Kitobda inson kamolotining ruhoniy jihatlarigagina to'xtalib qolinmay, inson turmushining maishiy jihatlarini tashkil etishga doir sog'liqni saqlash, xotirjamlikka erishish, oilani boshqarish, ota-ona haqqini ado etish, sarf-xarajatlar, ehson, isrofgarchilik, idora bobida bildirilgan fikrlar ham amaliy salmog'i va mantiqiy asoslari bilan diqqatni tortadi. Ayniqsa, Alloh ota-onaga osiy bo'lgan bandaning ibodatini qabul qilmasligi borasidagi haqiqatlar kishiga kuchli ta'sir ko'rsatadi. Binobarin, yoshlar ma'naviyatini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Kitobdagi nasihatlar orasidagi haqiqatni anglash, uni bilish uchun nafsni yengish kerakligi borasidagi o'gitlar, ayniqsa, ta'sirli bayon etilgan. Jangdan qaytayotgan Rasululloh (s.a.v.) tomonidan aytilgan: "Biz kichik jihoddan katta jihodga qaytyapmiz", — fikrining sharhi o'quvchiga kuchli ta'sir ko'rsatishi, shubhasizdir. Payg'ambarimiz mushriklarga qarshi urushni katta jihod deganlaridagi teran ma'no bolalar tomonidan anglab olinadigan tarzda bitilgan. Chindan ham odamning nafsi eng qattol dushmandan ham xavfliroq va yovuzroqdir. Dushmanni tashqaridan emas, o'zidan izlamagan va unga qarshi tinimsiz jang qilmagan odamn¬ing komil inson bo'lishi mumkin emas. Insoniy komillik yo'li odamning o’z nafsiga qarshi olib borgan urush yo'lidir. Chunki dushman bilan har zamonda jang qilinsa, nafs bilan tunu kun olishish lozim bo'ladi.
Xullas, kitob o'zbek o'quvchilarining qo'liga yetib borsa, ko'ngillariga ham ko'chib o'tishiga ishonch bor. Chunki u juda ta'sirli va kishini o'ziga rom qilar darajada o'qishli qilib yozilgan. Inshaalloh, ushbu kitob bilan o'quvchi ko'ngli orasidagi masofa qisqa, ularning bir-biriga yaqinlashuvi tez va doimiy bo'lgay!
Pedagogika fanlari doktori, professor
Qozoqboy YO'LDOSHEV
2004-yil 6-may