik...» boshlanganida betlari birdan qorayib, ko‘zlaridan nur qochib xunuk holatga kelib qolar edi.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:15:14

Bu Ayolning kelganiga o‘n ikki-o‘n uch yil bo‘ldimi yo undan oshdimi, Omonullo aniq eslolmaydi. Qamoqdaligida «o‘g‘lim, bundan bu yog‘iga faqat sen bilan birga bo‘laman», deb xatlar yo‘llagan odam Ayolning atrofida parvona bo‘lishdan ortmay qoldi. Ayol ko‘p gapirmasdi, ovoz chiqarib kulmasdi. Bir narsadan xursand bo‘lsa salgina jilmayib qo‘yardi xalos. U jilmayganida Bobomurodning nazarida butun olam charog‘onlashib ketardi. Tundlashsa esa uning yuragi siqilib ketardi. Shunday paytlarda ba’zan «Hoy, gapirsangchi, soqov emassan-ku axir!» deb koyib ham berardi. Shunda Ayol zaifgina jilmayish hadya etib, uning ko‘ngligini ravshanlantirmoqchi bo‘lardi.
Omonullo otasining bugungi kayfiyatidan sezdiki, Ayolning kasali shunchaki o‘tkinchi xastalik emas. Shu bois Omonullo «Otamga dalda bo‘lar», deb bir oz gaplashib o‘tirmoqchi edi, Bobomurod unamadi. «O’rtog‘i bilan kelgan bo‘lsa, hoynahoy biron yoqqa ketishayotgandir», degan xayolda «menga halaqit berasan», deb kuzatdi.
Qaynonasinikiga Safar ham kirib, bir-ikki piyola choy ichishgach, izlariga qaytishdi.
— Xafa bo‘lmaginu og‘ayni, opangni ko‘rsam yuragim siqilib ketadi, — dedi Safar mashinaga o‘tirgach.
Omonullo unga bir qaradi-yu, indamadi. Safarning bu ayolga achinganidan emas, irgangani uchun kirmaganini bilardi.
Ayol bu uyda paydo bo‘lganida shu atrofda yashovchilarning ayrimlari undan hayiqishdi, ba’zilari esa irganishdi. Shu ko‘chada, shu uyda tug‘ilib unib-o‘sgan Bobomuroddan barcha hayiqardi. Qamoqdan qutulib kelib, keyin yana qamalib ketguniga qadar birov unga yurak yutib tik qaray olmasdi. Bobomurod bu mahallada birovning cho‘pini olmagan, birovni chertmagan, birovni so‘kmagan bo‘lsa-da, «o‘g‘ri» degan nom bilan yurgani uchunoq hamma hayiqardi. Ayoldan hayiqishlariga sabab ham aynan shu edi. Ayol ko‘chaga kam chiqardi. Chiqqan mahalida o‘ziga xavotir bilan qarab turganlarini sezsa, jilmayishga harakat qilardi. Irganayotganlarini sezsa yuzini teskari burib olardi. Bir yili Omonullo Safar bilan kirganida opasi kasallik hurujidan endi holi bo‘lib turgan payti ekan. Esi o‘ziga qaytgani bilan rangidagi tundlik tarqamagan, parishon sochlarini tarashga hali ulgurmagan ekan. O’shanda Ayol Safarning qarashidanoq uning irganayotganini sezdi. Ular uyga kirib o‘tirishgach, xonasiga o‘tib o‘ziga oro berdi. So‘ng dasturxon tuzadi. Choy quyib avval Bobomurodga, keyin Omonulloga uzatdi-da «o‘rtog‘ingizga» deb pichirlab qo‘ydi. Omonullo shundan so‘ng Safarning irganganini ham fahmladi, opasining odatini ham bildi.

Qayd etilgan