Yahudiylarning bir qismi Shomdagi Azriot degan joyga ko‘chib borishdi. Ulardan Yomin ibn Amir bilan Abu Sa’d ibn Vahab musulmon bo‘lishdi. Bani Nazirdan g‘animat olingan mol-mulkni rasululloh g‘oziylarga bo‘lib bermadilar, sababi, bu chinakam jang qilib, qon to‘kib, qo‘lga kiritilgan o‘lja emas edi. Bu xildagi g‘animat urush tayyorgarligini ko‘rgani uchun Payg‘ambar alayhis-salomning o‘zlariga, oilasi va yaqinlariga, yetim-esir, g‘ariblarga tegishli edi. Hashir surasining 7-oyatida bu narsa alohida ta’kidlab o‘tilgan: "Olloh payg‘ambariga g‘animat qilib bergan ahli quroning,* mollari orangizdagi boylar o‘rtasida qo‘ldan-qo‘lga o‘tib yurmasligi uchun yaratganga, payg‘ambarga, uning hesh-aqrabolariga, yetimlarga, miskinlarga ibn sabillarga xos qildi". Rasululloh g’animatning bir qismini yurtidan bosh olib ketishga majbur bo‘lgan kambag‘al muhojirlarga berdilar. Shu bilan ular yangi kelgan paytida ansorlardan olgan qarzlarini uzishdi. Payg'ambar alayhis-salom ishlab ro‘zg‘orlariga yegulik yetishtirish uchun bir parcha yerni o‘zlariga ajratib oldilar.
_________
*Ahli quro — Madina atrofidagi bani Quzayza, bani Nazir, Fadak Haydar Urayna qabilalari va qishloqlarining aholisi.