MUFID, ash-Shayx Abu Abdulloh Muhammad ibn Muhammad al-Ukbariy al-Horisiy (948 yoki 950-1022) - shialikdagi mashhur ilohiyotchi va faqih, imomiylikning nazariyotchisi va faol targ‘ibotchisi. Otasi Vosit sh.da o‘qituvchi bo‘lgan, uning birinchi laqabi - Ibn al-Mu’allim ("muallimning o‘g‘li") shundan. Bag‘dodda mashhur ilohiyotchi, faqixlardan ta’lim olgan. Mohir suxandon bo‘lgan M. imomiy ilohiyotchilar peshvosiga aylangan. Uning targ‘ibotchilik faoliyati Buvayhiylar rahnamoligida o‘tgan, shu tufayli imomiylar aqidalari Iroqda, ayniqsa Bag‘dodda keng tarqalgan. Bu esa, shialar va sunniylar o‘rtasida qonli to‘qnashuvlarga olib kelgan. Diniy nizolarga barham berish uchun xalifa shialarning g‘oyaviy rahbari M.ni Bag‘doddan badarg‘a qilishga majbur bo‘lgan. M. Bag‘dodda vafot etgan, o‘z hovlisiga dafn etilgan, bir necha yildan so‘ng uning hoki al-Mashhad (al-Kozimayn)ga ko‘chirilgan. Uning qabri hozirgacha ziyoratgoh sanaladi.
M. 200 ga yaqin asar yozgan (shundan 25 tasi saqlangan). Uning bir qancha asarlari imomiylik nazariyasi, ilohiyot va fiqh, Qur’on tafsiri va hadislar, shialar tarixi, imomlar hayoti va b. ga doir.