TAVBA SURASISurada tavbaning qabul qilinishi to'g'risidagi oyat gunohkor bandalar uchun eng bashoratli hodisa bo'lgani uchun unga "tavba surasi" deb nom berilgan. U "Baroat surasi" deb ham ataladi. Baroat - ora ochiqlik.
Sura avvalida "Bismilloh"ning yo'qligining sababi to'g'risida turli fikrlar aytilgan. Ba'zilar sura oldingi "Anfol surasi"ning davomi desalar, boshqalar surada ko'proq urush, jang, qatl to'g'risida tafsilot kelgani uchun bu maqom "Bismillohir Rahmonir Rahim" kabi Allohning rahmati va mehribonligiga dalolat qiladigan oyat o'qiladigan maqom emas, deb ta'vil qiladilar. Rasulullohdan esa bu to'g'rida ko'rsatma berilmagan.
Surada asosan 9-hijriy sanada Madina bilan Shom oralig'ida joylashgan Tabuk jangi to'g'risidagi oyatlar o'z ifodasini topgan. Shuningdek, unda yaxshi va yomon niyat bilan masjid qurishning natijalari, imon, kufr, savob-gunoh, tavba-tazarru va boshqa muhim mavzular bayon etilgan.
1. (Bu) Alloh va (Uning) Payg'ambaridan sizlar (bilan) ahdlashgan mushriklarga (nisbatan) ora ochiqlikdir.Izoh: Ora ochiqlik, ya'ni, mushriklar sulh uchun tuzgan ahdnomalarini buzgandan keyin Alloh taolo musulmonlar ham bundan ogoh bo'lib, ahdnoma bekor etilganini bilib qo'ysinlar, demoqchi. 2. (Ey, mushriklar, urush harom etilgan) to'rt oyda yer (yuzi) bo'ylab sayohat qilingiz va bilib qo'yingizki, sizlar Allohni ojiz qoldiruvchi emassiz va Alloh kofirlarni sharmsor etuvchidir!
3. Shuningdek, (bu) Alloh va (Uning) Payg'ambaridan "Hajji akbar" (Qurbon hayiti) kuni odamlarga Allohning va Rasulining mushriklardan bezor ekanliklarini e'loni (ham)dir. Agar tavba qilsangiz, bu sizlar uchun yaxshidir. Bordiyu (tavbadan) bosh tortsangiz, u holda bilib qo'yingizki, sizlar Allohni ojiz qoldiruvchi emassiz. (Ey, Muhammad!) Kofir bo'lganlarga alamli azob haqida "xushxabar" bering!
4. Ammo sizlar (mo'minlar) ahdlashgan mushriklar keyin sizlarga biror narsada noqislik (vafosizlik) qilmasalar va sizlarga qarshi hech kim bilan hamkorlik qilmasalar, u holda ularning ahdlarini (belgilangan) muddatlarigacha yetkazingiz! Albatta, Alloh taqvolilarni yaxshi ko'rgay.
5. (Urush) harom qilingan oylar chiqishi bilan mushriklarni topgan joyingizda o'ldiringiz, tutingiz (asir olingiz), qamal qilingiz va har qanday pistirmalarda ularni kuzatib turingiz! Agar tavba qilib, namozni mukammal ado etsalar va zakot bersalar, ularni qo'yib yuboringiz! Albatta, Alloh kechirimli va rahmlidir.
6. Agar mushriklardan birortasi Sizdan himoya so'rasa, bas, uni himoyangizga oling, toki u Allohning kalomini eshitsin. So'ngra uni xavfsiz joyiga yetkazib qo'ying! Bu ularning bilmaydigan qavm bo'lganlaridandir.