OSHIQ POLIZCHI
Yuragimda mani bir dardim
bor-ay, dardim bor,
Mani sevgan go‘zaldan arzim
bor-ey, arzim bor.
qosh-ko‘z suzib nozlanar,
bilmam qachon rozlanar.
Shu go‘zalga bir shirin so‘z
qarzim bor-ay, qarzim bor,
Bakovuling bo‘layin,
Yasovuling bo‘layin.
Alisher FAYZning "Yasovuling bo‘layin" qo‘shig‘idan.
Qo‘ltig‘imda manim zo‘r tarvuzim bor-ay, tarvuzim bor,
ko‘zim ostiga olgan bir qizim bor-ay, bir qizim bor.
Nega ko‘nglim xushlamaydi,
Tarvuzimni ushlamaydi.
Eshit, ey go‘zal, senga aytar
so‘zim bor-ay, so‘zim bor.
Diring, diringing bo‘layin,
Sho‘r bodiringing bo‘layin.
Yag‘ir yelkamga og‘ir yuk ortmagin qo‘y, ortmagin, qo‘y,
Jussamni torozingda ham tortmagin,
qo‘y, tortmagin, qo‘y.
Haddimdan ko‘p oshib qoldim,
O‘zimni xo‘p bosib qoldim.
Pishmagan deb malomat otmagin, qo‘y, otmagin qo‘y.
qo‘lda tovog‘ing bo‘layin,
pishgan qovog‘ing bo‘layin.
O‘rtab nima qilasan axir,
jonim, sabrimni,
O‘zi yetib ortadi rosti, sendan tortgan jabrimni.
Senga yetmay o‘tib ketsam dunyodan, mabodo, sanam,
qora tarvuz po‘choq bilan ko‘m
mayli qabrimni.
Kuydir, o‘chog‘ing bo‘layin,
So‘ydir, pichog‘ing bo‘layin.
Dumalat, koptokeday g‘ildirashi bor, g‘ildirashi bor,
Bilasan, suvining shildirashi bor, shildirashi bor.
Istasang, polizga borgin,
Tanlab-ay, bittasin yorgin.
Xomlay yesang, qorin g‘o‘ldirashi bor, g‘o‘ldirashi bor.
Bo‘ldi, bas, jonga tegmayin,
Men o‘lay tarvuz ekmayin.
Abdurazzoq Obro‘y