Makka bilan Shom orasidagi Yasrib (Madina) xalqi Baytullohni tavof etgani kelib turishardi. Yasriblik Avs va Xazraj urug‘lari qarindosh bo‘lishsa-da, o‘rtalarida ahillik yo‘q, muttasil yovlashib, urush-janjal chiqqani-chiqqan edi. Ular bilan bani Qaynuqo, bani Qurayza, bani Nazir kabi yahudiy qabilalari birga yashashardi. Arablar ular bilan urushib, g‘alaba qozonishdi. Mag‘lubiyatga uchragan yahudiylar yaqin orada dunyoga keladigan payg‘ambar haqida so‘zlashib, ularni qo‘rqitishardi. Arablarning orasida ixtilof tug‘ilib, ahillik yo‘qolgach, dushmanlari bo‘lgan yahudiylar bilan ittifoq tuzishdi. Avs qabilasi bilan bani Qurayza, Xazraj bilan bani Nazir hamda bani Qaynuqo o‘rtalarida do‘stlik shartnomalari imzolandi. Buos urushi Avs qabilasi bilan Xazraj qabilasi o‘rtasidagi so‘nggi qirg‘in bo‘lib, bu jangu jadalda ikkala tomon oqsoqollarining ko‘pi qirilib ketdi. Xazraj boshliqlaridan Abdulloh ibn Ubay ibn Salul, Avsdan Rohib ibn Omirgina tirik qolishdi. Oisha raziyallohu anhuning fikricha, Olloh bu urushni Muhammad alayhis-salom uchun keltirib chiqargan. Avs qabilasidagilarning ko‘nglida Xazrajga qarshi kurashda qurayshlar bilan birlashish fikri tug‘ildi. Ular Iyoz ibn Muoz, abul Haysar Anas ibn Rofi’ bilan birga bir guruh odamni elchi qilib yuborishdi. Elchilar Makkaga yetib kelishganda rasululloh: "Sizlar o‘tinib kelgan ishdan ko‘ra foydaliroq narsani qabul qilsanglar, yolg‘iz Ollohga ishonsanglar, unga shirk keltirmasanglar bo‘lmaydimi? Men Olloh tomonidan barcha xalqlarga yuborilgan payg‘ambarman", dedilar va Qur’on oyatlarini o‘qib berdilar. Iyoz ibn Muoz hamrohlariga: "Xudo haqqi, chindan ham bu biz istab kelgan ishdan ko‘ra yaxshiroq ekan-ku", dedi. Abul Haysar unga tosh otib: "Ovozingni o‘chir, biz bu yerga Muhammadning gapini eshitgani emas, butunlay boshqa ish bilan kelganmiz", dedi. Iyozning dami ichiga tushib ketdi, boshqalardan ham churq etgan sado chiqmadi.
______________
*Kazzob Musaylima — dastlab Islomga kirgan, keyin murtad bo‘lib payg‘ambarlik da’vosini qilgan yamomalik kimsa.