29-bob. Janob Rasulullohning qadah va idishlaridan ichmoq haqida
Abu Burda rivoyat qiladilar: «Abdulloh ibn Salom menga: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning muborak lablari tekkan idishda senga biror ichimlik quyib berayinmi?» — dedi».
Abu Hozim rivoyat qiladilar: «Sahl ibn Sa’d raziyallohu anhu bunday deb aytgan erdi: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga bir arab ayoli haqida so‘zlashdi. Shunda ul zot Abu Usayd as-So’idiyga o‘shal ayolga odam yubormoqni buyurdilar, u odam yubordi. Keyin, ayol Banu So’ida bog‘iga kelib tushdi. Janob Rasululloh u tomon yo‘lga chiqib yetib bordilar-da huzuriga kirdilar, ayol boshini quyi solib o‘ltirar erdi. Janob Rasululloh ayolga gapirgan erdilar, u «Olloh taolo meni sendan qutqarsin!» — dedi. Janob Rasululloh «Seni o‘zimdan qutqarib bo‘lganman!»—dedilar. Sahobalar unga «Sen bul zotning kim erkanliklarini bilurmisan?»—deyishdi. Ayol: «Yo‘q»,— dedi. Sahobalar: «Bul zot Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdurlar, seni o‘zlariga xotinlikka so‘ragani kelganlar»,— deyishdi. Ayol «Men shundan iztirobdaman!»— dedi. Janob Rasululloh o‘shal zamonoq uydan qaytib chiqdilar-da, Banu So’ida ayvoniga borib o‘ltirdilar, sahobalar ham borib o‘ltirishdi. Keyin, ul zot menga «Ey Sahl, bizning tashnaligimizni qondirgil!»—dedilar. Men bir qadah olib chiqib, ularning barchasiga suv quyib berdim»