Makka yaqinidagi shahar kiborlari mashvarat va kengashlar o‘tkazadigan Sho‘ro uyi - Dorunnadva bugun har qachongidan bezovta, besaranjom, tahlikali bir to‘lg‘onish og‘ushida. Amir Hamzaning musulmon bo‘lishi Quraysh akobirlarini sarosimaga solib qo‘ygan. A’yonlar to‘plangan joyda Sho‘ro raisi Abu Sufyonning g‘azabnok va qahrli so‘zlari aks-sado berib yangrayotir:
-Ey ahli Quraysh, qachongacha bu bedodlikka tomoshabin bo‘lib turamiz? Abdulmuttalibning nabirasi o‘zini payg‘ambar sanab, ota-bobolarimizning ming yillik dinini oyoq osti qilishiga qachongacha yo‘l qo‘yib beramiz? Uning kasriga Makkaning va Baytullohning chin egalari qurayshiylar ikkiga bo‘linib ketishdi. Ota-bola, aka-uka bir-biriga dushmanga aylandi. Qabila parokandalikka yuz tutdi. Erta-indin Quraysh o‘z mavqeini yo‘qotib, hamma obro‘-e’tiboridan mahrum bo‘ladi...
Boyadan beri g‘azabidan ko‘karib-bo‘zarib o‘tirgan Abu Jahl raisning gapini sabrsizlarcha bo‘lib, shartta o‘rtaga chiqdi:
-Bas, yetar! Muhammadni yo‘q qilmasak, o‘zimiz mag‘lub bo‘lamiz. Qani,
oralaringda bu ishning uddasidan chiqa oladigan biror mard bormi?
Safning orqa tomonidan: «Bor, mana men uning adabini beradigan», degan hayqiriq yangradi. Otilib chiqqan Umar qilichini shartta qinidan sug‘urib, havoda bir silkidi-da, «Uning jonini mahv eturman», deganday tahdid qildi. Har tarafdan kiborlarning «Yashavor, Xattobning o‘g‘li», «Umarday mardlar - Qurayshning faxri», degan qizg‘in xitoblari eshitildi.
Umar qilichini taqib, Ka’bani tavof qildi, Safo tepaligiga qarab yurdi. Uning maqsadi - janobi Rasulullohni jisman yo‘q qilish, shu tariqa Islomning g‘olibona yurishini to‘xtatib qolish edi. U bu ishni qabila oldidagi burchi deb bilardi. Bo‘linib ketgan Qurayshni birlashtirib, avvalgi mavqeini tiklamoqchi edi.