Aniqki, tarix bu hodisadan ko‘ra ajoyibroq va ta’sirliroq narsani rivoyat qilmagan. Barcha millatlarning hazorasida Umarning (r.a.) demokratiyasiga bo‘ylasha oladigan hodisa bo‘lmagan. Zero, u zot ashoblari uxlayotgan onda karvonga qarab, tunni bedor o‘tkazdilar. Umar (r.a.) o‘sha kunlarda mo‘minlarning amiri, Kisro va Qaysarning mag‘lubiyati sababchisi va mulklarining vorisi edilar. U zot o‘sha kunda bu karvonni qo‘riqlash buyurilgan bir qo‘riqchining ishini qildilar. Vaholanki, qo‘riqchi ham Umarning (r.a.) ishini qilishi mahol edi. Yig‘layotgan go‘dakdan ogoh bo‘lish, onasidan bolasiga yaxshi qarashni uch marta so‘rash... Ichimizda kim Umarning (r.a.) karvon ahliga ko‘rsatgan muomalasini qila oladi? Tarix ulug‘laridan kim Umarning (r.a.) buyuk insoniy shuuriga yaqinlasha oladi?
Islom hazorasi tarixidagi bundan ham ajoyibroq mana bu hodisani eshitaylik. Umarning (r.a) xizmatkorlari Aslam (r.a.) hikoya qiladilar: «Bir tun Umar (r.a.) bilan chiqdim. Biz shahardan uzoqlashdik. Olis manzillar ahlini ko‘zdan kechirardik. Uzoqda yonayotgan o‘tni ko‘rdik. Umar (r.a.): «Men u yerda tun va sovuq to‘xtatib qo‘ygan yo‘lovchilarni ko‘ryapman, men bilan yur», dedilar. Biz tez sur’atda yurdik va ularga yaqinlashdik. U yerda bir ayol bilan go‘daklari va olovga osib qo‘yilgan qozon turardi. Go‘daklari chinqirib yig‘lardi. Umar salom berib, so‘ng u ayoldan: «Nima bo‘ldi?» deb so‘radilar. Xotin: «Bizni tun va izg‘irin to‘xtatib qo‘ydi», dedi. Umar (r.a.): «Bu bolalar nega chinqirib yig‘lashayapti?», deb so‘raganlarida, ayol «Ochlikdan», dedi. Umar (r.a.): «Bu qozonda nima narsa bor?» deganlarida, «Ichida suv bor, uxlagunlaricha shu bilan ovutib turibman, Alloh biz bilan Umarning o‘rtasida», deb ayol Umar (r.a.)dan shikoyat qilib, qarg‘adi. Umar (r.a.): «Ey Alloh rahm qilgur, Umar sizlarning ahvolingizdan bexabardir?» deganlarida, «U bizga bosh bo‘ladi-yu, esdan chiqaradimi?», dedi. Umar (r.a.) menga o‘girildilar va: «Ketdik», dedilar. Biz tez yurib, unxonaga keldik. Bir xalta un va bir idishda yog‘ oldilar va menga: «Ustimga yuklab qo‘y», dedilar. «Men ko‘taraman», dedim. U kishi aytdilar: «Qiyomat kuni ham gunohlarimni ko‘tarasanmi, ey baraka topgur?!» Men yukni u kishining orqalariga yuklab qo‘ydim-da, birgalikda tez yurib ketdik. Mo‘ljalga yetib borib, yukni ayolning oldiga tushirdilar. Undan ozroq olib, unga: «Menga qo‘yib ber, senga o‘zim qaynatib beraman», dedilar-da, qozonning ostini puflay boshladilar. Soqollari katta edi, shundan tutunni soqollari orasidan chiqayotganini ko‘rardim. Va nihoyat, ularga taom pishirib berdilar. So‘ng ayolga: «Menga biror narsa keltir», dedilar. Ayol bir lagancha keltirdi va taomni unga bo‘shatdilar-da: «Ularni ovqatlantir, men buni sovutib turaman», dedilar. To ular to‘yguncha shunday qilib turdilar. Taomning qolganini ularning oldida qoldirdilar. So‘ng o‘rinlaridan turdilar, men ham birga turdim. Ayol: «Alloh seni yaxshilik bilan mukofotlasin, bu ishing bilan sen mo‘minlarning amiridan yaxshi ekansan!» dedi. Umar (r.a.) dedilar: «Yaxshi so‘zlarni ayt. Agar mo‘minlarning amiri huzuriga borsang, inshaalloh, meni o‘sha yerda topasan». So‘ng u yerdan chetga o‘tib, bir panada yotdilar. Men u kishiga: «Bu ish sizga loyiq emas», degandim, «Gapirma, men go‘daklarni olishib yotganlarida ko‘rdim. Keyin mana uxladilar, tinchlanib qoldilar». So‘ng o‘rinlaridan turib, Allohga hamd aytdilar va menga qarab: «Ey Aslam, ochlik bularni bedor qildi va yig‘latdi. Men o‘zim ko‘rib turgan bu holni hal etmaguncha qaytmaslikni istagandim», dedilar».