Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)  ( 123099 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 ... 30 B


Ansora  06 Mart 2010, 20:52:02

— Hozir Cho’lpon uslubidagi singari «toza tilli» she’riyatni yana  rivojlantirib bo’larmikan?
— Bilmadim, buning uchun Cho’lpon tirilib kelishi lozimdir balki. Ehtimol, yangi Cho’lponlar tug’ilar... Abdulla aka bilan Rauf akaning borligiga  ham  shukr.
Tog’ay Murod aka Abdulla Oripovni  Lermontovga qiyoslarkan, ulug’ rus shoirining «Payg’ambar» she’rini yoddan o’qib berib, meni shoirona donoligi bilan yana bir bor hayratga soldi. «Faqat Lermontovning umriga o’xshamasin», deb qo’shib qo’ydi. U, Rauf Parfi (uni «aqlli» derdi) Bayron kabi «Yevropaning birinchi erkin shoiri» darajasidagi shoirlar safidan joy olishga munosib ijodkor ekanligini tan olish kerak, degan fikrni aytdi. Bu fikrga, ehtimol, shoirning o’sha kezlari Bayrondan qilgan tarjimalari, xususan, «Manfred»i sabab bo’lgandir. Nima bo’lganda ham, adibning she’riyatni nozik tushunishi, qadrlashi menga  yoqdi.
— Haqiqiy adabiyot aslida roman yoki dramalar emas, balki she’riyatdir, —  degandi u o’z suhbatlaridan birida.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 20:52:25

* * *

1983 yilda Tog’ay Murod akaning yangi qissasi muhokamasida tasodifan qatnashib qoldim. Boshida men adibni kutib turadigan bo’lgandim, keyin u foydali bo’ladi, asar yozishdan ham ko’ra ruxsat olish  — «sovetdan o’tkazish» qiyinligini o’z ko’¬zi¬n¬¬¬¬giz bilan ko’rasiz, dedi va barvaqtroq muhokama xonasiga olib kirib o’tqazib qo’ydi. Xona Yozuvchilar uyushmasining nasr kengashi a’zolari bo’lgan yozuvchilar, adabiy tanqidchi va adabiyotshunoslar bilan to’ldi, muhokamani ustoz adib Odil Yoqubov olib bordi. Gapirganlar va aytilgan fikrlar hozir aniq esimda yo’q, lekin Tog’ay Murod akaning yuzidan muhokama asar foydasiga hal bo’lmayotganligini sezish mumkin edi. Chamasi, muhokamaning o’rtalari edi, shu payt eshik ochilib, Ozod Sharafiddinov kirib keldi, chekkadagi stulga  o’tirib, oldiga qo’yilgan qog’ozga so’zlayotganlar fikrini besh-olti qator yozgan bo’ldi, so’ngra undan voronka —  qog’oz kuldon yasadi, sigareta tutatib, xotirjam tinglay boshladi. Hamma asar haqidagi o’z fikrini aytib bo’lgach, oxirida Ozod aka so’z oldi, qissaning barcha ijobiy tomonlarini sanab o’tdi va ulardan kelib chiqqan holda qo’lyozmani albatta nashr etish lozim, deb shunday qat’iyat bilan gapirdiki,  qarshi so’zlaganlar go’yo yo’qdek edi. Uning xulosasi hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi. Men Ozod akaning yosh iste’dodlarni maqolalari bilan himoya qilishi, qo’llab-quvvatlashini bilar edim, biroq uning amalda, odam aynan shunday yordamga muhtoj, haqiqatga tashna bo’lib turganda otilib chiqib himoya qilishi, dadil, qat’iy harakatlari meni juda qoyil qoldirdi. Tog’ay Murod aka muhokamaning boshidan oxirigacha juda jiddiy, mag’rur o’tirgan bo’lsa  ham, nazarimda, eng so’nggi dam «portlab» ketmaslik uchun o’zini zo’rg’a ushlab turgandek tuyuldi...


Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 20:52:49

* * *


Tog’ay Murod aka «Ot kishnagan oqshom», «Oydinda yurgan odamlar», «Otamdan qolgan dalalar» kabi o’ziga xos shakl va mazmunga ega asarlari bilan kitobxon qalbida chuqur iz qoldirdi. Mashhur adibimiz o’sha yillarda Shukur Xolmirzaev, Xayriddin Sultonov, Erkin A’zamov  kabi nosirlar bilan bir qatorda qishloqdagi oddiy o’zbekning hayoti, his-tuyg’ulari, istak-mayllari, orzu-umidlarini haqqoniy tasvirlab, bugungi til bilan aytganda, qishloqdagi muammolarni hal etmasdan turib, umumdavlat, umummilliy masalalarning yechimini topish mumkin emasligini chuqur his qildi. Shu bois ham qishloq mavzusi adabiyotga o’ziga xos ovozga ega adiblarni, yangi va original asarlar shodasini berdi. Tog’ay Murod aka esa ular orasida o’zining go’zal asarlari bilan yorug’ yulduz kabi porlab turibdi.


Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 20:53:40

VAFO FAYZULLOH 


ABADIYAT

Odam nega dunyoga keladi? Odam nega dunyodan ketadi? Uning turg’un manzili qaer?
Birov haqida o’ylashning o’zi dahshat, ko’ngilni og’ritadi, yuzini ko’rish musibat. Haqqa ko’rsatma, deb tavallo qilasan. Boshqa bir kishi esa beixtiyor xayolingga kirib  kelaveradi. O’z-o’zingdan u haqida gapirib yuborasan. Tuyqus eslab qolasan. Hozir nima qilayotgan ekan, deb o’ylab o’yingga yetolmaysan... Sen havo olayotgan borliqdan uning ham nafas olayotgani mo’’jizaday  tuyuladi. Unga  yurak sirlaringni aytging, orzularingni o’rtoqlashging keladi. Hech bir beta’ma unga hurmating oshadi, mehru muhabbating kuchayadi... Holbuki, beayb Parvardigor, hammamiz ham xom sut emgan banda... Baribir, inson bilan insonning yashashi, e’tiqodi, a’moli yer bilan osmon qadar farq qilar, farq qilaverar ekan...
O’tgan asrning saksoninchi yillari boshi. Tolibman. Endigina ko’z ochgan «Yoshlik» jurnalini qoldirmay o’qib boraman. Tengqurlar bilan unda chiqqan har bir yangi asar haqida darsda, yotoq va ijaraxonada talashib-tortishib, o’zimizcha bahosini bergan bo’lamiz. Uncha-muncha asar ko’nglimiz ko’chasiga kirolmaydi. Mabodo birortasi ma’qul kelsa, u qatorida asar muallifi shaxsi haqida ham bilishga qiziqamiz.
Shunday kunlarning birida «Yoshlik»ning yangi sonida   chiqqan bir asarni o’qidim. Bir o’tirishda. «Ot kishnagan oqshom». Bir ko’nglim yorishdi. So’ng muallifi kimligiga qaradim. Tog’ay Murod. Asar yangi, muallifi yangi... lekin mening xotiramda darrov «Alpomish» jonlandi, «Go’ro’g’li» tushdi. Xayolimga zumda «Kuntug’mish», «Ravshan» keldi...  Rost, Ziyodulla kal, Ziyodulla chavandoz Alpomish ham, Go’ro’g’li ham emasdi. Ular oldida nimjon va to’pori, jimjiloqchalariday ham kelmasdi. Baribir ular qabatida turganday, buyam otini yeldirib kelib, men ham shu yovqur ajdodning kenja vakiliman, deganday bo’ldi... Chin, Alpomish juda ham sevimli, u allaqachon millat timsoliga aylangan edi, biroq «Ot kishnagan oqshom» menga yaqin, Ziyodulla chavandoz zamonimga yaqin, qishlog’imga o’zi va oti mendan ham yaqin edi... U otamga, oti otamning otiga judayam o’xshardi. Qishlog’imni, ota-onamni sog’inganimni his qildim.
Ulardan ham ko’proq otamning otini uchirganlarimni orziqib esladim... Hozir ham «chu», deya uchirgim keldi...

