«Xolam-a ja hazilkash, Evo, hazillashdilar, — dedi. So‘ng menga qarab, shundaymi, xola? Qarang Evo xafa bo‘ldi, ko‘nglini oling».
«Hazil bir yoqda tursin-u, ammo, bu ishda o‘zing hazil qilmagin, o‘g‘lim. Rostdan ham bolaning oti Oltoymi?»
«Oltoy, xola. Yo sizga yoqmadimi?»
«Yoqdi desam, yolg‘on bo‘lsa. Toy deb otning bolasini aytishadi. Qo‘yar ekansiz, hech bo‘lmasa, Qirtoy qo‘ying, el bo‘ladi, otlarning ola-qizil ranglisidan ko‘ra bo‘z bo‘lgani yaxshiroq», dedim. Yigit ham bir oz ranjidi.
Ranjisa ranjisin, menga nima?! Oltoydan ham ism bo‘ladimi? Bugun Oltoy deydi, ertaga Bo‘ztoy, indinga, Xudo bilsin, qanday toy deydi. Bir kun kelib, otlar ham qolib, boshqa hayvonlar xayollariga keladi. Kelinning ismi ham Evo emish. Yetti pushtimda yo‘q. O’zini Istambuldan topib keltiribdi. Opamdan so‘radim, kimlardan dedim, u ham yaxshi bilmaydi. Musulmonmi, boshqami?... Yigit menga bir balolarni tushuntirgan bo‘ldi. Oltoy qaylardagi bir tog‘ning nomi emish, avval bobolarimiz u yerda yashaganmish, qahatchilik, ocharchilik bo‘lgach, bu yerga kelganmish, falon-piston dedi, ammo koshki quloq solsam. Endi navbat tog‘larga kelibdi.
Boshqa bir xotin:
— Bizning bolalar qo‘ygan ismiga aql yetmaydi, singlim. Mening ham ikki nevaram bor. Er-xotin bir bo‘lib, yaxshi ism qo‘yamiz dedilar. Biriga Tongut deyishdi.