Payg‘ambar alayhis-salom qolgan g‘aiimatlarning hisobini olib, g‘oziylarga bo‘lib berishni Zayd ibn Sobitga topshirdilar. Biroq arobiylar ungacha sabr qilmay ulushimizni ber, deb rasulullohni o‘rtaga olib, bir daraxt tagiga surib kelishdi. Sarvari olamning ridosi (yaktagi) daraxtning butog‘iga ilinib, orqaga tislanishlariga imkon bermadi. Shunda u kishi: "Ey jamoat, ridoimni qo‘yib yuboringlar. Xudo haqqi agar qo‘limda Tuhomaning daraxtlaridek behisob mol-mulk bo‘lsa o‘zimga hech narsa qoldirmay sizlarga bo‘lib berardim. Men qo‘rqoq, baxil, ko‘zi och odam emasman, — dedilar va borib tuyalarining bitta tukini yulib, oldilar-da, — ey, odamlar, menga g‘animatning beshdan biridan tashqari mana shunchalik ham narsa tegmaydi. Menga berilgan ulush ham sizlarga qaytariladi, sizlarning ehtiyojingiz uchun ishlatiladi. G’animatda ninachalik narsa olib qolmay o‘rtaga tashlanglar. G’animatga xiyonat qilganlar bu dunyoda uyatga qoladi, qiyomat kuni esa rasvo bo‘lib, azobga uchraydi", dedilar. Qo‘li egrilik qilib g‘animatni o‘g‘irlab olganlar hamma narsani qaytarib berishdi. Payg‘ambar alayhis-salom shundan keyingina g‘animatlarni taqsimlab, piyodalarga to‘rttadan tuya, qirqtadan qo‘y, otliqlarga esa uch hissa ortiq narsa berdilar. Lekin munofiqlardan biri norozi bo‘lib: "Olloh rozi bo‘ladigan taqsimot qilinmadi", dedi. Payg‘ambar alayhis-salomning jahllari chiqib, qizarib ketdilar. — Seni qara-yu, agar men odil bo‘lmasam bu dunyoda kim odil bo‘ladi", dedilar. Har qancha achchiqlaigan bo‘lsalar-da, munofiqdan o‘ch olishdan o‘zlarini tiydilar. U kishi bunday qusurdan xoli edilar. O’zlarini bosib, yotig‘i bilan pand-nasihat qildilar. Payg‘ambarga tuhmat qilishning oqibati nimaga olib kelishini aytib ogohlantirdilar. Umar bilan Xolid ibn Valid: "Ey rasululloh bu yaramasning kallasini olaylik", deyishdi. Payg‘ambar alayhis-salom: "Yo‘q u namoz o‘qishi mumkin" deya ularni qaytardilar. Xolid: "Dili boshqa, tili boshqa namoz o‘qiydiganlar ko‘p-ku", dedi. Rasululloh unga tanbeh berib: "Men odamlarning ichini yorib ko‘rishga buyurilmaganman", dedilar.