Nega endi bugungi kunda musulmonlar ishongan ko‘pgina narsalar islomda nomaqbul bid'at deb rad etilishi kerak? Bir omil, ya'ni xavf-xatardan paydo bo‘lgan aqliy cho‘chishga qarshi odamlarni (muqaddas bitiklarning) mutaassibona va harfxo‘r talqinlar(i)dan chora izlashga undashini yuqorida ko‘rsatib bergan edik. Boshqa bir omil esa vahhobiylik deb atalgan hanbaliyaning yangi va mablag‘i ko‘p mazhabi ta'sirida paydo bo‘lgandir. Uning peshvolari har qanday taraqqiyot ehtimolini rad etishi bilan nom qozongan.
Nima bo‘lganda ham, biz islomning yangilikni tan olish va uni assimilyatsiya qilish qobiliyatini murakkab va klassik yo‘sinda tushunish bilan qurollanibgina musulmon tamadduni qanday qilib yangi muammolar paydo bo‘lishi bilan ularni yechish uchun yangi akademik ilmlarni yaratganini tushunib olishimiz mumkin bo‘ladi.
Yangi ilmlarga xos bo‘lgan islom psixologiyasi, garchi u Qur'onda yashirin va mavhum holda mavjud bo‘lsa-da, islom madaniyatida ilk marta abbosiylar hukmronligining dastlabki davrlarida muayyan sistemaga solindi. Biz Qur'onning "solim qalb"ga erishishga beradigan ahamiyatini hisobga olib, islom psixologiyasining ta'siri ommaviy bo‘lgani va keng tarqalganidan xabar topganda hayratga tushmaymiz. Islom shakllangan dastlabki to‘rt asrda tafsir, hadis, sarfu nahv singari ilmlar borasida buyuk asarlar yaratildi, ulamolar, shuningdek, al-qalb as-solim muammosiga e'tibor qaratdi. Ilk marta Sufyon ibn Uyayna, Sufyon az-Zavriy va Abdulloh ibn al-Muborak singari ko‘plab dastlabki zohidlar tobe'inlardan o‘rnak olishib, butun diqqatini yurakni tozalash san'atiga qaratgani ko‘zga tashlanadi. Ular tavsiya etgan usullarga tez-tez ro‘za tutish, kechalari namoz o‘qish, vaqti-vaqti bilan izdihomdan chekinish va murobata, ya'ni ixtiyoriy jangchilarning Kichik Osiyoning chegarada joylashgan qal'alarida xizmat qilishni o‘z vazifasi deb bilishi kirar edi.