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 20:53:58

Shundan bu asar, uning muallifi ko’nglimga o’rnashib qoldi. Havoyi va o’jar nazarimga tushdi. Ko’p o’tmay «Sharq yulduzi» jurnalida «Oydinda yurgan odamlar» qissasi chiqdi. Hissiyotlari toza bu qissani yig’im bo’g’zimga tiqilib, yutoqib, sevib o’qidim. Shu asar bois «oydin» degan so’zni yaxshi ko’rib qoldim. Oydindagi mamlakat ko’nglim ko’ziga ko’rindi. Bu mamlakatning odamlari menga tanishday edi. Lekin boshqa bir ma’voda, boshqa bir muhitda istiqomat qilardilar. Jazirama quyosh ham, qop-qorong’u zulmat ham Oydinda yurganlarga doriyolmasdi. Qoplon va Oymomoga hurmatim, hayratim bo’lakcha bo’ldi. Sho’ro kotibi, Qimmat momo, hisobchiga nafratim bo’lakcha bo’ldi. O’sha yillarda yozilib, yo’qolib ketgan bir mashqimning xotirada qolgan ikki satri tilimda aylanadi:

Ahay-ahay, ko’zlaringdan ko’zim o’rgulsin,
O’n yettiga, o’n yettiga kirmagan yorim...

O’shanda do’stu ustozlarimning kulgisiga qolgan bu ikki satr «Oydinda yurgan odamlar»ning ajib ta’sirida ko’nglimdan mavjlanib chiqqan. Unda buni bilmagan, sezmagan, o’zim bilan o’zim ovora bo’lsam bordir, lekin endi «ahay-ahay» so’zidanoq bu xayoliy va toza hayqiriqni «Oydinda yurgan odamlar» qalbidan olganim va o’sha g’o’r va to’pori, musaffo kunlarimda ilk ochilgan chechakday ushlaganimga iqrorman...
Shundan boshlab men Tog’ay Murod Mengnor bobo naslining asarlariga befarq qarayolmadim. Adabiyot haqqi, she’riyat haqqi, bu asarlarning jonli so’zi, ma’nodor iboralari meni o’ziga asir etdi. Bu so’zlarni xayolimda belgiladim, bu iboralarni ko’nglim ila qaytardim. Bu maqol va naqllarni o’z izohli lug’atimda yozib-yozib qo’ydim.  Lekin baribir  bir yo’qolgan jigarimning daragini eshitganday ularga to’ymadim. Topib yo’qotib qo’yadiganday o’zimni nochor, g’arib sezdim, aftoda his qildim.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 20:54:12

Bir inson, bir millat vakili sifatida bu asarlarda ko’tarilgan masala, muammo, g’oyalar jon joyimdan ushladi. Bu kishilar, bu tuyg’ular, bu kechmishlarni boshqalar bilan solishtirishga, shu bilan o’zbekning bo’yini o’lchashga urindim. Tog’ay Murod shaxsiga, adibning qanday ijod qilishiga qiziqishim ham shu qadar kuchli edi. Qizig’i, hassos ijodi kabi Tog’ay akaning fe’l-atvori ayricha, betakror ko’rinardi.  XX asrning so’nggi choragi nodir asarlarning yaralishiga qaraganda, adabiy bahs-munozara, baqiriq-chaqiriqlarga boy bo’ldi. Dahriy, yana mustamlaka bir jamiyatda yozarlarning aksariyati, yupanchi va suyanchi, hatto e’tiqodi deb adabiyotni bilar, «ishonch qal’a»Â¬si timsolida Yozuvchilar uyushmasiga boraverar, hech narsa qilmaganida ham shu yerda ko’nglidagini aytib-aytib, adabiy daholigini, kuyunchakligini namoyish qilardi. Lekin men biror marta ham bu davralarga Tog’ay Murodning qo’shilganini ko’rmaganman. U allaqachon adabiyotni har qanaqa uyushgan davralar emas, yolg’iz odam, iqtidorli va dardli inson ko’ngil qoni bilan yaratishini anglagan edi chog’i. Biroq men tengi ko’pchilik havaskorlar, adabiyotning jaydari ixlosmandlari ancha-muncha iste’dodli shoir-yozuvchilar qatorida go’zal asarlar muallifi Tog’ay Murodning ham suhbatini eshitishni, adabiyot, adabiy hayot haqida yurakdagi gaplarini, samimiy dil izhorlarini tinglashni juda ham orzu qilardim. Lekin bunga qatora yigirma yil davomida biror marta ham muvaffaq bo’lolmadim. O’ziga esa uzoqdan bir marta to’satdan ko’zim tushgan. U uyushma kunbotaridagi yozlik  choyxonada  bir tanishi bilan choylashib o’tirardi. Choyxona allaqachon buzilib, u yerlar tekislanib ketdi, har qalay teraklar bor, balki teraklar uni bu yerda ko’rganini eslar balkim, lekin bir ustuvor ishonchim borki, inson bo’lsa, insoniyat yashaversa, o’zbek bo’lsa, O’zbekiston barq uraversa, ko’ngil bo’lsa, ko’ngil hurligicha qolsa,  inson adabiyotga intilib, o’ziga do’sti habib izlar ekan, Tog’ay Murod asarlariga do’st topiladi. Uning mardona va ochiq ko’ngli bilan uchrashilaveradi, inshoolloh.
 Men Tog’ay Murod qazosini olislarda eshitdim. Uning qadami yetgan, so’zi yetgan, adabiyotga mehri eltgan joylarda eshitib, ko’nglim ezildi, bitta armonim ko’paydi. Taomlarimizdan boshqa hech narsamizga qiziqmay qo’ygan dunyo Tog’ay Murod asarlarini o’qisa, uning ko’nglida reja bo’lib qolgan ma’sum olamlari bilan tanishsa edi... qirg’iz kabi o’zbekning ham cho’ng muhabbati ila behuzur ko’nglida yo’qotgan umidni topganday bir lahza bo’lsa-da, hayotga ishonchi ortadi.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 20:54:53

