Assalomu alaykum! Hurmatli forumdoshlar, vatandoshlar va dindoshlar!
Bugun islom olamidagi eng katta bayram, Qurbon hayiti kunidir! Melodiy 2013-yil 15-oktabr, xijriy 1434-yil 10-zulxijja. Ushbu muborak bayram bilan, barcha yurtdoshlarimizni va barcha musulmonlarni chin dildan muborakbod etaman! O`zbekiston Respublikasida istiqomat qilayotgan har bir fuqoroni, har qanday sohalardagi mas’ul shaxslarni, diniy va dunyoviy rahbarlarimizni, Prezidentimizdan tortib mana shu vatan taraqqiyoti yo`lida jon kuydirib mehnat qilayotgan barcha zotlarni Qurbon hayiti bilan tabriklayman! Xususan forumimizga tashrif buyurayotgan yuzlab foydalanuvchilarni va boshqa Milliy saytlarimizda faol bo`lgan internet ustalarini ham bayram bilan qutlaymiz! Bu bag’rikenglik bayramidir. Bas shunday ekan, tabriklashda hech kimni quruq qo`ymaymiz. O`zwebiston va mobil internet hodimlari, bu ajib virtual olamda ham xalqimizga ma’naviy ozuqa berishga intilayotgan insonlar, Milliy saytlarimizni rivojlantirishda jonbozlik ko`rsatayotganlar, bularning barchalarini ham bayram bilan tabriklaymiz!
Duolari sababli xalqimiz, el-yurtimiz tinch bo`lgan qariyalarimizni alohida tabriklasak. Erlarini xizmatini qunt bilan ado qilib, farzandlariga yaxshi tarbiya berayotgan onaxonlarimizni ham tabriklaylik. Yaqinda o`z bayramlarini nishonlagan aziz ustozlarimizni tabriklashni ham unutmaylik. Do`st-u birodar, oshna og’a-ini, yaxshimi yomonmi, baribir tabriklaymiz. Bugun ayblarni yuziga soladigan kun emas. Qani, kecha mast bo`lib yurgan odam, uni ham chaqiring. Islomni go`zalligini, bayramlarining ulug’ligini, musulmonlarning bag’rikengligini ko`rib qo`ysin. Hayit namozidagi minglab insonlarning bir maqsad sari saf tortganini ko`rib, kechagi ishlaridan uyalsin. Kecha sizni xaqorat qilgan odamni bugun hayit bilan tabriklang, yuzidagi uyalish va afsuslanishni tomosha qilasiz. Keyin esa, gina saqlamaslik islomning talimoti ekanligini ayting. Ushbu g’animat fursatlardan foydalanib. Ota-onalarimiz, aka-ukalar, qarindoshlar, mahalladoshlar va barcha tanish-u notanishlarni Qurbon hayiti munosabati bilan chin qalbimizdan tabriklaymiz!
Yuqorida sanab o`tilgan hamma insonlarga eng ezgu tilaklarimni izxor qilaman. Bu dunyoda baxtli bo`lsinlar-u, oxiratlari undan go`zal bo`lsin! Jonlari doim salomat bo`lsin-u, ruhlari undan ham pokroq bo`lsin! Hech birlari tavba qilmasdan avval o`lmasinlar! Yo`ldan ozdiruvchi fitnalar, holdan toydiruvchi kasalliklar va dillarni vayron etuvchi farzandlardan omonda bo`lsin. Eng chiroyli xotimaga duch kelsinlar. Butun umr Allohga bandalik qilib, ilohiy muhabbatga duchor bo`lsinlar! Kasblari halollik, amallari yaxshilik, maqsadlari ezgulik, oqibatlari xayrlik bo`lsin. Ushbu tilaklarimga omin degan insonlarga yanada ko`proq narsalarni Alloh ato qilsin!
Har qaysi bayramimizda bir tilagimiz bor, har gal qaytaraveramiz. Butun umr shu tilak bilan o`tamiz. O`zbekistonimiz to qiyomatgacha barqaror bo`lsin! Mustaqilligimiz hamisha xalqimizning yuzida to`lin oydek porlab tursin! Besh kunlik umrimizni yashab bu dunyodan ketamiz, lekin oxirat uchun ekinlarimizni mana shu diyorlarda yashnatdik. Foniy dunyoni u qadar qadrsizlantirmang, aziz dindoshim. Oxiratdagi qarorgohingiz shu foniy dunyoga qarab belgilanadi. Foniyda bo`lmaganingizda boqiyda ham bo`lmasdingiz! Tinchlik-omonlikda yashab, halollik va sofdillik bilan umrguzaronlik qilishimizga sabab bo`lgan vatanimizni yanada taraqqiy topishida xizmat ko`rsatsak va kelajak avlodga ham xuddi shunday baxtni ilinsakgina o`z muqaddas burchimizni ado etgan bo`lamiz
Bu yilgi xaj mavsumi ham o`z nixoyasiga yetdi. Ulug’ farz amalini bajargan baxtli insonlarni ham alohida tabriklab, ibodatlari maqbul bo`lishini tilab qolamiz! Bu bayramning yana bir tuxfasi qurbonlik so`yish hisoblanadi. Ulkan savoblardan umid qilib qurbonlik qilgan birodarlarimizni ham toatlarini Alloh qabul qilsin! Ushbu tabriknomani erinmasdan o`qib chiqqan do`stlarni yana bir bora Iydi Qurbon bilan chin qalbimdan tabriklayman!