MUQADDIMA
Bismillahir rohmanir rohiym
Barcha olamlarning Rabbi va Parvardigori Alloh taologa behisob hamdu sanolar bo‘lsin. Faxri Koinot - Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomga, u zotning ashoblariga, ahli baytlariga salovotu-durudlar bo‘lsin.
Butun yer yuzidagi insoniyat, Sharqu G’arbdagi barcha qavm va millatlarga rasul qilib yuborilgan payg‘ambarlarning oxirgisi Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallam qiyomatga qadar odamzotni saodat va najotga yetaklovchi ulug‘ yo‘lboshchi bo‘lib qolaveradilar. Rasulullohning (sollallohu alayhi vasallam) shamoillari, xulq-odoblari har bir mo‘min-musulmon uchun katta ibrat, u zotning yashash tarzlari, ko‘rsatmalari, amr-qaytariqlari har birimiz uchun muhim dasturil-amaldir. Chunki Payg‘ambar alayhissalom yurish-turishda, muomala-muosharatda, holi hayotda va ibodatda, oilada va kishilar orasida, xullasi barcha sohada o‘z davrlarida ham, undan keyin Allohning rasuliga xos yuksak fazilatlar, oliy xulq sohibi bo‘lib qoldilar. Zotan, Nabiyning (sollallohu alayhi vasallam) o‘zlari ham: «Men yaxshi xulqlarni kamolga yetkazish uchun payg‘ambar bo‘lib keldim», deganlar. Yana bir hadisi sharifda: «Mo‘min kishiga berilgan narsalarning eng yaxshisi chiroyli xulqdir», deyilgan. Rasuli akram haqlarida so‘ragan kishilarga zavjalari hazrati Oisha: «Payg‘ambarimizning axloqlari Qur’on edi», deb javob berganlar. Haqiqatan Qur’onning barcha amrlari Rasulullohning (sollallohu alayhi vasallam) siyrat va suratlarida aks etgan.