Umar payg‘ambar alayhis-salom o‘ldi, degan xabarni olib kelganlarga qilich yalang‘ochlab tahdid soldi: "Muso payg‘ambar Ollohning huzuriga borib, o‘z xalqidan qirq kun yiroq turganidek, rasululloh ham Ollohning dargohiga ketdi. Xudo haqqi, payg‘ambar alayhis-salom albatta qaytib kelib, mana shunday gap-so‘zlarni tarqatganlarning oyoq-qo‘lini kesib tashlaydi, deb umid qilaman". Rasulullohning vafotlaridan xabar topgan Abu Bakr shu zahoti iziga qaytib, Hazrati Oishaning uyiga kirdi. U tiz cho‘kkancha payg‘ambar alayhis-salomning yuzlarini ochib o‘parkan, o‘pkasini bosolmay yig‘lab yubordi: "Xudoning nomi bilan qasam ichib aytamanki, senga Ollohning rahmati bo‘lsin. Ey rasululloh, ota-onam senga qurbon bo‘lsin, sen hayot chog‘ingda ham, o‘lganingda ham naqadar yoqimli, muattar bo‘ylisan. Olloh senga ikkinchi qayta o‘lim bermaydi, dedi. Shundan keyin tashqariga chiqib, Olloh taologa hamdu sano aytdi va yig‘ilganlarga yuzlanib: "Kimki Muhammadga ibodat qilmoqchi bo‘lsa, Muhammad o‘ldi. Kimki Ollohga ibodat qilmoqchi bo‘lsa, Olloh tirikdir, u hech qachon o‘lim topmaydi", dedi va Zumar surasining 30-oyatini o‘qidi: "Sen ham (rasululloh ko‘zda tutilyapti) albatta o‘lasan, ular ham o‘lajak", shundan so‘ng Oli Imron surasining 143-oyatini tilovat qildi: "Muhammad esa bir payg‘ambar, undan ilgari ham ko‘pgina payg‘ambarlar kelib ketishdi. Agar u o‘lsa, yoki o‘ldirilsa, orqaga qaytasizlarmi? Orqaga qaytuvchilardan Olloh sira zarar ko‘rmadi, shukr qiluvchilarni esa Olloh mukofotlaydi".