Savol. Islom tarixi.
Sulaymon a.s. vafotlaridan keyin jinlar U Zotni sehrgar deyishgan.
Bunga sabab nima edi?
Va buni rad qilib Qur'oni Karimni qaysi surasidagi,
qaysi oyatlar nozil bo'lgan?
Ma'lumki Sulaymon alayhissalomga Alloh taolo bir qancha ne'matlarni ato etgan. Jumladan jinlarni boshqarish ham Sulaymon a.s.ga berilgan mo'jizalardan edi. Sulaymon a.s. paytlarida ariqdan muzdek mis oqar, payg'ambar buyrug'i bilan jinlar undan turli buyumlar yasardilar. Baland binolar barpo etardilar.
Sulaymon alayhissalom asoga tayangan holda vafot etganlaridan so'ng esa jinlar bir yilgacha u kishining xizmatlarida bo'laverdilar. ya'ni u zotning o'lganlarini to asoni qurt yeb bitirgungacha sezmadilar:
Bas, qachonki, Biz (Sulaymonga) o'limni hukm qilganimizda, uning o'limiga faqat asosini yeyayotgan kemiruvchi qurtgina dalolat qildi. Bas, qachonki, u qulab tushgach, jinlarga aniq bo'ldiki, agar ular g'aybni biluvchi bo'lganlarida bu xor qiluvchi azobda (mehnatda) qolmagan bo'lur edilar. (Saba' surasi, 14-oyat)
Shundan keyin esa ular Sulaymon payg'ambarni sehrgarga chiqardilar.
Buni rad qilib Qur'oni karimning ushbu oyati nozil bo'lgan:
Va Sulaymon davridagi shaytonlar (jinlar) aytgan narsalarga ergashadilar. Sulaymon kofir emas edi, balki odamlarga sehr o‘rgatadigan shaytonlar kofir edilar. Va Bobildagi Horut va Morut nomli farishtalarga tushirilgan narsalarga ergashadilar.— Holbuki, u farishtalar: «Biz faqatgina fitnamiz (ya’ni odamlarni aldab imtihon qilish uchun yuborilganmiz), bas, (biz aytgan narsalarni qilib) kofir bo‘lib qolma», demasdan turib hech kimga hech narsa o‘rgatmas edilar.— Va o‘shalardan (Horut va Morutdan) er-xotinning o‘rtasini buzadigan narsalar o‘rganadilar. (Lekin) ular (yahudiylar) Allohning iznisiz hech kimga zarar yetkaza olmaydilar. Va hech foydasiz, bil’aks zararli narsalarni o‘rganadilar. Axir (Allohning kitobi o‘rniga sehrni) almashgan kimsalarga oxiratda hech qanday nasiba yo‘q ekanini bilgan edilar-ku. Jonlarini naqadar yomon narsaga (ya’ni oxiratdagi mahrumlikka) sotganlarini bilsalar edi. (Baqara, 102-oyat)