Umumiy bo'lim > Rasululloh SAV va sahobalar

Hazrat Umar roziyallohu anhu hayotlaridan hikoyatlar

<< < (9/10) > >>

ЖАМШИДЖОН:
Tundagi hodisa

Musulmonlarning xalifasi Umar (r.a.) doimiy odatlariga ko‘ra, bir kun kechasi Madina ko‘chalarini aylangani chiqdilar. U ana shunday «sayr» paytida aholining holidan xabar olar, adolat buzilmasligini nazorat qilar, beva-bechoralarning arz-shikoyatlarini tinglar edilar.
Bu gal ham tungi ko‘chalarni aylanib yurarkan, oldinda bir sharpa ko‘rindi. Yaqinlashib qarasa, bir odam hadeb chodir ichiga qarayapti. Hazrati Umar undan so‘radilar:

— Bu yerda nima qilib turibsan?
— Sayohatga chiqqan edik. Ichkarida o‘tirgan mening oilam, homilador edi, shu yerda to‘lg‘oq tutib qoldi. Majburan biz shu yerda qoldik, biz bilan kelgan karvon yo‘lida davom etib ketdi, - deb javob berdi musofir.
— Unda nega bu yerda turibsan, kirib xotiningga yordam bermaysanmi? — dedilar Umar (r.a.).
— Yordam beray, desam, bu ishga aqlim yetmaydi.
— Unda sen shu yerda tur, men hozir doya olib kelaman.

Umar (r.a.) shunday deb, uylariga jo‘nadilar va uxlab yotgan xotinlarini uyg‘otdilar.

— Yo Ummu Gulsum. Tur o‘rningdan, hozir sening yordaming kerak bo‘lib qoldi. Agar urush maydonida jang bo‘lsa, bezovta qilmas edim. Bugun sen keraksan, bu ish sening qo‘lingdan keladi.

Ummu Gulsum chodirdagi ayolga yordam qildi va bir ozdan so‘ng chodir ichidan chaqaloqning yig‘isi eshitildi. Yumushlarini tugatib chiqqan Ummu Gulsum musofirni o‘g‘illi bo‘lgani bilan qutladi. So‘zlashuv asnosida xotinining tug‘ishiga kimlar yordam berganini sezib qolgan musofir tamoman dovdirab qolgandi:

— Yo amiral-mo‘minin, sizni bezovta qildimmi?

Bunga javoban hazrati Umar xiyol jilmayib qo‘ydilar va musofirga qattiq tayinladilar:

— Tongda huzurimga kel. Baytul-moldan kerakli yordam beriladi.

ЖАМШИДЖОН:


Umar ko‘chadan kelib, endigina istirohat uchun yonboshlamoqchi edi, qo‘shni ayol kirib keldi:

— Menga qara, Ibn Xattob, sendan yordam so‘rab chiqdim. Ikki joriyam sarkashlik qilib, jonimga tegyapti. Ota-bobolarimizning dinini tashlab, anavi Muhammad deganlariga ergashayotgan emish. Yo‘lga solishga kuchim yetmayapti, bilasan, boshimda erkagim yo‘q. Sen bir ta’zirini berib qo‘yarmikansan, deb chiquvdim.

Umarga jon kirdi. Uning vujudida yovvoyi bir kuch, shafqatsiz bir telba tuyg‘u aslo tinchlik bermas, fitratidagi badjahllik, qaysarlik, urishqoqlik hamisha uni gij-gijlab turar, qaerda janjal-to‘polon bo‘lsa, o‘sha yerda Umar hoziru nozir edi. Hozir ham endigina qoziqqa ilgan qamchisini olib, bevanikiga qarab yurdi. Kira-solib, ona-bola Nahdiyya va Lubaynani ayamay, boshi-ko‘zi demay savalay ketdi. U «dindan chiqqan» ona-bolani uzoq qamchiladi, ularning yuz-ko‘zi qip-qizil qonga belandi. Umar ora-sira urishdan to‘xtab, ayollarning «insof»ga kirib, uzr so‘rashini kutar, ammo ularning shuncha kaltakka ham parvo qilmay, «iymon», «iymon», deyaverishlari battar g‘azablantirardi. U yana jazavaga tushganicha, qamchi ustiga qamchi yog‘dirardi.

Oxiri Umar holdan toydi, peshonasidagi reza-reza terlarni qomiysining etagi bilan artib, ona-bolaga ko‘zlarini qahr bilan tikdi:

— Xo‘sh, Lubayna, kaltakka to‘ygandirsan? Senga rahmim kelganidan emas, charchaganimdan to‘xtadim. Oxirgi marta so‘rayman, bekangning aytganiga ko‘nasanmi-yo‘qmi?

