- Sen odammisan, yo farishta? -dedi Idris.
- Farishtaman, seni qo‘msar edim, Olloh seni ko‘rgani izn berdi.
- Bu karomatning hurmatidan meni o‘zing Bilan osmonga olib chiqqan, ajoyibotlarni ko‘rayin, toatim yanada ortsin, -dedi Idris.
- Bu ishga erkim yo‘qdir, Ollohdan izn so‘rayin, - dedi farishta. Ruxsat berildi, to‘rtinchi osmonga chiqdilar. Azroilni u yerda ko‘rib:
- Ey jon oluvchi farishta, jon bermaklik achchiqligini eshitganman, jonimni olgil jon bemoqlik achchig‘ini ko‘rib, toatimni Yana ham oshirayin, - dedi.
- Bu ish mening ixtiyorimda emas, Ollohdan izn so‘rayin, - dedi u. Ruxsat bo‘lgach, Idrisning jonini oldilar. Azroil jonni olgach, Olloh taologa yolvordi va tazarru bilan:
- Mening muhabbatim uchun Idrisni tiriltirgin! - dedi. Olloh taolo qudrati Bilan Idrisni tiriltirdi va Idris Azroilga dedi:
- Meni do‘zaxga kiritgil, qo‘rqinchli og‘ir azoblarni ko‘rayin.
- Bu ish mening ihtiyorimda emas, - dedi Azroil va Ollohdan izn so‘radi. Idris do‘zaxga kirdi, uning uqubatlarini ko‘rdi.
- Endi meni jannatga kiritsang, uning ne’matlarini ko‘rsam, - dedi Idris.
- Bu ish mening ihtiyorimda emas, - dedi Azroil va Ollohdan Yana izn so‘radi. Ruxsat bo‘lgach, jannat eshigiga keldilar.
- Kirgil, shart shuki, qaytib chiqqil! - dedi Azroil. Idris bunga ko‘ndi, jannatga kirdi, ne’matlarini ko‘rgach, qaytib chiqishga unamadi. Shartga zid bo‘lmasin, deb hiyla ishlatdi. Oyog‘idagi kovushini bir daraxt ostiga qo‘ydi, keyin chiqdi. So‘ngra: "Kovushimni unutibman-ku" deb oh urdi. Faryod qilib, yana jannatga qaytib kirdi. Azroil bir soat indamadi, ikki soat indamadi, keyin chorlagandi, chiqmadi.
- Nega chiqmayapsan? - dedi Azroil.