Jamoatning hukmi va hikmati
Namozda imomga qo‘shilib kamida bir kishi yoki undan ko‘p xoh erkak, xoh ayol va xoh oq-qorani ajrata oladigan bola bo‘lsa, jamoat, deyiladi. Erkak uchun namozni jamoat bo‘lib o‘qish ta’kidlangan sunnatlardandir. Bu namoz yuqoridagi hadisda aytilganidek, yolg‘iz o‘quvchining namozidan afzal turadi. Shubha yo‘qki, barcha musulmonlar masjidlarda kuniga besh marotaba jam bo‘lib, o‘rtalarida o‘zaro yordamlashish va ulfatlashishni yo‘lga qo‘yadilar. Qalblari esa muhabbat rishtalari bilan bog‘lanadi. Kuchli zaif oldidagi burchini his qiladi, sog‘lom kasalning holidan xabardor bo‘ladi, boy kambag‘alga muruvvat qilib, katta kichikni o‘z yoniga oladi, savdogar dehqon bilan, amir esa miskin bilan bir safda yonma-yon turadi. Muhimi, hamma Allohning nazdida barobarligini tan oladi. Parvardigorlari huzurida faqat taqvo bilangina mukarram bo‘lish mumkinligini tushunib yetadi.
Jamoat namozi tartib va intizomga muhabbat qo‘ydiruvchi, solih yo‘lboshchining buyruq va qaytariqlariga itoat ettiruvchi murabbiydir. Nima uchun bunday bo‘lmasin? Axir ular o‘zlarining imomlariga iqtido qiladilar, imomlari takbir aytsa, ular ham takbir aytadilar, ruku’ qilsa, ruku’ qiladilar, sajda qilsa, sajda qiladilar. So‘zda undan oldinga o‘tib ketmaydilar, amalda esa unga qarshi chiqmaydilar.
Musulmonlarning jamoatini hosil qiladigan Alloh taoloning baytlari bo‘lmish masjidlardan ko‘ra ulug‘roq makon yana qaerda bor?!
Musulmonlarning qalblarini bir-biriga ulfat etadigan jamoat namozidan o‘zga qulayroq yana nima bor?!