* * *

Tog’ay Murod ellik besh yil umr ko’ribdi. «Men Xo’jasoatda dunyoni ko’rdim», deb yozadi oqin adib. Toshkentda bu bevafo dunyodan ... yuz o’girdi. Chig’atoyda yotibdi, uning mardona qalbi, chinakam hayoti Surxonda, Xo’jasoat qirlarida yotmoqqa haqdor ko’z ochgan edi. U E. Seton-Tompsonning «Odamzot uchun yerning farqi nima? O’lsam, meni o’sha qirlarimga ko’ming», degan so’zlarini keltirib, «Vasiyat bajo keltirildi», deb yozgan. Har bir jahonshumul adibning muxlisi u ko’z ochgan tuproqni tamoman boshqacha tasavvur etadi.  Bu tuproqni ziyorat qilmoq istaydi.
Mixail Sholoxovning shunday romantik o’quvchilaridan biri  Donga kelib, tap-taqir dashtni ko’rib, g’alati ahvolga tushgan ekan. Ammo Sholoxov asarlarini o’qigan kitobxon go’zal va serunum Don dalalari bilan qayta-qayta uchrashib, hayratlanarli manzaralarni bir umr unutolmaydi.
Adib qalbi va u tug’ilgan tuproq o’rtasi tilsimli bir bog’liqlik, ijodiy baraka, faqat adibning yurak ko’zi ko’ra oladigan qadrdon go’zallik yastanib yotgan bo’ladi. Buning kashfi faqat chinakam yozuvchilar bitigida ko’z ochadi. Tog’ay Murod ham ana shunaqa o’z tuprog’ini sevgan, sevdira olgan alomat yozuvchi edi.
Uning asarlari ko’z ochgan sanalarga qarayman: ilk hikoyasi «Bobosi bilan nabirasi» 1966 yili yozilgan. Demak, ayni o’n sakkiz bahorga to’g’ri kelar ekan. So’nggi asari — «Bu dunyoda o’lib bo’lmaydi» romaniga 1998 yil — naqd ellik yoshning ustida nuqta quyilgan. Hisoblansa, o’ttiz ikki yillik hayrat va muhabbat, ilhom va mehnatning huzuri bizga qoldi, zavqi va dardi o’zbekning, insoniyatning mulki bo’ldi... Men Tog’ay Murod xonadonida bo’lmaganman, nashr etilmay yotgan yoxud boshlab qo’ygan asarlaridan xabarsizman. Lekin bo’lishi kerak. Ko’nglidagisini esa ehe-e... hisoblab bo’ladimi? Betizgin bir harislik bilan asarlari, ular yaratilgan yillar ro’yxati ko’z oldimdan o’tadi. To’rtta hikoya. To’rttagina-ya... «Bobosi bilan nabirasi», «Kuzning bir kunida», «Ku-ku-ku», «Er-xotin», (150 dan ortiq hikoyalar yozgan Jek London bor-yo’g’i 40 yoshga kirib-kirmagan.)

