Anda yahudlar bir zum ilgari bergan ahdlarini buzib, o‘zlari ishonch ko‘rsatgan Abdulloh ibn Salomdin yuz o‘girdilar. Payg‘ambarimiz oldida ul kishiga kelishmagan, yomon so‘zlar aytgani turishdi. Buni ko‘rib, alardin Rasululloh umidlarini uzdilar. Bu yig‘ilgan yahudlar ham shundoq ulug‘ ne’matdan benasib bo‘lib tarqashdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Makkada turgan chog‘larida Quraysh mushriklaridan, keyin bu yerlik munofiqlardan ham to‘la aziyat tortdilar. Buning ustiga Arabiston yahudlaridan ayniqsa, madinaliklar alarga qo‘shimcha bo‘ldi. Bularning dushmanliklari barchalaridan ham qattiqroq edi. Ochiqdan-ochiq ziyon yetkazish yo‘lini topolmasdan, yashirin ravishda qasd qilishga kirishdilar. Shundoqki, Labid ibn A’som degan yahudiy Rasulullohga sehr qildi. Alardin bir yosh o‘g‘il kelib, Rasulullohga xizmat qilib ketardi. Shu orqalik siniq soqol taroqlarini, yana bir necha tola muborak soqollarini oldi, bularning yoyining (kamonning) ipiga qo‘shib, o‘n bir tugun tugdi, bu tugunlarga igna sanchib, o‘ziga maxsus amallari bilan sehr bog‘ladi, bu jodu sehrlik tugilgan iplarni Zarvon ismlik quduq suvi ichida bir og‘ir tosh tagiga bostirib qo‘ydi. Bir necha kun ichida bu sehr ta’sirida Rasulullohning mijozi shariflari bir oz o‘zgardi. Buning muddatida bir yil, yoki olti oy, yoki qirq kun deyilgan uch rivoyat bordur.
So‘ngra Jabroil alayhissalom kelib, bo‘lgan voqea¬dan xabar berdilar. Rasulullohning amrlari bilan Hazrati Ali borib, ul jodu amallarini quduqdan topib chiqdi. O‘n bir tugunlik sehr ta’sirining raddiga o‘n bir oyatlik ikki sura: «Falaq va Nos» suralari nozil bo‘ldi. Jabroil har oyatni o‘qiganda bir tugun yechilar edi. O‘n birinchi tugun yechilishi bilan sehr ta’siridan hech asar qolmay, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sog‘lom bo‘ldilar. Lekin shuni bilmak kerakkim, bu sehrning ta’siri oz-ko‘p, muborak jasadlarida ma’lum bo‘lgan edi. Ammo aqllarida zarrachalik o‘zgarish yo‘q edi. Shuning uchun payg‘ambarlikka bu ishning zarracha nuqsoni yo‘q edi. Agar insoniy tomonga boqilsa, turlik jismoniy hodisalar payg‘ambarlarga ham bo‘lishi mumkindur. O‘tning kuydirishi, suvning ho‘l qilishi, yolg‘iz tabiatlari bilan bo‘lmay, Alloh izmi bilan bo‘lganidek, sehrning ta’siri ham Allohning iznisiz bo‘lmaydi. Qur’ondagi «Va mahum bidorrina illa bi iznilloh», ya’ni: «Sohirlar (sehr qiluvchilar) Allohdin iznsiz hech kimga zarar yetkaza olmas», degan oyat bunga ochiq dalillur.