45-bob. Agar xaridor biror narsani sotib olgach, o‘sha zahotiyoq uni sotuvchining ko‘zi oddida birovga hadya qilib yuborsa yoxud bir qulni sotib olib, darhol uni ozod qilsa, sotuvchi unga mone’lik qilmasligi lozim
Tovus raziyallohu anhu: «Agar xaridor sotuvchini muayyan bir narxga ko‘ndirib, undan biror mol sotib olsa-yu, so‘ng uni o‘zga kishiga sotib yuborsa, joizdur, (chunki) ul mol uzining mulki bo‘lib, foydasi ham o‘zinikidur», — deydilar.
Ibn Umar raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Biz (sahobalar) Rasululloh sallallohu alayhi va sallam birlan birga safarda bo‘ldik. Shunda men (otam) Umarning hali minilmagan bo‘taloqlariga minib olgan erdim. U menga bo‘ysunmay, qavmning oldiga o‘tib olib, ilgarilab ketar erdi. (Otam) Umar ersalar uni baqirib-chaqirib ortiga qaytarar, ammo u yana qavm oldiga o‘tib olar, ul kishi uni yana baqirib-chaqirib ortiga qaytarar erdilar. Shu asnoda Janob Rasululloh Hazrat Umarga: «Uni menga sotgil!» — dedilar. Hazrat Umar: «U sizniki, yo Rasulalloh!» — dedilar. Janob Rasululloh qayta: «Uni menga sotgil!» — dedilar. Shundan so‘ng, Hazrat Umar uni Janob Rasulullohga sotdilar. So‘ng, Janob Rasululloh (menga): «Ey Abdulloh ibn Umar, bu senga hadya! Uni ne qilsang, ixtiyor o‘zingda» — deb marhamat qildilar».
Abdulloh ibn Umar raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Men mo‘minlar amiri Hazrat Usmonga ul kishining Xaybardagi bir yerlari badaliga (qadimda Samud qabilasi yashagan) vodiydagi bir yerni sotdim. O’zaro savdolashib bulganimizdan so‘ng, men Hazrat Usmon aynib qolmasinlar, deb tezda uylaridan chiqib, ortimga qaytdim. Chunki, Janob Rasululloh «Ikki o‘zaro savdolashguvchi savdolashib turgan joylarini tark qilgunlariga qadar molning o‘zlari ixtiyor qilgan narxini bir-birlariga taklif qilib, o‘rtalaridagi savdoni uzil-kesil hal qilmoqlari lozim» degan hadisi sharifni aynan shu yili aytgan erdilar. O’rtamizdagi savdo-sotiq amalga oshgach, men o‘zimni ul kishini aldagandek his etib, (qattiq xijolat cheka boshladim). Chunki, men ul kishini (Madinadan) uch kechalik (yul naridagi) Samud yeriga (ya’ni, Olloh taolo halok qilgan Samud qabilasi yeriga) olib borib qo‘ygan erdim, ul kishi ersalar meni (Samud yeridan) uch kechalik (yo‘l naridagi) Madinaga (ya’ni, Janob Rasulullohning suyukli shaharlari bulmish Madinadagi Xaybarga) olib borib quygan erdilar». (Ya’ni, Olloh taoloning la’natiga uchrab, halok qilingan Samud qavmi yashagan vodiydagi yerni Janob Rasulullohning suyukli shaharlari bulmish Madinaning Xaybar mavzesidagi yer badaliga sotganlari boisida xijolat qildilar).