BISMILLAHI ROHMANIR ROHIYM.
1 — fasl. Xonadon guli.
Xuvaylidning hovlisi hursandchilik, baxt-surur, do’stlik va yaxshilik tuyg’ulari bilan to’lib — toshgan edi. Chunki qizi Xadicha bu honadonga o’zgacha fayz bag’ishlab turardi. Oila a’zolarining barchasi uni yaxshi ko’rar, dildan suyar, hatto qo’ni — qo’shnilar ham uni alqab, ko’nglini chog’lashga harakat qilishardi. Uni barcha birday tilidan bol tomib maqtar, bir so’z bilan aytganda, u hammaning mehr-muhabbatini qozongan edi.
Xuvaylid Quraysh saidlaridan bo’lib, har bir ishda qavmiga maslahatgo’y edi. Usiz biron ish boshlanmasdi. Garchi uning oilasi kattagina bo’lsa-da, ehson qilishda bemisil, o’ta sahiy inson edi. Uning hovlisini odamlar "œofiyat maskani" deb bilishardi. Bu yerda mehmonlar hotirjamlik, rohat va go’zal muomala topardilar. Bu hovlida sahovat dasturhoni hamisha ochiq edi.
Xadicha bunday muhitda, tabiiyki, sahiy va marhamatli bo’lib voyaga yetdi. Boylikka hirs qo’ymadi. Inson hayotining mazmuni faqat mol-mulk bilan o’lchanmasligini anglab yetdi. Bu ne’matlarni yetkazgani uchun Allohga shukur qilish lozimligini bir zum ham unutmadi.
U faqir va muhtojlarga qo’lidan kelganicha ko’mak berar, bu yo’lda mol-mulkini sira ayamas edi. Tilanchilarning qo’lini qaytarmas, hamisha musofirlarning hizmatida bo’lar, biron narsa so’rashsa, og’rinmay berar, hammani hojatini chiqarishga shay turardi. Xadichani bunday go’zal hulqini ko’rib, tabiiyki, qarindosh-urug’lari, qavmdoshlarining boshi ko’kka yetardi. Ayniqsa, qalbi rahmat va halimlik bilan limmo-lim bo’lgan otasining shodligini aytmaysizmi?! Qizidagi go’zal fazilatlarni ko’rib, unga bo’lgan mehri kun sayin oshardi. Yaxshi hulqi, o’tkir zehni, fahm-farosati va uddaburonligi uning porloq kelajagidan, imon-tavfiqidan darak berar edi.
Xuvaylid qizi haqida o’ylar ekan, uning go’daklik chog’larini esladi. Uning ilk qadamlari, yengil harakatlari, mehribon va ma’sum qarashlari ko’z oldidan o’tdi. Hursand bo’lib, Allohga shukur aytganicha, o’z-o’ziga dedi: "œQanday odamlar-a"¦ Bulardan ham zolimroq kimsa bormi?! Qanday qilib, o’z qizlaridan jirkanadilar?! Bunchalik berahm bo’lishmasa?! Axir, nobud bo’lga norasidalar orasida Xadicha singari ma’sum checheklar qancha?! Ha, chindan ham Xadicha hovlimizdagi hushbo’y rayhon, ko’nglimizning quvonchidir"¦" Keyin u qizini huzuriga chaqirdi. Nasihatlar qildi. Qizini odob bilan bosh egib turishini ko’rib, ich-ichidan quvondi. Porloq yuziga, go’zal qomatiga nazar tashlarkan, Xadichaning qo’lini so’rab kelayotgan sovchilar ko’z oldidan o’tdi. Biroq u bu haqida gapirishning hali mavridi emas, deb o’yladi. Qolaversa, sovchi qo’ygan yigitlarning aksariyati Xadichaga emas, balki dunyo ziynatlariga ko’ngil qo’yishgani va faqat obro’li xonadonga kuyov bo’lishni rejalashtirganini yaxshi anglar edi.
Xadicha qo’ni-qo’shnilar orqali o’ziga kelayotgan sovchilar haqida eshitar, bu haqida gap ketarkan, beixtiyor yuzi qizarib, nima deyishni bilmay qolar edi. U erga tegish haqida bosh qotirmas, ko’proq o’z ishlari bilan band bo’lardi. Chunki otasining diyonatli inson ekanini bilar, uni albatta yaxshi honadonga, solih insonga uzatishiga ishonar edi. Zero, otasi muruvvat va sahiylik sifatlari bilan ziynatlangan kishi edi. Makka shayhlari yosh yigitlardek havolanganda, u o’zini o’ta kamtar tutardi. Xuvaylid har bir ishni tarozuga solib ko’radigan, ma’suliyatni his qiladigan, hakim va dono kishi edi. U har qanday holatda ham sahovat va ezgulik tamoyilidan og’ishmasdi.
Kunlarning birida kech payti Xuvaylidning hovlisiga Bani Mahzum qabilasidan mehmonlar kelishdi. Ular shunchaki mehmonlar emasdi. Ziyofat, o’zaro suhbat uzoq davom etdi. Mehmonlar hayr-hush qilib uylariga qaytishgach, Xuvaylid ham hujrasiga kirdi. Uni xotini Fotima intiqlik va hayajon bilan kutardi. Xuvaylid gapni cho’zmasdan muddaoni bayon qilib qo’ya qoldi. Fotimaning yuzi yorishdi. Erining qarori unga ham ma’qul kelgan edi. Ular shod-hursand holda hujradan chiqdilar. Xuvaylid dam olish uchun qurilgan so’riga borib o’tirdi. Ipakdan tikilgan qimmatbaho ko’rpa-bolishga yonboshlab, o’yga toldi. Xotini ham kelib yoniga o’tirdi. Keyin qizi Xadichani chaqirdi. Qizi tezda, lekin uyalibgina ko’rinish berdi. Ulardan sal uzoqroqda to’xtadi.
Xuvaylid qiziga tabassum bilan qarab: "œO’tir, Xadicha, - dedi. — Sen bilan bir masala yuzasidan fikrlashmoqchiman. Qani, sen nima der ekansan?! Gaplarimini yaxshilab tinglab, o’ylab javob ber".