Lubayna og‘zidagi qonni tupurib tashladi, indamay Umarga qarab, «yo‘q» deganday bosh chayqadi:

— Yana savashimni xohlayapsan, shekilli?
— Sen-ku kaltaklab charchaysan, Umar, ammo men kaltak yeyishdan charchamayman. Sening qamchilaring mening qalbimdagi iymonni mustahkamlayapti, xolos!..

Ayol gapini tugata olmadi. Umarning a’zoi badani qaltirab, jazavaga tushdi, ilojsizlikdan, gapiga ko‘ndirolmaganidan alamga kirdi va «uv» deya qichqirganicha, holdan toygan Lubaynaga tashlanib, uni bo‘g‘a boshladi. Bu ikki cho‘ri kim bo‘libdiki, hech kim gapini ikki qilolmaydigan Umarga tik boqsa, gapiga rad javobi bersa?! Ularning ishongani kim o‘zi, suyangani nima o‘zi?!

Umar go‘yoki quturgan bir maxluq holatiga tushgandi, ko‘ziga hech narsa ko‘rinmasdi. U baquvvat va dag‘al qo‘llari bilan Lubaynani bo‘g‘arkan, ayol bor kuchini to‘plab, uning qo‘llarini ajratib tashlamoqchi bo‘ldi, ammo kaltaklar zarbidan holsizlangan tananing bunga majoli yetmadi. Lablari «Alloh, Alloh», deya pichirladi-yu boshi shilq etib shalvirab tushdi. Umar uni o‘ldi, deb o‘ylab qo‘lini bo‘shatdi. Endi u boyadan beri qiziga azob berayotgan Umarga qo‘rquv, dahshat va g‘azab bilan termulib turgan Nahdiyya tomon yurdi. Uni ham rosa kaltakladi, keyin tomog‘idan olib bo‘g‘di. Bechora ona ham hushidan ketdi. Umarning shunda ham g‘azabi so‘nmagan, jahli pasaymagan edi.

Oradan bir necha kun o‘tib, beva ayol yana cho‘rilarini xo‘rlab, kaltaklayotganida bir voqea sodir bo‘lganini Umar eshitib qoldi. Beva ayol: «Yo ota-bobolarimiz diniga qaytasizlar, yo o‘lib qutilasizlar», deb xo‘rlayotganida, yaqindagina Islomga kirgan Makka kiborlaridan Abu Bakr shu yerdan o‘tib qolibdi va ikki cho‘rini sotib olib, Alloh roziligi yo‘lida ozod qilib yuboribdi. Bu xabardan Umarning hayronligi oshdi, Abu Bakr bilan urishmoqchi ham bo‘ldi. Nimadir uni bu yo‘ldan qaytarib qoldi... Nimadir uning qalbini bezovta qilayotgandi...

ЖАМШИДЖОН:
Quturgan sel

Makka mushriklari shaharda Islom diniga kirib, Muhammad alayhissalomga ergashganlarga aslo tinchlik bermay qo‘yishdi. Ko‘cha-ko‘yda uchratib qolishsa, haqoratlashar, goho kaltaklashar, itga talatishardi. Boshlaridan xamr quyib yuborishardi. Axlat va mag‘zavalarni sochib ketishardi. Bolalarini musulmonlarning bolalariga qarshi gij-gijlashardi. Xullas, mushriklar Islomga kirganlarning boshiga it kunini solayotgan alamli, xo‘rlik kunlar edi. Bu ishda, ayniqsa, Makkaning obro‘li, gapi butun akobirlaridan Abu Sufyon, Amr ibn Hishom, Umar ibn Xattob kabilar rosa quturib, alamini uchragandan olayotgan, zahrini xohlaganga sochayotgan fojiali kunlar edi.

Amr ibn Robia ham xotini Laylo bilan ko‘p musibat, xo‘rlik-kamsitishlarga duchor bo‘lishdi. Oxiri ko‘ch-ko‘lonlarini yig‘ishtirib, qancha yillar yashagan hovli-joylar, xesh-aqrobalarini tashlab, Habash yurtiga hijrat qilishga qaror qilishdi. Ularning yo‘l tadorigiga tushib qolganini ko‘rgan Umar Layloning yo‘lini to‘sib chiqdi:

— Yo‘l bo‘lsin, Abdullohning onasi, Makkani tark etib, safarga ketmoqchimisizlar?