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 20:55:06

Tog’ay Murod olami hikoyalarga sig’madi. Baxshi bobolarning qoni tortdi — u dostonlarda ochildi, xususan, dostonmonand qissalarida o’zini to’kdi.
1976 yili «Yulduzlar mangu yonadi»;
1979 yili «Ot kishnagan oqshom»;
1980 yili «Oydinda yurgan odamlar»;
1985 yili «Momo-Yer qo’shig’i» qissasi tug’ilib, bu janr imkoniyatlarini kengaytirdi.
Katta adabiyotning eng baland cho’qqisi roman, epos, epopeya... Ne bir hikoya ustalari uning ufqlarini tasavvur qilolmaydi, ne bir qissanavislar, 500 betdan ko’proq qog’oz qoralaydi-yu, baribir roman havosi, roman fikri, roman qamrovi va roman yuki... asarlarida anqoning urug’i bo’ladi. Romanga qo’l urib, bosh aylanib qolish, chalajon asar qoralab, ijodiy mag’lubiyatga uchrash ham go’yo iste’dod darajasini belgilaydi... Tog’ay Murod «Otamdan qolgan dalalar» romanini  1986-1991 yillarda, o’ttiz sakkiz yoshida boshlab, qirq uchida bitirdi. Ke¬yingi romani ham to’rt yilda tug’ildi. 1994-98 yillar. «Bu dunyo¬da o’lib bo’lmaydi». XX asr birinchi yarmida romanlarga juda erta qo’l urilgan (Sholoxov yigirma-yigirma besh yoshida, Qodiriy «O’tkan kunlar»ni o’ttiz yoshi tevaragida). Kamolotning kechikishimi, XX asrning ikkinchi yarmida  bu cho’qqiga chiqish yoshi ancha  ulg’aydi. Gabriel Garsia Markes «Yuz yil tanholikda» romaniga qirq yoshdan hatlabgina olti oyda adog’iga yetkazdi. Yana bir Nobel mukofoti sohibi italyan adibi Umberto Eko esa yana o’n yilga kechikib, ellik yoshga yetibgina ilk romanini yozdi. Chingiz Aytmatov o’zining eng baquvvat asari, to’ng’ich romanini esa ellik bir yoshini to’ldirib boshladi va to’rt oyda — 1979 yil dekabri va 1980 yil mart oralig’ida dolg’ali ilhom bilan yozdi-qo’ydi... Xuddi shu ruhiy jarayonni qirq-ellik yoshlar orasida Tog’ay Murod ham boshidan kechirgan edi. 
Tog’ay Murodning yana to’rt-beshtagina o’tli va faqat o’ziga xos maqolalarini ham eslamasdan bo’lmaydi. «Gazetaga intervyu», «E.Seton-Tompson kitobiga so’zboshim», «Yosh qalamkashlarga tilaklarim», «Yozuvchilar uyushmasining oltmish yilligiga to’yxat», «Men».

