Hukmi, farz bo‘lishi va hikmati
Zakot qat’iy farz amal bo‘lib, Islomning besh asosiy ruknlaridan biridir. Zakot hijratning ikkinchi yili farz qilindi. Uning yuksak va beqiyos hikmatlaridan asosiylari quyidagilardir:
1. Boylarni najot topganlardan bo‘lishlari uchun baxillik kasalidan poklash, ularni foydali ishlarga o‘rgatish. Chunki Alloh taolo Hashr surasining to‘qqizinchi oyatida buyuradi: "Kimki o‘z nafsining baxilligidan saqlansa, bas, ana o‘shalar najot topguvchilardir" (mazmuni).
2. Faqir va ojiz kishilarga yordam berish, shu orqali ojiz va muhtoj kishilarning dardlariga darmon bo‘lish, ularning g‘am va qayg‘ularini yengillatish. Mana shu tarzda boylar bilan kambag‘allar orasida hurmat muhabbat, birdamlik va mehr-shafqat paydo bo‘ladi va yaxshilik kuchayadi.
Islom dunyosida asarlari buyuk ishtiyoq va zavq bilan o‘qiladigan Shayx Sa’diy "Bo‘ston" kitobida shunday yozadi: "Bir kun yo‘lda ketayotib, bir yigitni uchratib qoldim. Ortidan bir qo‘zi yugurib kelmoqda edi. Men yigitga: "Qo‘zining ortingdan yugurishiga sabab senga bo‘lgan muhabbatimi", dedim. Yigit darhol qo‘zining bo‘ynidan arqonni yechib yubordi va yana yugurishda davom etdi. Qo‘zi ham egasining orqasidan qayoqqa burilsa, o‘sha tomonga yugurganini ko‘rib, juda hayratlandim. Yigit bu tomoshani bitirib, yonimga kelgach, shunday dedi: "Janob, uni mening ortimdan yugurtirgan arqon emas, unga qilgan yaxshiliklarim bo‘ynidagi ma’naviy halqa kabidir. Shuning uchun ham orqamdan kelmoqda. Bilasiz, fil shuncha bahaybat bo‘lsa ham, ko‘rgan yaxshiligi tufayli egasiga aslo hujum qilmaydi.
Ey yaxshi" inson! Qo‘lingdan kelsa, yomonlarga ham yaxshilik qil. Qo‘rmayapsanmi, qo‘lingdan bir burda non yegan it ham sening sodiq qo‘riqching bo‘ladi... dedi".
3. Zakot tilanchilar hamda ishsizlar sonini kamaytiradi va shu tufayli jamiyatdagi jinoyatlar, qabihliklar va tartibsizliklar yo‘qoladi. Chunki muhtoj bir kambag‘al och qolgach, jamiyatda tartibsizliklar chiqarib, o‘g‘irlik qila boshlaydi. Ammo boylar tomonidan berilgan zakot tufayli moddiy ehtiyojini qondirsa, jinoyat qilishdan, boshqalarga zarar berishdan voz kechib, foydali va xayrli ishlarga kirishadi.
4. Zakot, boylarning juda katta mablag‘lar yig‘ib, kambag‘allarning iqtisodiy mahrum bo‘lishlari natijasida yuzaga keladigan to‘ntarish kabi tartibsizliklardan jamiyatni himoya qiladi. Agar boylar Alloh taoloning: "Ular mol-mulklaridan so‘raguvchi va (mol-davlatdan) mahrum kishilar uchun ma’lum haq (ya’ni, zakot) bergan zotlardir", (Maorij, 24-25 oyatlari mazmuni) degan amriga quloq solsalar, kambag‘allar ham boylarning mollarida o‘zlarinipg hissalari borligini his qila olsalar, bu hol jamiyatdagi turli falokatlarning oldini olishga, faqirlar boylarning mol-mulkini ko‘paytirishda ularga yordamchi bo‘lishlariga hamda uni o‘z mulkidek himoya qilishlariga sabab bo‘ladi.
5. Zakot ne’matning shukronasidir. Chunki Alloh taolo bandalariga badaniy, moliyaviy ne’matlar bergan. Badan bilan qilinadigan ibodatlar badaniy, mol bilan qilinadigan ibodatlar moliyaviy ne’matlarning shukridir. Shunday ekan, boy-badavlat kishi kambag‘al va daromaвi ozligi tufayli, boshqalarga muhtoj odamlarga qarab, Alloh bergan ne’matlar bilan o‘zini tilanchilikdan, boshйalarga muhtoj bo‘lishdan qutqargan Alloh taologa shukr etib, mulkidan juda ham oz qismini faqirlarga bermasa, U naqadar xasisdir.
6. Zakot farz bo‘lishining boshqa hikmati esa, Alloh yo‘lida kurashayotganlarning kuchlariga kuch qo‘shib va askarlarga yordam bo‘lib, Islomning yoyilishidir. Faqir askar Alloh va vatan yo‘lida o‘zini fido qilgan bo‘lsa, boylarning ham mol-mulkidan bir qismini ularga fido qilishi bundan kam emas. Sanab o‘tilganlardan tashqari zakotning yana bugun insoniyat uchun xayrli va fazilatli hikmatlari mavjud.