Laylo Umar bilan gap talashish befoydaligini his etib, o‘zini qo‘lga oldi-da, hayajonini yashirib ohista dedi:

— Ha, Umar, bu yurtdan bosh olib ketmoqchimiz. Allohning dargohi keng, shuncha xo‘rlanganimiz, azob-sitamlarga qolganimiz yetar! Axir sizlar kun bermay qo‘ydingizlar-ku, ayovsiz xo‘rlab, kamsitib, azoblab tashladingizlar-ku! Ha, Umar, Allohning yeri bepoyon, karami keng, biror joydan tinchroq, erkinroq yashash imkoni chiqib qolar?

— Yaxshi o‘ylabsizlar, xudoyingiz sizlarga yo‘ldosh bo‘lsin!

Er-xotin gapni chuvalatmaslik uchun eshaklarini niqtashdi. Umar ularning ortidan ma’yus tikilganicha qoldi. Laylo buni sezdi. Hatto Umarning tovushida allaqanday siniqlik, achinish ohanglarini ilg‘aganday bo‘ldi. Yo o‘zining hozirgi holati juda g‘amgin bo‘lgani, yig‘lab yubormaslik uchun lablarini qattiq qimtib olgani uchunmi, unga shunday tuyulgan bo‘lishi mumkin edi. Har qalay, tug‘ilib o‘sgan joyingni, vataningni, qavmu-qarindoshlaringni tashlab ketish oson ish emasdi. Ammo bunday qilmaslikning iloji ham yo‘q edi. Chunki tarozining narigi pallasiga er-xotinning dini-iymoni qo‘yilgan edi.
Biroz yurishgach, Laylo eri Amirga qalbini kemirayotgan shubhalarini so‘zlab berdi. Ammo u xotinining kuzatishlariga uncha ahamiyat bermadi:

— Nima, Umar ham musulmon bo‘ladi, deb o‘ylayapsanmi?
— Aniq aytolmayman-u, ammo shunaqaga o‘xshaydi. Gaplaridan qilgan zulmlariga pushaymon bo‘layotgani sezilganday tuyuldi.
— E, bunga aslo aqlim yetmaydi. Xattobning eshagi musulmon bo‘lishiga ishonish mumkindir, ammo Umarning Islomga kirishiga ishonish qiyin.

Hijratga otlanib, vatanini tark etayotgan Amir va Laylo zolim va toshbag‘ir Umarning qalbida hozir nelar kechayotganini, nimalar tug‘yon urayotganini qayoqdan bilsinlar? Go‘yoki jilovsiz sel kabi kuch-shijoati vujudiga sig‘mayotgan Umar, kechagina uchraganga zahrini sochib yoki tekkanga tegib, tegmaganga tosh otib, dilini og‘ritib yurgan Umar, ayniqsa Muhammad alayhissalomga ergashib, iymon va Islom ne’matiga musharraf bo‘lgan musulmonlarni qon qaqshatayotgan Umar bugun sal boshqacharoq bo‘lib qolayotgandi. Quturgan, vahshatli, dahshatli, yo‘lida uchragan hamma narsani, jonzot va jonsizni surib, yig‘itib, yanchib borayotgan sel oqimini to‘g‘ri to‘g‘onga yo‘llab qo‘yilsa, sokin bo‘lib, tinchlanib qolgani kabi jaholat va g‘azab, qaysarlik va shafqatsizlik uya qurgan Umarning qalbiga bugun iymon nurlari, Allohning nuri tajalliysi o‘ziga yo‘l axtarayotgandi.

"Haq hamisha g‘olib"

ossiyobinti:
Amr ibn Maymun raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Men Umar ibn al-Xattob raziyallohu anhuni shahid bo‘lishlaridan bir necha kun ilgari Madinada ko‘rdim. Ul kishi Huzayfa ibn Al-Yamon birlan Usmon ibn Hunayfni to‘xtatib: «Qanday qarorga keldingizlarmi (yoki) sizlar Yerdek ko‘tarib bo‘lmaydirgan bir og‘ir yumushni o‘z zimmalaringizga olib quymog‘ingizdan cho‘chiyotirsizlarmi?!» — dedilar. Ular: «Biz (bu og‘ir) yumushni (shunday) bir (muhim) ish uchun o‘z zimmamizga oldikkim, u ulug‘ fazilatga molik bo‘lganidan toqat qilarlidur», — deyishdi. Hazrat Umar: «O’ylab ko‘ringizlar, tag‘in Yerdek ko‘tarib bo‘lmaydirgan bir og‘ir yumushni zimmangizga olib qo‘ygan bo‘lmangizlar!» — dedilar. Ular: «Yo‘q, unday emas», — deyishdi. Hazrat Umar: «Agar Olloh taolo meni salomat saqlasa, Iroq ahli bevalarini (Islomni qabul qilib, musulmonlarga turmushga chiqmoqqa) da’vat qilurmankim, mendan keyin sira erkakka (erga) muhtoj bo‘lmagaylar», — dedilar. Ammo, shul voqeadan to‘rt kun o‘tmay, ul kishi shahid bo‘ldilar.

