QAYNUQO’ G’AZOTI
Agar bir kishining ikki dushmani bo‘lib, birining ustidan g‘alaba qozonilsa, ikkinchisi halovatini yo‘qotib, g‘am bosishni,oqibati nima bo‘larini o‘ylab o‘tirmasdonoq g‘animini fosh etishi turgan gap. Badr g‘azoti musul-monlarning g‘alabasi bilan yakunlangach, bani Qaynuqo’ yahudiylari xuddi shunday ish tutishdi. Ular o‘rtadagi shartnomani buzib, dushmanligini fosh etib, ansorlardan bir ayolning nomusini bulg‘ashdi. Bu hol musulmonlarni hushyor torttirib, din dushmanlari bilan to‘qnashuv yuz berganda ularga ishonib bo‘lmasligiga amin qildi. Olloh taolo Anfol surasining 59-oyatida bu xususda payg‘ambar alayhis-salomga shunday deb uqtiradi: "Sen ma’lum qavmning shartnomaga xiyonat qilishidan qo‘rqsang, shartnoma mas’uliyatini ularning zimmasiga yuklab qo‘yaver. Olloh hech qachon xoinlarni do‘st tutmaydi". Rasululloh yahudiylardan boshqalarni chaqirib, xiyonatning oqibati yaxshilikka olib bormasligini aytdilar. Yig‘ilishga to‘planganlar: "Ey Muhammad, Badrdagi g‘alabangdan bunchalik kerilib ketma. Qurayshlar urushishni bilmaydigan ro‘dapo xalq. Biz bilan urushsang kimligimizni bilib olasan", deya tahdid solishdi. Chindan ham bani Qaynuqo’ yahudiylari jangovar odamlar edi. Xuddi shu asnoda Olloh taolo Oli Imron surasining 13-oyatini nozil qildi: "Kofirlarga, sizlar yengilasizlar va jahannamga to‘planasizlar. Jahannam naqadar yomon joy, degin. Urushayotgan guruhda sizlar uchun ibrat bor: ulardan biri xudo yo‘lida kurashayotganlar bo‘lib, ikkinchisi kofirlardir. Ularga (musulmonlar) ikki barobar ko‘p ko‘rinadi. Olloh istagan kishisiga yordam berib, qo‘llab-quvvatlaydi. Aqli raso kishi uchun bu narsada chindan ham ibrat bordir".