Bolalar o’yinga shunday berilib ketishgandiki, ular Annaning mehmonxonaga kirib kelganini sezishmadi. U bolalarni birpas kuzatib turdi. «Ular qanday ajoyib», o’yladi u. Nihoyat, u jimlikni buzdi:
- Ey, ikkalangiz, kech bo’ldi. Ertaga shunday kun...
Bu oqshom birinchi marta omad kulib boqayotgandek Mark boshini ko’tardi va iltimos qildi:
- Oyijon, ozgina qoldi. Yana ikki daqiqa, maylimi? Iltimos!
U ukasining qo’llab-quvvatlashini kutib unga qaradi. Demen ayyorona qimtinib, e’tiroz bildirdi:
- Ketdik, Mark. Oyim uxlashimiz lozimligini aytyaptimi, uning gapiga kirish kerak.
Anna kulimsiradi. Mark ham jilmaydi.
- Menda bir fikr bor, - dedi u. - Kel, o’yinchoqlarimizni yig’ishtirmay, shundayligicha qoldiramiz.
Ular kulishdi. Anna bolalarni o’pib, chiroqni o’chirdi va chiqib ketdi. Aka-ukalar esa yog’och zinalar bo’ylab yotoqxonaga ko’tarilishdi.