Wild Flower:

--- Iqtibos: Wild Flower  20 Oktyabr 2009, 12:00:25 ---Hazrati Umar Raziyallohu Anhuning muborak odatlaridan biri erta sahardan masjidga borish edi. Hazrati Umar masjidga azon aytilmasdan oldin borar va namoz vaqtini jome'da kutar edi. Bir kuni tong otmay turib masjidga borar ekan bir bolani shoshilib masjidga ketayotganini ko'rdi. Bola Hazrati Umar Raziyallohu anhuning nazari oliylariga tushdi. Hazrati Umar bolaning bunday shoshilib ketayotganini ko'rib unga:
- Bolajonim, nega shoshilib ketayotibsan, qaerga yugurib boryapsan dedi?
- Namozga ketmoqdaman, hazrat. Namoz vaqti yaqinlashdi, mening esa tahoratim yuq, tahorat olishim kerak. Azon o'qilmasdan oldin tahorat olib namoz vaqtini kutaman. Shuning uchun yugurib ketyapman. - dedi.
hazrati Umar bolaga:
- Bolam, sen juda yosh ko'rinasan, senga namoz hali farz emas,- dedi.
bola:
- Hazrat, Bu ish uchun katta kichiklik bo'ladimi. kecha mahallamizda  yosh bir bola vafot etdi. u mendan ancha yosh edi. demak bu ish uchun katta kichik bo'lmaydi,-dedi.
Hazrati Umar bolaning bu so'zlaridan juda to'lqinlanib ketdi. Shunday mutaasir bo'ldiki, shunday quvondiki muborak ko'zlaridan inju donalaridek yoshlar oqa boshladi. Yo, rabbiy bu bola qanday ajoyib, qanday aqqli. Bu go'zal so'zlar ulug'larning og'zidan chiqadigan so'zlardir deb shunday yig'ladiki muborak hilqasi ho'l bo'lib ketdi.


--- End quote ---
EY Haq yo'lchisi bu kichik hikoyada qanday o'gitlar bor. agar inson tushunib bilsa bu jajji hikoyachada umrining saodat sarchashmasini topa oladi. Ota-bobolarimiz aql yoshda emas boshda deganlar. O'ziga namoz farz bo'lmagan go'dak o'zlariga farz bo'lganlarga qaraganda hushyorroq ekanligi aqlining barkamolligidandir. O'zlariga namoz albatta farz bo'lgan yoshi ulug' bo'lib qolgan qanchalar musulmonlar borki namozdan behabarlar. Holbuki, bu kimsalar namozlarini hech qoldirmasliklari  kerak edi. bugun Namoz o'qiyman, ertaga namoz o'qiyman deb tanballik qilishlari oqillik emasdir. Ba'zi yanglish tushunchali johil kimsalardan sovuq, totsiz, tuzsiz so'zlar eshitamiz. "hali juma yoshman, sal yoshim ulug' bo'lsin, shunda namoz o'qiyman. hech bo'lmasa 30-40 ga kiray 50 yoshni nishonlay keyin namoz o'qiyman. Unda hech namozni kanda qilmayman." deydilar. Omonlik ber Ollohim, omonlik ber. Bular shunday sovuq yanglish so'zlarni aytadilarmi? bu odamlar aql taqsim qilinayotganda qayerda edilar, ajabo? ey, bunday so'zlarni so'zlagan g'aflatdagi odam: necha yoshga chiqish sening qo'lingdami? Bir kun, 10 kun, 1 yil va yoki 10 yil hatto 10 soniya, 10 daqiqa yashashingni ko'rsatuvchi biror ahding bormi? biror shartnomang bormi? bu so'zlaringni aql tarozusida tortib ko'rdingmi?

Navigation

[0] Message Index

[#] Next page

[*] Previous page

Go to full version