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 20:55:26

O’limigacha o’zi e’lon qilgan asarlari hajmi... 918 bet. Kichik muqoyasa — Lev Tolstoyning bitta «Anna Karenina» romani hajmidan 110 bet kam bo’lgan butun umrlik ijod. Yoxud yetti eng zo’r Sharq shoirining eng nimjonidan ham kuchsizman,  deb iqror bo’lgan, G’arbning birinchi yoki ikkinchi raqamli shoiri Iogann Volfgang Gyotening 133 jildlik asarlarining uch kitobi hajmicha asar qoldirgan... o’zbek adibi... Men bunda faqat hajmni nazarda tutmadim. Balki ma’nan mohiyati ko’lvor va cho’ng ijodkorlarning jahoniy ijodlariga Tog’ay Murod bitiklarini xayolan solishtirgim keldi.
Xayriyat, shu  o’zbaki ijodni bemalol jahonshumul adiblar asarlari bilan solishtirib, yutuq va kamchiliklarini ko’rsa bo’ladi. Sevintiradigani, bunaqa katta mehnat qilib, ijodni e’tiqod darajasiga ko’tarib qalam tebratgan adiblar dunyo bo’yicha ham unchalik ko’p emas. O’zbekda esa juda oz. 
 Chingiz Aytmatov asarlari yetti jildligi ruscha nashr so’zboshisida akademik Rustan Rahmonaliev Aytmatov mash¬hurligini Navoiyga solishtirib, deydiki: «Alisher Navoiydan keyin 500 yil o’tib, turkiy xalqlar orasidan faqat Chingiz Aytmatov ijodigina adabiyot Olimpiga ko’tarila oldi, jahonshumul shuhrat qozondi».
Qay ma’nodadir adolatli baho. Navoiy jahonshumulligi, Navoiyning butun turkiy xalqlar faxri ekanligi, ularning o’zi tomonidan e’tirof etilayotganligi bu ijodning o’lmasligi, qamrovdorligi isboti. Ammo Navoiyga ruhoniy a’mol, ilhomiy san’at, ma’rifiy xazina jihatidan Aytmatovning tenglashishi mumkin emas. Har qalay turkiy qalb, sharqona yurakli Aytmatovning jahon xalqlari qalblarini to’lqinlantirgani bizni-da sevintiradi. Ne tongki, Aytmatov ijodiga xos go’zal ko’ngil, samimiy mehr, insonsevarlik, jonivorparvarlik Tog’ay Murod ijodida ham yorqin ko’zga tashlanib, kishi qalbini zabt etadi, tuyg’ularini sel qiladi. Odamiylikdan saboq beradi. Mana, uning «Ot kishnagan oqshom» qissasi. Otga munosabat insonga qadrdon bir jihat. Ming yillardan buyon buyuk ko’chishu har xil zafarli-zafarsiz yurishlari, umuman, tirikchiligi otsiz o’tmagan turkiylar, o’zidan olislashib borayotgan do’sti-hamkorini o’ylaganda, otga mehribonlik bilan yondashib keladi. Shu jihatdan Tog’ay Murodning bu mavzuga murojaati tasodif ham emas, yangilik ham deb bo’lmaydi: o’ziga xosligi esa shu mavzudagi asarlar misolida ko’rinadi. Kanada adibi Ernest Seton-Tompsonning «Yovvoyi yo’rg’a» asari va qirg’iz yozuvchisi Chingiz Aytmatovning «Alvido, Gulsari» qissalarini dunyoning million-million kitobxonlari mutolaa qilishgan, taqdirlashgan.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 20:55:42

«Yovvoyi yo’rg’a»da otni to’laqonli jonivor sifatida bilib olamiz. E.Seton-Tompsonning olim aqli, adib qalbi ruhlantirib saboq beradi.
«Alvido, Gulsari»da Aytmatov juda ko’p insoniy iztiroblarini Gulsari misolida, Gulsariga munosabat shaklida o’rtaga tashlaydi. Otning o’limi bir do’stni yo’qotish yanglig’ insonning qilmishiga, jonivorlarga pastkash munosabatiga ko’zgu soladi. Sobiq xalqlar qamoqxonasi yupun yo’qsili kabi faol ot obrazida eng ijtimoiy, dolzarb muammolarni  hal qilib, qizillarga mos buyurtmani ado etganday. Ammo «Alvido, Gulsari»dagi qalb faryodi, tor qobiqlarni yorib, nihoyatda ichkin dardi bilan inson va jonivor o’rtasidagi mehr ko’prigini kashf qiladi. Noodil jamiyat taloto’pida qurbon bo’lgan jafokash tabiat latif dil bilan ochiq ko’rsatiladi. Bu motam ko’ngilga chandiq soladi. «Men uning ko’ziga ko’mdim o’zimni...» deb yozgandi «Chingiz Aytmatov» nomli she’rida hassos shoirimiz  Rauf Parfi. Bu satrda umrli fojia — o’layotgan otning ko’zi jisman tirik odamga qabr bo’lishi mumkinligi ko’rsata olingan.
«Alvido, Gulsari»dan o’n ikki yil o’tib yozilgan «Ot kishnagan oqshom»dagi ot esa yana bir «otlarda kuzatilmagan» fojianing ko’zini ochadi. Otning insonga achinishi. Otning insonga yordamga otilishi.
Biz nega Boychiborni ming yillardan buyon jigarimizni sevgandek sevib kelamiz? Axir u emasmi, Alpomishni qalmoqlar chohidan olib chiqqan? Axir u emasmi, tuyog’iga mixlar qoqilganiga qaramay to’qson alpning otidan o’zib, Barchinning nomusini asrab qolgan? Umrga,  umrlarga tatiydigan bu ikki yaxshilikni unutib bo’ladimi? Erk va nomus — hayot-mamot masalasi. Tirik yurib erksiz bo’lish — o’lgandan battar. Omon qolgan holda or-nomusning toptalishi yanada sharmandali o’lim.

Qayd etilgan