Tayammumning sunnatlari
«Bismillah...»ni aytmoq, zarbni kaftning ichi bilan qilmoq, qo‘ldagi changlarni silkitib tashlamoq, tartib bilan qilmoq, ya’ni avval yuzga mash tortib, keyin qo‘lga mash tortmoq, ketma-ket qilmoq, ya’ni niyat qilib tayammumni boshlagach, to tugaguncha boshqa amalni qo‘shmaslik, soqol va barmoqlar orasiga xilol qilmoqlik, keng uzuk bo‘lsa, uni qimirlatib ostiga mash yetkazmoq, ammo uzuk tor bo‘lsa yoki soatga o‘xshash narsalar bo‘lsa, ularni tayammumdan oldin yechib qo‘yish kerak, chunki ularning ostiga mash yetmaydi, mashni o‘ng qo‘ldan boshlamoq, bularning hammasi sunnat hisoblanadi.
Kaftlarning ichini yer jinsidan bo‘lgan pok narsaga bir zarb uradi va qo‘lning orqa-oldini aylantiradi, so‘ng qo‘lini siltab, yuziga tahoratda yuviladigan yeriga hech bir joy qoldirmay mash tortadi. Keyin yana qo‘lini ikkinchi bor zarb uradi, yuqoridagi ko‘rinishda aylantirib, changlarini qoqadi va ikki qo‘lining tirsagigacha qo‘shib kafti bilan mash tortadi. Mana shu tayammum bilan nafl va farz namozlaridan xohlaganicha o‘qiy oladi va tahoratli kishi hukmida bo‘ladi.